Jahon | 22:29 / 19.04.2026
3124
9 daqiqa o‘qiladi

Urushda «tunnel oxiri ko‘rindi» – hafta dayjesti

Hafta davomida Eronda urushni tugatish bo‘yicha hal qiluvchi muzokaralar o‘tkazildi. Trampning aytishicha, «Tehron deyarli hamma shartlarga rozi bo‘lgan». Zelenskiy Ukrainaning yangi qurollarini ko‘rsatdi, Isroil Livan bilan kelishdi. Quyida haftaning muhim voqealarini eslaymiz.

Eron taslimmi?

Haftaning eng muhim voqeasi Amerika va Eron o‘rtasidagi muzokaralar bo‘ldi. Pokiston armiyasi boshlig‘i feldmarshal Asim Munir Eronga Vashington va Tehron muzokaralaridagi vositachi sifatida bordi. Juda obro‘li bu qo‘mondonning tashrifidan keyin muzokaralarda siljish kuzatildi. Tramp Eron u qo‘ygan «deyarli barcha shartlarga roziligi, urush tez orada tugashini» aytdi. Shuningdek, vositachilik uchun arab davlatlari, Pokiston bosh vaziri va feldmarshal Asim Munirga alohida minnatdorlik bildirdi. Xususan, Asim Munirni «fantastik inson» deb atadi.

Trampning bayonotlarida aytilayotgan gaplar rost bo‘lsa, bu amalda Eron taslim bo‘lganini anglatadi. Trampga ko‘ra, Tehron yarim tonnaga yaqin boyitilgan uranni AQShga topshirishga, yadro quroli da’vosidan voz kechishga rozi bo‘libdi. «Eron yadro quroliga ega bo‘lmaslikka rozi bo‘ldi. Ular bizga yadroviy changni topshirishga ko‘ndi», deb yozdi Tramp.

Urush nega boshlandi o‘zi? Amerika Eron yadro quroliga ega bo‘lish arafasida deb hisoblagani uchun. Amerika nega hujum qildi? Eron yadro dasturidan voz kechmagani uchun. Agar Eron Amerika bilan muzokaralarda yadro quroliga ega bo‘lmaslikka roziligini bildirgan bo‘lsa, demak bu Tehron taslim bo‘ldi degani. Chunki Eron Isroil va Amerika bilan oxirgi yillarda aynan shu da’vo sabab urushib kelayotgandi. Lekin o‘sha gap, agar Tramp rost gapirayotgan bo‘lsa.

Qizig‘i, Tramp Eron bilan hech qanday yadroviy kelishuv bo‘lishi haqida ham gapirgani yo‘q. Obama davrida Amerika va Eron yadroviy kelishuv imzolagan, unga ko‘ra, Eron uranni boyitishni to‘xtatgandi. Lekin Tramp o‘sha kelishuvni buzgan. Endi Eron hech qanday kelishuv, hech qanday bitimsiz yillar davomida maxfiy boyitilgan uranni bizga topshirishga rozi deyapti. Balki Eron o‘zida bor uran miqdorini yashira olgandir, balki chindan taslim bo‘layotgandir, buni bir necha yildan keyin bilib olamiz. Lekin hozir Tramp aytayotgan gaplar rost bo‘lib chiqsa, bu amalda oq bayroq ko‘tarish degani.

Sukut namoyishi

Hafta davomida Fransiyada huquq tizimi vakillari yangi islohotdan norozi bo‘lib noodatiy jimlik namoyishi o‘tkazishdi. Yangi qonun loyihasiga ko‘ra, sudyalar gumondor aybini bo‘yniga olsa, ish bo‘yicha birdan hukm chiqarish huquqiga ega bo‘ladi. Advokatlar, huquq faollari esa bunday holatda sudlanuvchi o‘zini to‘liq himoya qilolmaydi, demoqda.

Butun mamlakat bo‘ylab «o‘lik qonunchilik» aksiyalari o‘tkazildi. Bir guruh advokatlar sud binosiga og‘zi bog‘langan ko‘yi borib, hukumat qaroriga norozilik bildirishdi.

Ukrain qurollari

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy mamlakat injyenerlari ishlab chiqarayotgan qurollarni ko‘rsatdi. 56 xil qurolning 7 xili raketa, xususan, olis masofadagi nishonni uradigan raketa, 31 xili turli funksiyadagi dronlar. Shuningdek, Zelenskiy zirhli mashinalar, masofadan boshqariladigan robot qurollar, havo hujumidan mudofaa qurollarini namoyish qildi. Eng kuchli qurol shubhasiz «Flamingo» raketasi. Bu qurol 3 ming kmgacha nishonlarni ura oladi.

Bu ko‘rgazma nimani ifodalaydi deysizmi? SSSRning zax bosgan qurollari bilan urushga kirib, shaharlarini boy bergan bir davlat ko‘z o‘ngimizda dunyo mudofaa sanoati uchun eng muhim davlatlardan biriga aylanayotganini anglatadi! Urush ana shunaqa narsa. O‘rtaga mustaqillik uchun kurash tikilsa, odam beixtiyor donoga aylanadi.

«Real» va «Barsa» «pishdi»

Hafta davomida Yevropa Chempionlar Ligasida yarimfinal juftliklari aniqlandi. Ispaniya grandlari «Barselona» va «Real» chorakfinalda qolib ketdi. Ularning ikkisi ham birinchi o‘yinda yengilib, javob bahsida kambekka umid qilgandi. Lekin remontada bo‘lmadi. «Barselona» Madridda «Atletiko»ni 2:1 hisobida yenggan bo‘lsa-da, birinchi o‘yindagi mag‘lubiyat (0:2) sabab musobaqani tark etdi.

«Real» Myunhenda «Bavariya» mehmoni bo‘lib juda yaxshi o‘yin o‘tkazdi. Biroq Harri Keyn boshchilik «Bavariya» baribir zo‘rlik qildi. O‘yin yakunida Eduardo Kamavinga qizil kartochka olib jamoasini qiyin ahvolda qoldirdi. Chetlatishdan keyin «Bavariya» ikkita gol urib g‘alaba qozondi. Arda Gulerning ikkita, Mbappening bitta ajoyib goli «Real»ga yordam bermadi. Menimcha, hakam Kamavingaga noto‘g‘ri qizil kartochka ko‘rsatdi. Bunaqa darajadagi o‘yinlarni bunday qizillar bilan buzish kerak emas. Lekin bu «Bavariya» g‘alabasiga soya sola olmaydi. Endi final yo‘llanmasi uchun «Bavariya» PSJ bilan, «Atletiko» «Arsenal» bilan o‘ynaydi.

Tramp va Papa tortishuvi

AQSh prezidenti Donald Tramp urushish mumkin bo‘lgan barcha siyosatchilar bilan urushib bo‘ldi va endi boshqa soha vakillariga o‘tmoqda. Hafta davomida Tramp kimsan Rim papasi bilan talashib qoldi. Tarixdagi ilk amerikalik Papa Lev XIV Afrika turnesi chog‘ida «dunyoni vayronaga aylantirayotgan zolimlarni» qoraladi. Tramp esa tanqid o‘ziga qaratilganini sezib Papani «siyosatga aralashmaslikka» chaqirdi.

Tortishuv paytida Tramp o‘zining sun’iy intellektda yasalgan g‘alati suratini e’lon qildi. Unda Tramp, aytishga ham til bormaydi, Iso payg‘ambar ko‘rinishida tasvirlangan. Bizning e’tiqodga ko‘ra payg‘ambarlarni o‘ylab topilgan suratlar bilan ifoydalash katta gunoh, G‘arbda esa Iso payg‘ambarni rasm sifatida ifodalash oddiy hol. Tramp o‘zini o‘shanday suratlardan biridagi Iso payg‘ambarga qiyoslagan. Ko‘p o‘tmay bu surat o‘chirildi, lekin baribir Tramp qilgan ishi dindor nasroniylarning jahlini chiqardi. Bu ketishda Tramp kimlar bilan urushib chiqishini tasavvur qilish qiyin.

Ho‘rmuz blokadasi

Erondagi urushni butun dunyo o‘z tanasida his qildi, chunki dunyo neftining katta qismi Ho‘rmuz bo‘g‘ozidan o‘tadi. Energiya mahsulotlari qimmat bo‘lsa, hamma narsa qimmatlashadi. Urushda Amerika ham, Eron ham bo‘g‘ozdan bosim o‘tkazish uchun foydalandi. Avvaliga Eron uni to‘sdi, keyin kemalardan pul olib o‘tkazdi, keyin Amerika kelib «hech kim bu yerga kirmaydiyam, chiqmaydiyam», dedi.

Va o‘zaro kelishuv fonida Eron yana bo‘g‘ozni ochdi, lekin Amerika blokadani davom ettirarkan. Xullas, ikki davlatning mantiqsiz urushi milliardlab oddiy odamlar hayot tarziga salbiy ta’sir qilmoqda.

Isroil–Livan sulhi

Hafta davomida Livan va Isroil AQShda o‘n kunlik sulh bo‘yicha kelishdi. Ikki davlat 30 yil deganda ilk marta to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokara o‘tkazdi. «Endi ikki davlat chegarasini ikki holatda kesib o‘tish mumkin bo‘ladi: kostyum kiygan holda biznes uchun, cho‘milish kiyimi bilan dam olish uchun», dedi Isroil vakili.

Ikki davlat o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishdi. Lekin bir jihat bor, Isroil Livan bilan emas, «Hizbulloh» bilan urushmoqda. Livan armiyasi Isroilga o‘q uzgani yo‘q. Ikki davlat kelishuviga ko‘ra, Livan «Hizbulloh»ning davlatdagi ta’sirini yo‘qotishi kerak bo‘ladi. Qizig‘i, bu davlat shundog‘am ko‘p yillardan beri «Hizbulloh»dan bezor bo‘lgan. Bu galgi sulhni Eron ham qabul qildi. Tehron hozir sulhlarni qabul qilmaydigan holatda ham emas axir.

Ўткир Жалолхонов
Tayyorlagan Ўткир Жалолхонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid