O‘zbekiston | 13:54
8552
3 daqiqa o‘qiladi

«Tanqidlar o‘rinli». Kudbiyev qimmatbaho soati yuzasidan izoh berdi

U ushbu soat o‘zi uchun juda qadrli ekani, ko‘p narsalarni eslatib turishini qayd etib, shu bilan birga, davlat xizmatchisi kamtar bo‘lishi kerakligi haqidagi fikrlarga qo‘shilgan.

Fotokollaj

Urbanizatsiya va uy-joy bozorini barqaror rivojlantirish milliy qo‘mitasi raisi Sherzod Kudbiyev tadbirkorlar bilan muloqot chog‘ida qimmatbaho soatda ko‘rinish berishi ortidan boshlangan muhokamalarga munosabat bildirdi.

Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari bu soat lyuks model (taxminlarga ko‘ra Vacheron Constantin Overseas yoki Breguet Marine) ekanini va narxi 50 ming dollar turishini taxmin qilishgan. 

Xususan, jurnalist Ilyos Safarov amaldorlarning mol-mulkiga jamoatchilik e’tibori qaratilishi demokratik davlat uchun normal holat ekanini ta’kidlagan. U bunday vaziyatlarda davlat xizmatchilarining sukut saqlashi hokimiyatga bo‘lgan ishonchsizlikni faqat kuchaytirishini qayd etgan.

Shu bilan birga, soat Kudbiyevning 2024 yil dekabr oyida vafot etgan otasi Davlat Kudbiyevdan qolgan meros ekani ham taxmin qilingan.

19 aprel kuni Sherzod Kudbiyev videomurojaat e’lon qildi va unda o‘z izohining kechikishi ish hajmi ko‘pligi hamda «stress» bilan bog‘liqligini aytib o‘tdi.

«Ilyos akam Safarov bir post chiqaribdilar – tahlil, tanqid. Lekin, fikrimcha, juda o‘rinli bo‘lgan… Birinchi navbatda, to‘g‘ri, bu soat menga juda qadrli soat, ko‘p narsani eslatadi. Lekin qanday bo‘lishidan qat’i nazar, davlat xizmatchisi, avvalambor, kamtar bo‘lishi kerak», – deydi u.

Kudbiyev amaldorlar ommaviy tadbirlar va yig‘ilishlarda kasbiy etikaga qat’iy amal qilishi zarurligi haqidagi fikrga qo‘shilgan hamda bo‘lgan voqeadan saboq chiqarganini tan olgan.

«Shuning uchun, ayniqsa, yig‘ilishlarda, mana shunday uchrashuvlarda kasbiy etikaga qat’iy rioya qilib, avvalambor, kamtarlik bilan o‘zining xizmatchi bo‘lganini yana bir bor ko‘rsatib borishi kerak deb o‘ylayman. Bu menga shaxsan katta xulosa bo‘ldi va kelgusida faqat shu yaxshilik yo‘lida, vatanimiz ravnaqi yo‘lida ishlaymiz degan va mana shunga amal qilamiz degan fikrdaman. Katta rahmat hammaga», – deya xulosa qildi u.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish