Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Ukrainadagi urush robotlar va dronlar qarama-qarshiligiga aylanib bormoqda – OAV
Urushdagi ikkala tomon ham dronlardan foydalanishni faol ravishda oshirmoqda, biroq Ukraina nisbatan arzon texnologiyalarni ommaviy qo‘llashga e’tibor qaratmoqda, bu esa odamlar va texnika yetishmovchiligini qoplamoqda.
Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi tobora uchuvchisiz tizimlar - dronlar va yerusti robotlarining qarama-qarshiligiga aylanib bormoqda, bu esa jangovar harakatlar mantiqini o‘zgartirib yubormoqda. Bu haqda The New York Times yozdi.
Ta’kidlanishicha, urushdagi har ikki tomon ham dronlardan foydalanishni faol ravishda oshirmoqda, biroq Ukraina nisbatan arzon texnologiyalarni ommaviy qo‘llashga e’tibor qaratib, odamlar va texnika yetishmovchiligini qoplamoqda. Xususan, dronlar allaqachon frontda muhim rol o‘ynayapti: Ukraina rahbariyatining hisob-kitoblariga ko‘ra, ular frontdagi zarbalarning 80-90 foizini ta’minlaydi.
Shu bilan birga, yangi yo‘nalish - yerusti robotlashtirilgan tizimlari ham rivojlanmoqda. Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina harbiylari allaqachon maxsus operatsiya o‘tkazgan bo‘lib, unda dushman pozitsiyasi faqat dronlar va robotlar yordamida - piyodalar ishtirokisiz va yo‘qotishlarsiz egallangan. Bir necha oy ichida bunday tizimlar 22 mingdan ortiq missiyani amalga oshirdi, bu esa harbiylar uchun xavflarni kamaytiradi, deb yozdi nashr.
NYT ma’lumotlariga ko‘ra, jang maydonida yangi taktika shakllanyapti: havo dronlari razvedka olib boradi va zarba beradi, yerusti robotlari o‘q-dorilarni yetkazib beradi va hujumlarda ishtirok etadi, operatorlar esa bularning barchasini masofadan turib boshqaradi. Bunday model asta-sekin an’anaviy piyodalar hujumi o‘rnini egallayapti.
Maqolada ta’kidlanishicha, Ukraina kamroq resurslarga ega bo‘lishiga qaramay, texnologiyalarni joriy etish tezligi va ularning ommaviyligiga tayanib, tezroq moslasha olgan. Rossiya ham dronlardan, jumladan, Eron ishlanmalaridan faol foydalanyapti va ularning ishlab chiqarilishini ko‘paytiryapti. Natijada, urush tobora texnologik tus olmoqda: asosiy rolni armiyaning soni emas, balki texnologiyalarga kirish, ularni yangilash tezligi va ishlab chiqarishni kengaytirish salohiyati o‘ynayapti.