O‘zbekiston | 17:31 / 20.04.2026
1348
5 daqiqa o‘qiladi

Yoshlarning ehtiyoji va kutilmalari bo‘yicha Milliy yoshlar indeksi tuziladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 20 aprel kuni “Yangi O‘zbekiston yoshlari – 2030” strategiyasi loyihasi yuzasidan taqdimot bilan tanishdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Yig‘ilishda qayd qilinishicha, bugungi kunda aholi 38 millionni tashkil etayotgan bo‘lsa, shundan 9,5 millioni yoki qariyb 25 foizi 14-30 yoshdagi yigit-qizlardir. Har yili 270 mingta yosh oila shakllanmoqda.

Strategiyada yoshlar bandligini ta’minlash va tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash, sifatli va inklyuziv ta’limni rivojlantirish, xorijiy tillarni ommalashtirish va kasbiy ta’limni kengaytirish, mehnat bozorini rag‘batlantirish hamda yosh oilalarni qo‘llab-quvvatlash, madaniy, jismoniy va ma’rifiy rivojlanishni kuchaytirish, volontyorlik harakatini keng yoyish, yoshlar salomatligini mustahkamlash, shuningdek, ochiqlik va ishtirok mexanizmlarini kengaytirish kabi ustuvor yo‘nalishlar belgilangan.

Taqdimotda 2030 yilga qadar erishilishi lozim bo‘lgan asosiy maqsadli ko‘rsatkichlar ko‘rib chiqildi. Xususan, har yili 600 ming nafar yoshning bandligini ta’minlash, 2030 yilga qadar 900 ming yoshni volontyorlikka jalb etish, o‘quv markazlari sonini 90 mingtaga yetkazish, 450 ming nafar yoshning xorijiy tillar bo‘yicha bilimini B2 darajasiga olib chiqish, yoshlar jinoyatchiligini kamaytirish, har yili kamida 10 mingta yosh oilani ipoteka orqali qo‘llab-quvvatlash kabi vazifalar nazarda tutilgan. Ta’lim sohasida yoshlarning sifatli bilim olishi, nodavlat ta’lim xizmatlarini qo‘llab-quvvatlash, chekka hududlarda o‘quv markazlari imkoniyatlarini kengaytirish, xorijiy tillarni o‘rganishni rag‘batlantirish bo‘yicha yangi imtiyozlar nazarda tutilgan.

Jumladan, olis va chekka hududlarda o‘quv markazlarini tashkil etishga 300 million so‘mgacha ssuda ajratish, ular uchun ijtimoiy soliqni va o‘qituvchilarining daromad solig‘ini 1 foiz etib belgilash taklif etildi. Shuningdek, B2 darajaga erishgan yoshlar uchun xorijiy pasport rasmiylashtirish uchun bojni, C1 daraja va tadbirkorlik tashabbuslari uchun ayrim davlat xizmatlari to‘lovlarini 50 foizgacha kamaytirish taklif qilinmoqda.

Ijtimoiy faollikni oshirish maqsadida volontyorlik jamg‘armasidan 100 million so‘mgacha grantlar ajratish, faol yoshlarni davlat tashkilotlarida pullik amaliyotga jalb qilish, ilg‘or ijodkorlar uchun Prezident mukofotini joriy etish, shuningdek, kitob va Book-kafelar joylashgan “Yoshlar ko‘chalari”ni tashkil qilish rejalashtirilgan. Yoshlar infratuzilmasining minimal standartlari belgilanadi, har bir hududdan “yoshlar tuman-shaharlari” tanlab olinib, ushbu standartlarni joriy etish bo‘yicha namuna yaratiladi.

Yoshlar salomatligini mustahkamlash, ruhiy xavf omillarini qisqartirish, psixologik ko‘mak tizimini kuchaytirish masalalari ham strategiyada o‘z aksini topgan. Xususan, ruhiy xavf guruhiga kiruvchi yoshlar ulushini 40 foizga kamaytirish, tunu kun ishlaydigan psixologik aloqa markazini tashkil etish, sport bilan shug‘ullanuvchi yoshlar ulushini 25 foizga oshirish nazarda tutilmoqda.

Yoshlar siyosatida ochiq muloqot va obektiv tahlil tizimini kuchaytirish maqsadida Yoshlar muammolarini o‘rganish va istiqbolli kadrlarni tayyorlash instituti tomonidan yoshlarning ehtiyojlari va kutilmalari yuzasidan ijtimoiy so‘rovlar o‘tkazilib, Milliy yoshlar indeksi tuziladi. Yigit-qizlarning murojaatlari bilan ishlashga ustuvor ahamiyat qaratiladi. Har payshanba yoshlar bilan muloqotlar o‘tkazib boriladi.

Xalqaro hamkorlikni rivojlantirish ham strategiyaning muhim yo‘nalishlaridan biri etib belgilangan.

Shu maqsadda xalqaro forumlar, global tashabbuslar, avlodlar muloqoti, Xalqaro yoshlar kongressi kabi formatlar yo‘lga qo‘yilishi, 12 avgust – Xalqaro yoshlar kuni doirasida yirik tadbirlar o‘tkazilishi, 100 ming nafar o‘zbekistonlik yoshlarning xalqaro dasturlarda ishtirokini ta’minlash rejalashtirilgan. Shuningdek, BMT, Jahon banki, YeTTB kabi tuzilmalar bilan “Junior Professional Officer” dasturi doirasida xalqaro tashkilotlarda amaliyotni tashkil etish ko‘zda tutilgan.

Strategiyani 2026-2027 yillarda amalga oshirish doirasida 7 ta yo‘nalish bo‘yicha 56 ta loyiha amalga oshiriladi. Jumladan, “Yangi avlod tadbirkorlari” dasturida Harvard, Stenford, MIT, London biznes maktabi kabi nufuzli ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda 20 ming yoshni o‘qitish, 1 mingta biznes loyihasini saralab olish va ularga 3 yilgacha muddatga bazaviy hisoblash miqdorining 500 baravarigacha ssuda berish rejalashtirilgan. Yosh tadbirkorlarga muhandislik tarmoqlariga ulanish xarajatlarini qisman qoplash tartibi ham joriy etiladi.

Respublika bo‘yicha “O‘zbekiston yoshlarni sevadi!” loyihasi, “Hayot fest” yoshlar festivali, “Talaba Fest” va “Talaba Expo 2026” kabi tadbirlar o‘tkaziladi, Robototexnika assotsiatsiyasining faoliyati qo‘llab-quvvatlanadi.

Davlat rahbari yoshlar masalasiga doir barcha tashabbus va choralar, eng avvalo, yosh avlodning bilimli, sog‘lom, tashabbuskor va vatanparvar bo‘lib kamol topishiga, ularning hayotda munosib o‘rin egallashiga xizmat qilishi zarurligini ta’kidladi. Strategiyani samarali amalga oshirish bo‘yicha mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berildi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid