Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
“6 oyda dollarda millionerga aylanasiz!” – bu shunchalik osonmi?
Kiberfiribgarlar uchun “qaynoq bozor” bo‘lib qolayotgan O‘zbekistonda Befree nomi ostidagi moliyaviy piramida ishlab kelayotgani ma’lum bo‘ldi. U odamlarga kraudfanding loyiha sifatida tanishtirilmoqda. Befree’da bir necha oyda dollarda millionerga aylanish va’da qilinyapti. Tegishli organlar har doimgi kabi “burni ostida” ro‘y berayotgan moliyaviy piramida targ‘ibotini ko‘rmagan.
Kraudfanding nima?
Kraudfanding – moliyaviy savodxonligi yetarli bo‘lmaganlar uchun biroz tushunarsiz so‘z. Shu sababli Befree ortida turganlar undan ustomonlik bilan foydalanishga harakat qilmoqda.
Kraudfanding jamoaviy pul to‘plash, xalq tomonidan moliyalashtirish degani. Ya’ni ko‘p odamdan kam-kam mablag‘ yig‘ib, biror loyihani amalga oshirish.
Masalan, Ali biror qiziq yoki muhim loyihani amalga oshirmoqchi. Lekin bunga mablag‘i yetarli emas. U g‘oyasini kraudfanding platformasida e’lon qiladi va moddiy yordam so‘raydi. Ushbu loyihaga qiziqqan foydalanuvchilar unga mablag‘ o‘tkazadi. Ali yetarli mablag‘ to‘planganidan so‘ng loyihasini amalga oshirishga kirishadi.
Bunda loyihaga pul tikkanlarga biror daromad va’da qilinmaydi yoki foyda kafolatlanmaydi. Sababi — kraudfanding platformalarda asosan xayriya yordami ko‘rsatish, ijtimoiy loyihalarni qo‘llab-quvvatlash nazarda tutiladi.

Niqob
Befree moliyaviy piramidasi esa o‘zini aynan kraudfanding platformasi sifatida tanishtirib, odamlarni chuv tushirishga harakat qilmoqda.
Befree O‘zbekistonda Telegram’dagi bir nechta yopiq guruhlarda targ‘ib qilib kelingan. Shulardan biri “Omadli milliarderlar” guruhi. Uni Navoiy viloyati Qiziltepa tumanidagi maktablardan birining o‘qituvchisi Umid Abrorov yuritgan.


Guruhda har kuni videochat ko‘rinishida tushuntirish ishlari olib borilgan va bir necha oyda milliarder bo‘lish haqida va’dalar berilgan.
Tuzoq
Befree kraudfanding emas, moliyaviy piramida ekanini anglatuvchi dalillar juda ko‘p. Ularning bir nechtasini sanab o‘tamiz.
Kafolatlangan daromad va’dasi: odatda barcha moliyaviy piramidalarda odamlar katta daromad va’dasi orqali jalb etiladi. Befree’da ham shunday – Every Day va Autohouse nomli ikki dasturda ishlab, bir necha oyda boyib ketish taklif etiladi.
Tizimdan foydalanishdan oldin shaxsiy kabinetni faollashtirish uchun 10 dollar haq olinadi. Ya’ni foydalanuvchi platformada 10 dollar to‘lagan holda ro‘yxatdan o‘tib, dasturlardan birini tanlaydi. Har ikki dastur biznes o‘rin sotib olishdan iborat.
Masalan, Every Day dasturida 15, 30, 75 va 150 dollarlik stollar bor. Narx oshishiga qarab daromad ham ko‘payib borishi ko‘rsatilgan.

Autohouse dasturida esa 300, 900, 2700 hamda 8100 dollarlik stollar taklif etilgan. Bunda stol cho‘qqisidagi odam boshqalarning to‘lagan puli evaziga keyingi darajaga o‘tadi.

Yangi odam jalb qilish: moliyaviy piramida doimiy ravishda yangi ishtirokchilarning mablag‘larini jalb qilish orqali tuzilma a’zolariga daromad to‘lab borish tizimi hisoblanadi. Ya’ni birinchi ishtirokchilarning daromadlari keyingi ishtirokchilar hisobidan to‘lanadi.
Befree ham barcha moliyaviy piramidalarni harakatga keltiruvchi ana shu qonuniyatga asoslangan. Buni platformaning istalgan “biznes stoli” misolida ko‘rish mumkin: pastdagilar tepadagilar uchun to‘laydi.



Aniq loyiha yo‘q: kraudfanding platformalarda biror loyiha nazarda tutiladi. Befree’da esa aniq loyiha, mahsulot yoki xizmatning o‘zi yo‘q. Shunchaki, ma’lum bir darajadagi “biznes o‘rin” sotib olish orqali daromad taklif qilingan. To‘langan pul qayerga ketadi, qanday loyihaga ishlatiladi, qanday shaklda daromadga aylanadi, aniq ko‘rsatilmagan.


“Guruh ichida guruhcha bo‘lgan”
Kun.uz Umid Abror bilan bog‘landi. Aytishicha, u Befree moliyaviy piramida ekanini bilmagan holda uni targ‘ib qilgan.
“Tizim shunday ishlayaptiki, kimdir bo‘lsa, kimgadir bo‘ladi. Mana, ketyapti-ku, deb o‘ylagandim. Ozgina o‘rganganim uchun shu narsani chat qilib, tushuntirdim. 5-6 kishini men chaqirganman, ularning ham odami bor, guruh ichida guruhcha bo‘lgan.
Moliyaviy piramidada to‘planib boradigan pul bor, foiz bor. Bizda shu narsa yo‘q deganlariga ishonganman. Aynan kimnidir orqadan jalb qilganga bu piramida bo‘lmaydi deb o‘qitilganiga shunday deb aytganman. Ishlolmaganlarga pulini o‘zimning hisobimdan qaytarib berganman”, deydi Umid Abrorov.
“Bozor” hamon yopilmadi
Kiberfiribgarlar uchun O‘zbekiston hamon “qaynoq bozor” bo‘lib qolayotgani achinarli. Hatto davlat rahbari darajasida tanqid qilinganiga qaramay, bu yo‘nalishda o‘zgarish sezilmayapti: biri yopilsa, boshqasi paydo bo‘layotgan moliyaviy piramidalar odamlarni chuv tushirishda davom etmoqda.
Masalan, Umid Abrorov bir yildan buyon Telegram’dagi yopiq guruh va kanalida Befree targ‘ibotini faol olib borgan.

Hatto yangi a’zolar topish uchun turli tadbirlar tashkil etgan. Biroq Navoiy viloyati IIB “burni ostida” bo‘layotgan moliyaviy piramida targ‘ibotini negadir ko‘rmagan.
Targ‘ibot uchun jazo kerak
Moliyaviy piramidalarda odamlarni shunga ishontiruvchi targ‘ibotchilar qatlami shakllangan. Ular tushunib yoki tushunmagan holda boshqalarni turli shubhali platformalarga jalb qilib, katta daromad va’da qilishmoqda. Hatto buni kasb qilib olganlar bor.
Biroq moliyaviy piramida palak yozishida katta rol o‘ynaydigan ushbu qatlam oxirida suvdan quruq chiqib ketmoqda. O‘z yolg‘onlari bilan boshqalarning chuv tushib qolishiga sababchi bo‘layotganlarga jazo choralari ko‘rilmas ekan, bu yo‘nalishda targ‘ibot davom etaveradi.
Mavzuga oid
07:58 / 24.03.2026
“Robot sotib ol va boyib ket”: O‘zbekistonda navbatdagi moliyaviy piramida ommalashmoqda
19:24 / 31.01.2026
Ehson ortidagi qopqon – O‘zbekistonda navbatdagi moliyaviy piramida avj ola boshladi
12:11 / 25.01.2026
Tarmoqli marketingmi yo moliyaviy piramida: tuzoqni qanday ajratish mumkin?
21:17 / 23.01.2026