Jahon | 22:20 / 21.04.2026
1906
5 daqiqa o‘qiladi

AQSh–Eron urushi: sulh tugayapti

Sanoqli soatlardan so‘ng AQSh va Eron o‘rtasidagi chalajon sulh muddati tugaydi. Agar sulh uzaytirilmasa va Qo‘shma Shtatlar Eronning energetika infratuzilmasiga zarbalar bersa, mamlakat og‘ir inqirozga yuz tutadi. Boshqa tomondan, Eron ham javoban arab davlatlaridagi strategik nishonlarga zarba berish ehtimoli mavjud. Bu esa mintaqada keng ko‘lamli gumanitar falokat va beqarorlikka olib kelishi mumkin.

Kun.uz'ning “Geosiyosat” dasturida siyosiy tahlilchilar Shuhrat Rasul, Hikmatulla Kazakbayev va Kamoliddin Rabbimov voqealarning ehtimoliy eng yomon ssenariylari haqida so‘z yuritishdi.

Shuhrat Rasul: Katta ehtimol bilan sulh kelishuvi amalda silliq kechmayapti. Chunki Eron tomoni ertaga Islomobodga delegatsiya yuborishdan bosh tortdi. Ularning asosiy e’tirozi shundaki, AQSh blokadani bekor qilmagan. Aynan shu omil vaziyatning keskinlashishiga sabab sifatida ko‘rsatilmoqda. Qolgan masalalar ham mavjud bo‘lsa-da, asosiy urg‘u blokada masalasiga qaratilmoqda.

Biroq bu mojaroning muhim nozik jihatlari ham bor. Masalan, Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi bo‘g‘oz ochilgani haqida bayonot berganidan bir necha soat o‘tib, Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi matbuot kotibi uni mas’uliyatsizlikda ayblab chiqdi. U hatto bunday amaldorlarni javobgarlikka tortish zarurligini ta’kidladi. Bu holat Eron ichida qarama-qarshi pozitsiyalar mavjudligini ko‘rsatadi.

Shuningdek, prezident Mas’ud Pizishkiyon ham avval qo‘shni davlatlardan uzr so‘rab, keyinchalik bu pozitsiyasini qayta ko‘rib chiqqandek taassurot qoldirdi. Umuman olganda, mamlakat ichida muvofiqlashtirilgan yagona siyosiy yo‘nalish yetishmayotgani sezilmoqda.

Shaxsiy kuzatuvlarimga ko‘ra, Eron ichida ikki xil markaz va ikki xil yondashuv shakllangan: bir tomoni muzokaralar va kelishuv tarafdori, ikkinchi tomoni esa ancha keskin va radikal talablarni ilgari surmoqda. Bu radikal pozitsiya, asosan, IIQK doiralariga tegishli bo‘lib, ular davlatning yuqori lavozimli amaldorlarini ham ochiq tanqid qilmoqda. Ehtimol, aynan shu kuchlar rejalashtirilgan uchrashuvning bekor qilinishiga ta’sir ko‘rsatmoqda.

Aroqchining bayonotidan so‘ng 8 ta kema bo‘g‘ozdan o‘tgan, biroq ortga qaytayotgan 4 ta tanker – jumladan Hindiston, Fransiya va Buyuk Britaniyaga tegishli kemalar o‘qqa tutilib, ortga qaytishga majbur qilingan. Ular hatto ruxsat berilganini eslatib, ortga burilish uchun imkon so‘ragan. Bu esa hududda ayrim harbiy bo‘linmalar mustaqil harakat qilayotganini anglatadi.

Agar otashkesim buzilib, to‘qnashuv yana kuchaysa, oqibatlar nihoyatda og‘ir bo‘lishi mumkin. Xususan, 22 aprel kuni Donald Tramp agar kelishuvga erishilmasa, dastlab rejalashtirilgan keskin choralar ko‘rilishini bildirgan edi. Ma’lumotlarga ko‘ra, Eronda 130 ga yaqin issiqlik elektr stansiyasi mavjud bo‘lib, elektr energiyasining qariyb 85 foizi gaz yoqish orqali ishlab chiqariladi, qolgan qismi esa mazut hisobiga ta’minlanadi. Ushbu infratuzilma nishonga olinadigan bo‘lsa, mamlakat energetika tizimi izdan chiqishi mumkin.

Bunday zarbalar xalqaro huquq nuqtayi nazaridan harbiy jinoyat sifatida baholanadi va keng ko‘lamli gumanitar falokatga olib keladi. 90 milliondan ortiq aholi elektr, oziq-ovqat va asosiy yashash vositalaridan mahrum bo‘lishi mumkin. Bu esa ocharchilik xavfini keltirib chiqaradi. Shu bilan birga, Eronning ehtimoliy javobi ham jiddiy xavotir uyg‘otadi. Ayrim ssenariylarga ko‘ra, Eron uchinchi davlatlar infratuzilmasiga zarba berishi mumkin. Xususan, Ko‘rfaz arab davlatlarining suvni chuchitish inshootlariga hujum qilish ehtimoli mavjud. Bu holatda o‘nlab million aholi ichimlik suvsiz qoladi va yana bir gumanitar inqiroz yuzaga keladi.

Umuman olganda, gap yuz millionlab aholiga ta’sir qilishi mumkin bo‘lgan keng ko‘lamli gumanitar falokat haqida bormoqda. Bunday sharoitda har qanday keskin harbiy harakat vaziyatni yanada og‘irlashtiradi. Albatta, Eronning javob qaytarish huquqi mavjud, biroq bu javob xalqaro huquq doirasida bo‘lishi zarur. Aks holda, har ikki tomon ham harbiy jinoyat sodir etgan tarafga aylanadi.

To‘liq suhbatni YouTube'dagi “Geosiyosat | Kun.uz” kanalida tomosha qilishingiz mumkin.

Нормуҳаммадали Абдураҳмонов
Muallif Нормуҳаммадали Абдураҳмонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid