Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
“Shaharlashuv darajasi pastligi – O‘zbekistonning ochilmagan potensiali” - Behzod Hoshimov
Shaharlashuv – O‘zbekiston iqtisodiy taraqqiyotining asosiy drayveri bo‘la oladi. 10-15 million aholimiz qishloqlardan shaharlarga ko‘chishi kerak. Men buni mamlakatimizning hali ochilmagan ulkan salohiyati sifatida ko‘raman, deydi iqtisodchi.
O‘zbekistonda oxirgi yillardagi yuqori iqtisodiy o‘sishda – 2018-2019 yillardagi islohotlar, xususan propiska cheklovlarining olib tashlanishi muhim o‘rin tutadi. Bu haqda Nyu York universiteti professori, iqtisodchi Behzod Hoshimov Kun.uz’ga bergan intervyusida aytib o‘tdi.
“Bugungi farovonligimiz – o‘sha yillarda qilingan islohotlar natijasi. Toshkentda propiska ochilishi milliardlab dollar qiymat yaratdi. Minglab, balki millionlab odamlar poytaxtga kelib, daromadini oshirdi”, – dedi u.
Hoshimovga ko‘ra, islohotlar bu bilan to‘xtab qolmasligi kerak. Chunki shaharlar iqtisodiy o‘sish va boylikning eng muhim manbasi hisoblanadi.
Uning ta’kidlashicha, O‘zbekiston hanuzgacha yetarlicha shaharlashmagan mamlakat bo‘lib qolmoqda. Aholining katta qismi qishloqlarda yashaydi, holbuki zamonaviy qishloq xo‘jaligida avvalgidek ko‘p ishchi kuchiga ehtiyoj yo‘q.
Professor rivojlangan davlatlarni misol qilib keltirdi. Uning aytishicha, AQSh – dunyodagi eng yirik qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilardan biri bo‘lsa-da, aholining 2 foizidan kamrog‘i bu sohada ishlaydi. Daniyada esa qishloq xo‘jaligida bandlar ulushi 1 foizdan ham kam.
“Bugungi qishloq xo‘jaligi avtomatlashtirilgan. Ekin ekish, hosil yig‘ish, parvarishlash ishlarini texnika va robotlar bajaradi. Eski davrdagidek ko‘p qo‘l mehnati talab qilinmaydi. Shaharlarda esa xizmatlar sohasi uchun ishchi kuchi kerak”, – deydi u.
Hoshimovning fikricha, iqtisodiy boylik manbayi – qishloq aholisining shaharlarga ko‘chib, xizmat ko‘rsatish va sanoat tarmoqlarida ishlashidir. Bu jarayon har bir fuqaroning daromadini oshiradi.
U Xitoy tajribasini misol qilib, mamlakatning keskin boyishida urbanizatsiya hal qiluvchi rol o‘ynaganini qayd etdi.
Iqtisodchi Qozog‘iston bilan solishtirganda ham O‘zbekistonda urbanizatsiya darajasi pastligini aytib, bu – katta ochilmagan salohiyat ekanini ta’kidladi.
“Bizda qishloqda past samaradorlikda ishlayotgan millionlab odamlar bor. Agar ular shaharlarda xizmat ko‘rsatish yoki ishlab chiqarishga o‘tsa, darhol boyiydi. Shu sababli ularga shaharlar qurish, sharoit yaratish kerak”, – deydi Behzod Hoshimov.
Mavzuga oid
17:06 / 18.04.2026
Eron urushi ta’siri va naqdsiz to‘lov mantiqsizliklari - Behzod Hoshimov bilan suhbat
22:25 / 14.04.2026
Urbanizatsiya, kadastr va geodeziya oliygohi ochiladi
19:25 / 14.04.2026
Qurilish sohasida ayrim xodimlar maoshi 3 karra oshiriladi
17:02 / 14.04.2026