Jahon | 23:12 / 21.04.2026
6358
2 daqiqa o‘qiladi

Tramp: Eron bilan sulh uzaytirilmaydi, havo zarbalari qayta boshlanadi

Oq uy rahbari Eron sulh shartlarini buzganini ta’kidladi, ammo bu qanday qoidabuzarliklar ekanini aniqlashtirmadi.

Foto: AP/Vahid Salemi

AQSh prezidenti Donald Tramp muddati tugayotgan AQSh-Eron sulhini uzaytirish niyatida emasligini ma’lum qildi va Eronga havo hujumlarini qayta boshlashga ruxsat berdi. Bu haqda u CNBC efirida ma’lum qildi, deb xabar berdi Reuters.

«Men buni qilishni xohlamayman. Bizda ko‘p vaqt yo‘q», dedi Tramp sulhning ehtimoliy uzaytirilishi haqidagi savolga javoban.

«Men bombardimon bo‘lishini kutyapman, chunki hozir [tomonlarning] kayfiyati shunday deb o‘ylayman. Lekin biz tayyormiz. Armiya jangga intilmoqda», deb qo‘shimcha qildi u.

Tramp, shuningdek, Eron sulh shartlarini buzganini ta’kidladi, ammo bu qanday qoidabuzarliklar ekanini aniqlashtirmadi. Shu bilan birga, u dengiz blokadasini muvaffaqiyatli deb atadi va AQSh «ajoyib kelishuv» tuzish uchun kuchli pozitsiyada ekaniga ishonch bildirdi. Prezident o‘zining asosiy talabi o‘zgarishsiz qolayotganini aytdi – Eron yadro quroli yaratish imkoniyatiga ega bo‘lmasligi kerak.

Eron hukumati rasmiy vakili Fotima Muhojironiy bunga javoban shunday dedi:

«Bizga yana hujum qilishlarini istamaymiz, lekin agar bunday hujumlar sodir bo‘lsa, biz avvalgidan ham qattiqroq javob beramiz».

Tramp tomonidan 7 aprel kuni e’lon qilingan ikki haftalik sulh muddati 22 aprel kuni kechqurun tugaydi. Muzokaralarning ikkinchi bosqichi Pokiston vositachiligida Islomobodda o‘tkazilishi rejalashtirilgan edi, biroq bu shubha ostida qolmoqda.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid