Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Tramp Eron bilan yangi kelishuvga umid qilmoqda
AFP agentligi ma’lumotiga ko‘ra, Amerika delegatsiyasi yaqin orada Eron bilan muzokaralar o‘tkazish uchun Pokistonga jo‘naydi. Uchrashuvda Eron ishtirok etadimi-yo‘qmi, bu borada hozircha aniqlik yo‘q. Donald Tramp esa Eron bilan tuziladigan yangi kelishuv “eskisidan ancha yaxshiroq” bo‘lishini aytdi.
Foto: AP
Amerika delegatsiyasi Eron bilan rejalashtirilgan muzokaralar navbati uchun tez orada Pokistonga jo‘naydi. Bu haqda 20 aprel, dushanba kuni — AQSh va Isroilning Eronga qarshi urushida e’lon qilingan ikki haftalik sulh tugashiga ikki kun qolganida AFP agentligi Vashingtondagi xabardor manbalarga tayanib xabar berdi.
O‘z navbatida, AQSh prezidenti Donald Tramp New York Post gazetasiga vitse-prezident Jyey Di Vens boshchiligidagi amerikalik muzokarachilar allaqachon yo‘lga chiqqanini aytgan. Shuningdek, u Truth Social’dagi yangi postida Eron bilan tuziladigan yangi bitim 2015 yilda Tehron bilan erishilgan xalqaro kelishuvdan “ancha yaxshiroq” bo‘lishiga ishonch bildirgan.
Shu bilan birga, AFP qayd etishicha, Islomoboddagi muzokaralarda Eron ishtirok etadimi-yo‘qmi, bu masalada noaniqlik saqlanib qolmoqda. “Muzokaralarning ikkinchi bosqichi bo‘yicha rejalarimiz yo‘q, ammo bu masala hali uzil-kesil hal etilmagan”, — dedi Eron TIV vakili Ismoil Baqoiy. U AQShni “diplomatiyaga jiddiy yondashmayotganlikda” ayblab, “AQSh tomonidan sulh rejimi ochiqcha buzilganini” ta’kidladi. Baqoiy bunda AQShning Eron yuk kemasiga hujumi va Eron portlari qamali davom etayotganini misol qildi.
Donald Trampning so‘zlariga ko‘ra, sulhni uzaytirish “deyarli mumkin emas”. AQSh prezidenti 20 aprel kuni Eronga agar sulh muddati yangi kelishuvsiz tugasa, yana bir bor ommaviy hujumlar bilan tahdid qildi. Uning aytishicha, Oq uy Tehronga “adolatli va oqilona bitim” taklif qilmoqda. “Ular bu taklifni qabul qilishiga umid qilaman, aks holda AQSh Erondagi har bir elektr stansiyasi va har bir ko‘prikni ishdan chiqaradi”, — deya qo‘shimcha qilgan Tramp.
Eron esa avvalroq AQSh mamlakat portlarini Ho‘rmuz bo‘g‘ozida qamal qilishda davom etayotgan bir paytda Pokistondagi muzokaralarda qatnashishni rejalashtirmayotganini bildirgan edi. Pokistondagi uchrashuvdan keyin tomonlar vositachilar orqali muloqotni davom ettirgan, ammo Eron tomoni fikricha, AQShning “haddan tashqari talablari va ortiqcha da’volari” tufayli muloqot boshi berk ko‘chaga kirib qolgan.
Vashington va Tehron o‘rtasidagi muzokaralarning birinchi bosqichi 11–12 aprel kunlari Islomobodda bo‘lib o‘tgan va u hech qanday natijasiz yakunlangan.
Mavzuga oid
08:49
Oq uyda yangi kadrlar inqirozi: yana bir vazir iste’foga chiqdi
23:37 / 20.04.2026
«Forscha shaxmat Trampga og‘irlik qilyapti» – muzokaralarda mujmallik hukmron
21:10 / 20.04.2026
“Eron asimmetrik urush olib boryapti” - siyosatshunos
21:07 / 20.04.2026