Jamiyat | 15:50
8382
3 daqiqa o‘qiladi

“Uyimiz mehmonlarga to‘lib ketdi” – Kun.uz qahramoni uyiga viloyat hokimi keldi

Kun.uz avvalroq Farg‘ona viloyati Oltiariq tumani Zilol mahallasida yashovchi Ro‘zixon Haydarova va uning turmush o‘rtog‘i G‘ulomjon Haydarov haqida material e’lon qilgandi. Ro‘zixon opaning aytishicha, videolavhadan so‘ng ko‘plab o‘zbekistonliklar oila holidan xabar olishga kelishgan. Ular orasida viloyat hokimi Xayrullo Bozorov ham bor. U xonadonda bo‘lib, uyni ta’mirlash va yangi imoratni bitkazish berish bo‘yicha mas’ullarga topshiriq bergan.

“Hokimning uyimizga kelib biz bilan uchrashishi yetti uxlab tushimga ham kirmagandi. Chala qolgan imoratim ham bitadigan bo‘ldi”, – deydi Ro‘zixon opa.

Ro‘zixon opa tarmoqlarda mashhur bo‘lib ketganidan hayratlangani, uyiga viloyat hokimining kelishi esa kutilmagan sovg‘a bo‘lgani haqida so‘zlab berdi:

“Kun.uz’ga qoyil qoldim, rosti. Oilamiz haqidagi lavha butun internetga tarqabdi. Juda ko‘pchilik kelib biz bilan suhbatlashib ketdi. Eng quvonarlisi, uyimizga Xayrullo Bozorov kirib keldi, hayron qoldim. Viloyat kattasi yashash tarzimiz, kunlik qilayotgan mehnatimizni ko‘rib tasannolar aytdi.

Ustalar kelib uyimizni ta’mirdan chiqarib berishdi. Viloyat hokimi hali bitmagan imoratimizning qolgan qismini ham bitkazib berishga va’da berdi. Bundan barchamiz xursand bo‘ldik.

Kuni kecha turmush o‘rtog‘imning tavallud topgan kuni edi. Oltiariq tumani madaniyat bo‘limidan sovg‘a-salomlar bilan kelishib musiqiy chiqishlari bilan tabriklab ketishdi.

Turmush o‘rtog‘im har kuni telefonimga ishora qilib oilamiz haqidagi lavhani qo‘yib bering, deb imo-ishora qilyapti. Videoni qayta-qayta ko‘rib quvongandan quvonyapti. Tovuqlarim ham mashhur bo‘lib ketdi. Tuxumidan sotasizmi, deb keluvchilar ko‘paydi”, – deydi Ro‘zixon opa.

Сарвар Зияев
Muallif Сарвар Зияев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid