O‘zbekiston | 10:12
817
2 daqiqa o‘qiladi

Noqonuniy qimmatbaho toshlar aylanmasi uchun javobgarlik belgilandi

O‘zbekistonda qimmatbaho metallar va toshlarni qonunga xilof ravishda olish yoki o‘tkazish uchun ma’muriy va jinoiy javobgarlik belgilandi.

Foto: REUTERS

Yangi qonun (O‘RQ–1138-son, 2026 yil 21 aprel) bilan ayrim qonun hujjatlariga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.

Jinoyat kodeksiga kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, qimmatbaho metallar va (yoki) qimmatbaho toshlarni noqonuniy ravishda olish yoki o‘tkazish, agar bunday harakatlar uchun avval ma’muriy jazo qo‘llanilgan bo‘lsa, jinoiy javobgarlikka sabab bo‘ladi.

Shuningdek, Jinoyat kodeksining VIII bo‘limiga “qimmatbaho metallar” va “qimmatbaho toshlar” atamalarining huquqiy ta’rifi kiritildi.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra esa, qimmatbaho metallar va toshlarni qonunga xilof ravishda olish yoki o‘tkazish holatlarida ular musodara qilinib, 15 sutkagacha ma’muriy qamoq jazosi qo‘llanilishi mumkin.

Ma’muriy qamoq qo‘llanishi mumkin bo‘lmagan shaxslarga esa bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravaridan 20 baravarigacha jarima belgilanadi.

Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kirdi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid