O‘zbekiston | 22:00 / 23.04.2026
1168
2 daqiqa o‘qiladi

Prezident Toshkentdagi Bog‘imaydon mahallasida bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi

1987 yilda tashkil etilgan ushbu mahallada hozir 41 ta ko‘p qavatli uy, 1 ming 990 ta xonadon mavjud bo‘lib, qariyb 5,5 ming nafar aholi istiqomat qiladi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Shavkat Mirziyoyev 23 aprel kuni Toshkent shahri, Mirzo Ulug‘bek tumanidagi Bog‘imaydon mahallasida amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi.

1987 yilda tashkil etilgan ushbu mahallada hozir 41 ta ko‘p qavatli uy, 1 ming 990 ta xonadon mavjud bo‘lib, qariyb 5,5 ming nafar aholi istiqomat qiladi.

Hududda aholi uchun zamonaviy infratuzilma yaratilgan. Xususan, bu yerda 20 ta bolalar o‘yingohi, 11 ta vorkaut maydonchasi, 3 ta mini-futbol maydoni va tennis korti tashkil etilgan. 2 ta maktabgacha ta’lim tashkiloti qariyb 500 nafar bolani qamrab olgan.

Mahallada iqtisodiy faollikni oshirish va aholi bandligini ta’minlashga ham alohida e’tibor qaratilgan. Bugun bu yerda 70 dan ziyod tadbirkorlik sub’yekti faoliyat yuritmoqda. Mahalladagi 1 ming 48 nafar yoshdan 949 nafarining bandligi ta’minlangan.

Hududda 2022 yilda ekobog‘ tashkil etilgan. “Nuroniylar maskani” ham faoliyat ko‘rsatmoqda.

Davlat rahbari mahallada xavfsiz muhitni ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar taqdimoti bilan tanishdi. Bugun turar joylar kirish qismlari kuzatuv kameralari va qo‘riqlash pultlari bilan jihozlangan. Hududga kirib-chiquvchi shaxslar va avtotransport vositalari zamonaviy texnologiyalar asosida nazorat qilib borilmoqda.

Prezident aholi uchun yaratilgan sharoitlarni ko‘zdan kechirib, mahalla oqsoqollari va faollari bilan muloqot qildi. Obod va fayzli mahalla jamiyat tayanchi ekanini ta’kidlab, tinchlik, hamjihatlik va ijtimoiy birdamlikni mustahkamlash doimo ustuvor vazifa bo‘lib qolishini qayd etdi.

Davlat rahbari mahallada tashkil etilgan sumalak saylida ishtirok etib, mahalla ahli va bolalar bilan suhbatlashdi. Shuningdek, sport maydonchasida mashg‘ulot olib borayotgan yoshlar bilan uchrashib, jismoniy tarbiya va sog‘lom turmush tarzining barkamol shaxs bo‘lib voyaga yetishdagi ahamiyatiga alohida to‘xtaldi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid