Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Fransiya yadroviy “soyaboni”ni NATO sharqiy qanotiga kengaytirishi mumkin
Fransiya Varshava bilan NATOning sharqiy qanoti - Boltiq dengizi va Polshaning shimoliy hududlari ustida Rafale ko‘p maqsadli qiruvchilari ishtirokida qo‘shma mashqlar o‘tkazishni rejalashtirmoqda, deb yozadi WP Wiadomości. Rafale samolyotlari yadroviy kallaklarni olib yura oladi.
Fransiya NATOning sharqiy qanoti — Boltiq dengizi va Polshaning shimoliy mintaqalari ustida Polsha bilan birgalikda harbiy-havo kuchlari mashqlarini o‘tkazishni rejalashtirmoqda. Mashqlarda yadroviy kallaklar va ASMP taktik qanotli raketalari bilan jihozlangan Rafale ko‘p maqsadli qiruvchilari ishtirok etishi ko‘zda tutilgan.
Mashqlar davomida, jumladan, Rossiya va Belarus hududidagi nishonlarga zarbalar berish imitatsiyasi ishlab chiqilishi kerak. Bu haqda 23 aprel, payshanba kuni WP Wiadomości nashri xabar berdi.
Nashr ma’lumotiga ko‘ra, gap “Fransiya yadroviy soyabonini Kremlning tajovuzkor siyosati tahdidi ostidagi mamlakatlarga kengaytirish elementi” haqida bormoqda.
Fransiya prezidenti Emmanuel Makron 2 mart kuni Brest g‘arbiy port shahri yaqinidagi Long orolida joylashgan atom suvosti kemalari harbiy bazasidagi chiqishida Fransiya yadroviy arsenalini oshirishini va kallaklar soni haqidagi ma’lumotlarni e’lon qilishni to‘xtatishini bildirgan edi.
WP Wiadomości ta’kidlashicha, Fransiya prezidentining 20 aprelda yakunlangan Polshaga tashrifi va bosh vazir Donald Tusk bilan uchrashuvlaridan so‘ng ikki davlat o‘rtasidagi harbiy hamkorlik amaliy jihatdan yangi bosqichga chiqishi kerak.
Polsha uchuvchilari uzoq masofali razvedka va nishonlarni aniqlash, shuningdek oddiy qurollar bilan zarba berish bilan shug‘ullanadi. Bu, avvalo, F-16 Fighting Falcon qiruvchilaridan uchiriladigan AGM-158 JASSM-ER qanotli raketalariga taalluqli.
Jurnalistlar ta’kidlashicha, ushbu raketalar shartli ravishda Sankt-Peterburg hududidagi “yuqori qiymatga ega nishonlar”ga yo‘naltirilishi taxmin qilinmoqda.
Polsha harbiy-havo kuchlari aniqlagan nishonlarga zarbalarni ASMP yadroviy kallakli raketalari bilan jihozlangan Fransiyaning Rafale B qiruvchilari amalga oshiradi.
Nashrga ko‘ra, Rafale B samolyotlari Budapesht — Kaliningrad yo‘nalishi bo‘yicha parvoz qilib, Rossiya va Belarus hududidagi nishonlarga zarba berishni mashq qilishi mumkin.
Yadroviy quroldan foydalanish yoki foydalanmaslik bo‘yicha qarorni har doim faqat Fransiya prezidenti qabul qiladi. Varshava rasmiylari bunga ta’sir ko‘rsata olmaydi, deb yozadi nashr.
WP Wiadomości ma’lumotiga ko‘ra, ushbu yo‘nalishdagi Polsha—Fransiya hamkorligi NATOning byurokratik tizimidan tashqariga chiqarilgan.
Qo‘shma tartib-taomillarni ishlab chiqish himoya bo‘yicha qarorlarni ancha tezroq qabul qilish imkonini beradi.
Polsha—Fransiya mashqlari ssenariylari Rossiya hujumi ehtimoliga qarshi qo‘shimcha reja hisoblanadi. Ular Shimoliy Atlantika shartnomasining 5-moddasi qo‘llangan taqdirda uzoq muhokamalar natijasida faollashtirilishi shart bo‘lmaydi. Shu tariqa, ancha tezkor harakat qilish mumkin bo‘ladi, deya qayd etadi nashr.
WP Wiadomości nashri ta’kidlashicha, yadroviy kallakli raketalar bilan jihozlangan samolyotlar ishtirokidagi qo‘shma mashqlar mintaqada kuchlar muvozanatining keskin o‘zgarishini anglatadi.
Hozirgacha aynan Rossiya “Zapad” mashqlari doirasida Polshaga yadroviy zarbalar berish ssenariylarini kiritib kelgan. NATO esa bunday mashq variantlarini o‘tkazmagan.
Avvalroq Fransiya prezidenti yadroviy doktrinada e’lon qilingan o‘zgarishlar AQSh va Buyuk Britaniya vakillari bilan muhokama qilinganini bildirgan edi. Bu davlatlar ham yadroviy arsenalga ega.
2 mart kungi chiqishida Emmanuel Makron yadroviy qurol bilan jihozlangan fransuz samolyotlarini ittifoqchi mamlakatlarda vaqtincha joylashtirishga ruxsat berishini ma’lum qilgan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bu borada Buyuk Britaniya, Germaniya, Polsha, Niderlandiya, Belgiya, Gretsiya, Shvetsiya va Daniya bilan muzokaralar olib borilmoqda.
Shu bilan birga, Fransiya yadroviy qurolidan foydalanishi haqidagi qarorni faqat Fransiya rahbari qabul qiladi, deya ta’kidlagan Makron.
Mavzuga oid
10:15 / 08.06.2026
O‘zbekiston NATO sherik davlatlari kunida ishtirok etdi
08:50 / 08.06.2026
SIPRI: dunyoda yadroviy qurollar soni yana o‘sishi mumkin
22:20 / 06.06.2026
NATO Ukrainaga 70 mlrd yevrolik harbiy yordam ajratish masalasini muhokama qilmoqda – OAV
21:10 / 31.05.2026