O‘zbekiston | 14:22
4447
2 daqiqa o‘qiladi

Namangan shahri sobiq hokimi ustidan sud boshlandi

Namangan shahri sobiq hokimi Anvar Otaxo‘jayev 60 ming dollar pora olishda gumonlanib ushlangandi. U va yana 5 kishi firibgarlik, pora olish, mansab soxtakorligi va boshqa jinoyatlarni sodir etishda ayblanmoqda.

Foto: Namangan viloyati hokimligi

JIB O‘zbekiston tuman sudida Namangan shahri sobiq hokimi Anvar Otaxo‘jayev va boshqalarga oid jinoyat ishi bo‘yicha sud majlislari boshlandi. Bu haqda Farg‘ona viloyati sudlari axborot xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, 6 nafar sudlanuvchining (barchasi erkak) 3 nafariga nisbatan qamoqqa olish, 3 nafariga esa munosib xulq-atvorda bo‘lish tarzidagi ehtiyot choralari qo‘llangan.

Dastlabki tergov organi ayblov xulosasiga ko‘ra, sudlanuvchilar Jinoyat kodeksining quyidagi moddalari bo‘yicha ayblanmoqda:

  • 167-modda (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish);
  • 168-modda (firibgarlik);
  • 205-modda (hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish);
  • 206-modda (hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish);
  • 209-modda (mansab soxtakorligi);
  • 28,209-modda (mansab soxtakorligida ishtirokchilik);
  • 210-modda (pora olish);
  • 28,211-modda (pora berishda ishtirokchilik);
  • 212-modda (pora olish-berishda vositachilik qilish).

Anvar Otaxo‘jayev tezkor tadbirda qo‘lga olingani haqida 2025 yil sentabr oyida xabar berilgandi.

Anvar Otaxo‘jayev Namangan shahar hokimi lavozimiga 2023 yil dekabrida tayinlangan. U 2019-2023 yillarda Chortoq tumani hokimi bo‘lgan. 

Руслан Сабуров
Tayyorlagan Руслан Сабуров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid