Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Rizo Pahlaviy Berlinda hujumga uchradi
Eronning so‘nggi shohi o‘g‘li va muxolifat vakili Rizo Pahlaviyga Berlinda matbuot anjumanidan keyin qizil suyuqlik sepildi. Siyosatchining matbuot xizmati u jabrlanmaganini ma’lum qildi.
Eronning so‘nggi shohi o‘g‘li va muxolifatning ko‘zga ko‘ringan vakillaridan biri Rizo Pahlaviyga 23 aprel, payshanba kuni Berlinning hukumat kvartalida qizil suyuqlik sepildi.
Siyosatchi Federal matbuot anjumani binosidan ko‘chaga chiqqan paytda uning ortidan bir erkak yaqinlashib, yelkasiga suyuqlik sepgan. Shundan so‘ng hujum qilgan shaxs yerga yotqizilib, politsiya tomonidan qo‘lga olingan. Uning maqsadlari haqida ma’lumot berilmagan.
Hujumdan keyin Rizo Pahlaviy matbuot xizmatining X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida siyosatchi hodisa oqibatida jabrlanmagani va Berlindagi dasturini o‘zgarishsiz davom ettirgani haqida xabar berildi.
Qayd etilishicha, u Bundestag tashqi ishlar qo‘mitasi raisi bilan uchrashgan, Bundestagdagi partiyalararo parlament davra suhbatida ishtirok etgan, minglab eronliklar yig‘ilgan mitingda nutq so‘zlagan, yosh deputatlar guruhi bilan uchrashgan, OAVga bir nechta intervyu bergan hamda Eron diasporasi vakillari bilan muloqot qilgan.
Shoh o‘g‘li e’tibor “har kuni qatllar, qotilliklar, qiynoqlar va zo‘ravonliklarga duch kelayotgan Eron xalqining og‘ir ahvoli”ga qaratilishini istashini bildirgan. Uning vakillari Pahlaviy Berlin politsiyasiga qo‘llab-quvvatlov uchun minnatdorlik bildirishini ham qo‘shimcha qilgan.
Germaniya poytaxtidagi matbuot anjumanida Rizo Pahlaviy, jumladan, Yevropa davlatlari hukumatlarini Eron rejimiga yon bermaslikka chaqirdi.
“Agar siz bu rejim bilan tinchlikka erisha olamiz, deb o‘ylasangiz, qattiq adashasiz. <...> Bu tizim qisqartirilgan shaklda saqlanib qolgan taqdirda ham barqarorlik hech qachon bo‘lmaydi”, — dedi u.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Yevropa “barchaga xavf solayotgan o‘lib borayotgan rejim” va “erkin Eron” o‘rtasida tanlov qarshisida turibdi. Tehrondagi hokimiyat esa “hech qachon hozirgidek mo‘rt bo‘lmagan”.
“Erkin dunyo nimadir qiladimi yoki bu qonli qatliomni jim kuzatib turaveradimi?” — dedi Eron muxolifati yetakchilaridan biri, mamlakatda so‘nggi ikki hafta ichida 19 nafar siyosiy mahbus qatl etilganini tilga olar ekan.
“Masala o‘zgarishlar bo‘ladimi-yo‘qmi, deganida emas. O‘zgarishlar allaqachon yaqinlashmoqda. Asl savol — G‘arb hamjamiyati shunchaki kuzatishda davom etar ekan, yana qancha eronlik halok bo‘ladi?” — deya Pahlaviy so‘zlarini keltirdi Reuters agentligi.
Mavzuga oid
09:40 / 24.06.2026
AQSh Senati Eronga qarshi urushni tugatish tarafdori
22:21 / 23.06.2026
Tramp Eronning muzlatilgan mablag‘lari faqat oziq-ovqat va dori-darmonga sarflanishini aytdi
09:45 / 23.06.2026
Shveytsariyadagi muzokaralardan so‘ng Eron nefti uchun yo‘l ochildi
22:25 / 22.06.2026