Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Farg‘ona vodiysida yangi elektropoyezd qatnovi yo‘lga qo‘yildi
Prezident Qo‘qondan Marg‘ilonga yangi elektropoyezdda bordi.
Foto: Prezident matbuot xizmati
Farg‘ona vodiysida Andijon, Qo‘qon, Marg‘ilon va Namangan shaharlarini bog‘lovchi yangi elektropoyezd qatnovi yo‘lga qo‘yildi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev jamoatchilik vakillari bilan birga ushbu yo‘nalishdagi ilk poyezdda Qo‘qon shahridan Marg‘ilon shahriga keldi.
Mazkur loyiha O‘zbekiston prezidentining 2025 yil 27 dekabrdagi «2030 yilga qadar temiryo‘l transportida mahalliy yo‘nalishlarda yo‘lovchi tashish ko‘rsatkichlarini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori ijrosi doirasida amalga oshirildi.
Loyiha aholi zich yashaydigan Farg‘ona vodiysida transport qatnovini yaxshilash, fuqarolarga qulay, xavfsiz va arzon xizmat ko‘rsatish, yo‘lovchi tashish hajmini oshirishga xizmat qiladi.
324 kilometrlik ushbu temiryo‘l halqasi vodiy viloyatlarini o‘zaro yanada yaqinlashtirib, aholi, tadbirkorlar va sayyohlar uchun yangi imkoniyatlar ochadi.
Yangi poyezd Toshkent yo‘lovchi vagonlarni qurish va ta’mirlash zavodida ishlab chiqarilgan. Olti vagondan iborat, 586 o‘rinli poyezd soatiga 120 kilometrgacha tezlikda harakatlana oladi.
Chipta narxi 15 ming so‘m (Qo‘qon-Marg‘ilon yo‘nalishi) etib belgilangan. Bu avtomobil transportiga nisbatan ancha arzon va qulaydir. Kuniga 1,5 ming, yiliga qariyb 600 ming nafar yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatish imkoniyati hududda iqtisodiy faollikni oshirishga xizmat qiladi.

Vagonlarda iqlim nazorati tizimi va konditsionerlar o‘rnatilgan. Bepul Wi-Fi, gadjetlar uchun USB-portlar mavjud. Nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun maxsus ko‘targichlar, keng joylar va moslashtirilgan hojatxonalar ko‘zda tutilgan. Velosipedlarni tashish uchun mahkamlagichlar yo‘lovchilarning safardan keyin harakatlanish imkoniyatini yanada kengaytiradi.
Vagonlardagi videokuzatuv va zarba kuchini kamaytiruvchi kresh-tizimlar xalqaro xavfsizlik standartlariga mos keladi.
Yo‘l davomida prezident viloyat faollari bilan hududda ro‘y berayotgan o‘zgarishlar haqida suhbatlashdi.

Yangi temiryo‘l halqasi Farg‘ona vodiysining turizm salohiyatini ham yangi bosqichga olib chiqishi ta’kidlandi. Bekatlar atrofida xizmat ko‘rsatish shoxobchalari, mehmonxonalar va umumiy ovqatlanish maskanlarini tashkil etish zarurligi, bu mahalliy aholi uchun qo‘shimcha daromad manbayini yaratishi qayd etildi.

Mavzuga oid
18:37
Shavkat Mirziyoyev Farg‘ona viloyatida qishloq xo‘jaligi va sanoat korxonalari faoliyati bilan tanishdi
17:49 / 24.04.2026
«Go‘sht va kartoshkadan hech qanday muammo bo‘lmasligi kerak» – prezident
16:59 / 24.04.2026
13 ta tuman hokimiga intizomiy chora ko‘riladi
16:21 / 24.04.2026