Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Farg‘ona viloyati boshqarmasi ma’lum qilishicha, fuqarolar M.X., M.X. va K.I. o‘zaro til biriktirib, Telegram ijtimoiy tarmog‘ida turli nomlardagi guruhlar tashkil etgan. Ular mazkur guruhlar orqali 7 ta MChJ nomidan rasmiylashtirilgan xarid cheklari uchun keshbek summalarini onlayn tarzda sotish bilan shug‘ullangan.

Tekshiruvda aniqlanishicha, mazkur MChJ tomonidan hech qanday real moliyaviy operatsiyalar amalga oshirilmagan bo‘lsa-da, go‘yoki 3,3 trln so‘mlik mahsulot va xizmatlar sotilgani haqida soxta elektron hisob-fakturalar rasmiylashtirilgan. Shuningdek, savdodan tushgan mablag‘lar onlayn nazorat-kassa mashinalari orqali kirim qilingani haqida ma’lumotlar shakllantirilib, xarid cheklari tarqatilgan.

Natijada 211 584 nafar fuqaro nomiga Soliq Mobile ilovasi orqali 28,5 mlrd so‘m keshbek hisoblangan. Uning 3,2 mlrd so‘mi to‘lab berilgan bo‘lib, ushbu mablag‘lar budjet mablag‘larini o‘zlashtirish yoki rastrata qilish yo‘li bilan talon-toroj qilingani qayd etilmoqda.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) hamda 228-moddasi (hujjatlarni qalbakilashtirish va ulardan foydalanish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.