Biznes | 23:48 / 27.04.2026
3270
2 daqiqa o‘qiladi

London marafonidagi rekord Adidas aksiyalari narxini oshirdi

Keniyalik sportchi Adidas krossovkasida London marafoni rekordini o‘rnatdi. Ushbu yutuq kompaniya aksiyalariga ijobiy ta’sir qildi.

Foto: REUTERS/Matthew Childs

Keniyalik yuguruvchi Sebastyan Save London marafonida masofani 1 soat 59 daqiqa 30 soniyada bosib o‘tib, yangi jahon rekordini o‘rnatdi. Bu tarixda 2 soatdan kamroq vaqt ichida yakunlangan birinchi rasmiy marafondir.

Ikkinchi o‘rinni efiopiyalik Yomif Kejyelcha (1:59,41) egalladi, ayollar o‘rtasida esa Tigist Assefa rekord (faqat ayollar o‘rtasidagi jahon rekordi) o‘rnatdi - 2:15,41.

Uchala sportchi ham Adidas Adizero Adios Pro Evo 3 rusumli eng yangi krossovkalarda - liniya tarixidagi eng yengil krossovkalarda (o‘rtacha og‘irligi atigi 97 gramm) ishtirok etdi.

G‘alaba fonida Adidas aksiyalari narxi Frankfurt birjasida 1,4-2 foizga ko‘tarilib, taxminan 138 yevroga yetdi. Tahlilchilarning ta’kidlashicha, dunyoning eng nufuzli marafonlaridan birida g‘alaba qozonish nemis kompaniyasi uchun kuchli marketing madadi va yugurish toifasidagi asosiy raqobatchisi Nike ustidan muhim g‘alaba bo‘ldi.

Marafondan keyingi o‘sishga qaramay, 2026 yil boshidan beri Adidas qimmatli qog‘ozlari AQSh yuqori tariflari, geosiyosiy xatarlar va qattiq raqobat tufayli hali ham minus (-18%) holatida qolmoqda.

Mutaxassislar fikriga ko‘ra, bu shunchaki sportchilarning g‘alabasi emas, balki Adidas texnologiyalarining g‘alabasidir.

«Yangi Adios Pro Evo 3 modeli hozirdanoq professional yugurishda yangi standartlarni o‘rnatmoqda», dedi Deutsche Bank tahlilchilari.

Yangi jahon rekordi va Adidas poyabzallaridagi sportchilarning yorqin chiqishi 2026 yilda kompaniyaning bozordagi mavqeini sezilarli darajada mustahkamlashi mumkin.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid