Sog‘lom hayot | 21:00 / 27.04.2026
2636
2 daqiqa o‘qiladi

Olimlar yurak saratonining kam uchrashi sababini aniqladi

Yurakning doimiy harakati (qisqarishi) xavfli kasallikka to‘sqinlik qilishi taxmin etilmoqda.

Foto: Freepik

Olimlar yurak saratonining kam uchrashi sababini uning uzluksiz harakati (qisqarishi) bilan bog‘lamoqda, deb yozdi DW.

Italiyaning Triyest shahridagi Xalqaro genetik muhandislik markazi (ICGEB) tadqiqotchisi Serena Zakkinya boshchiligidagi guruh yurakning doimiy harakati saraton hujayralari rivojlanishiga to‘sqinlik qilishini taxmin etdi.

Tadqiqot davomida olimlar bir nechta sichqonlarga ikkinchi yurakni ko‘chirib o‘tkazdi. Bu yurak qon bilan ta’minlangan bo‘lsa-da, to‘liq ura olmadi va nasos vazifasini bajarmadi. Keyin o‘sma hujayralari hayvonlar tanasiga kiritildi.

Natijada, ura olmaydigan yurak o‘sma hujayralari tomonidan to‘liq shikastlandi, normal ishlaydigan yurak esa saraton kasalligiga chalinmadi.

Olimlar qo‘shimcha tadqiqotlar o‘tkazdi va saraton hujayralariga eng ko‘p ta’sir qiluvchi omilni aniqladilar. Ular yurak to‘qimasini o‘stirdi va hujayralarning bosim va cho‘zilishga reaksiyasini kuzatdi. Ma’lum bo‘lishicha, o‘smalarning rivojlanishiga to‘sqinlik qiluvchi asosiy omil bosimdir.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, bu kashfiyot kelajakda saraton kasalligini davolashning yangi usullarini ishlab chiqishga yo‘l ochishi mumkin. Biroq, bu natijalarni amalda qo‘llash imkoniyati hali to‘liq aniqlanmagan.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid