Jahon | 17:15
1206
2 daqiqa o‘qiladi

Tokioda davlat xizmatchilariga ishda shortik kiyishga ruxsat berildi

Yaponiyaning Tokio shahri hukumati davlat idoralari xodimlari uchun polo ko‘ylaklar, futbolkalar, krossovkalar va ayrim hollarda shortik kabi qulay kiyimlarda ishlashga ruxsat berdi. Maqsad – yozgi issiqda konditsionerlardan kamroq foydalanish orqali energiya sarfini kamaytirish.

Foto: Anadolu/Getty Images

Tokio shahri hukumati davlat xizmatchilariga ishda shortik kiyishni tavsiya qilyapti, deya xabar berdi The Guardian.

Maqsad — elektr energiyasi xarajatlarining yuqoriligi borasidagi xavotirlar ortib borayotgani fonida konditsionerlarga qaramlikni kamaytirish. Rasmiylar «Cool Biz» tashabbusidan ilhomlanishgan. 2005 yilda Yaponiya Atrof-muhit vazirligi tomonidan yo‘lga qo‘yilgan ushbu dastur dastlab davlat xizmatchilariga galstuk va pidjakdan voz kechishni tavsiya etgan, ammo hozirgacha ishxonada shortik kiyishga ruxsat bermagandi.

«Biz qulaylik ustuvor bo‘lgan yengil kiyimlar — polo ko‘ylaklar, futbolkalar, krossovkalar va ayrim hollarda lavozim vazifalariga qarab shortiklar kiyishni tavsiya qilamiz», deya ta’kidlagan Tokio gubernatori Yuriko Koike.

Yaponiya va Osiyoning boshqa davlatlari Yaqin Sharqdagi mojaro tufayli neft narxlarining oshishi va yonilg‘i ta’minotidagi uzilishlardan aziyat chekishyapti. Xususan, Yaponiya import qiladigan neftning qariyb 90 foizi Yaqin Sharqdan keladi va uning katta qismi Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali tashiladi. Janubiy Koreyada ishlatiladigan tabiiy gazning esa qariyb 20 foizi aynan shu yo‘nalish orqali yetkazib beriladi. Ayrim Osiyo mamlakatlari xodimlar uchun masofadan ishlashga ruxsat beryapti yoki ish haftasini qisqartirgan. 

Достон Аҳроров
Tayyorlagan Достон Аҳроров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid