Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Tramp suiqasddan omon chiqdi, yana!
Azizlar, Donald Trampni o‘ldirmoqchi bo‘lishdi, yana! 45 yil avval xuddi shu mehmonxona atrofida prezident Reyganni o‘ldirmoqchi bo‘lishgandi. Jinoyatchi bu ishni qilishi oldidan qarindoshlariga yuborgan xabaridan ma’lum bo‘ladiki, uning nishoni, shubhasiz, Donald Tramp bo‘lgan. Amerika prezidenti dunyoda eng qattiq qo‘riqlanadigan odam hisoblanadi, lekin baribir nimanidir hisobga olishmagan bo‘ladi-da, kechagiga o‘xshagan badkirdorlar jamiyatda qo‘rquv uyg‘otish uchun Amerika prezidentiga suiqasd qilishga urinadi.
Qo‘rquv
Videoni ko‘rgan bo‘lsangiz, jinoyatchi juda tez harakat qilgan. U qurolni qo‘liga ushlagan ko‘yi qo‘riqchilar oldidan katta tezlikda o‘tib ketishga uringan, lekin qo‘lga tushgan. Kadrda qo‘riqchilar o‘zaro gaplashib o‘tirgandek taassurot uyg‘onadi. 31 yoshli Koul Tomas Allenda ichkariga kirish uchun yagona chora tezkor harakat qilish edi, chunki u yolg‘iz harakat qilgan.
Katta ehtimol ichkariga kira olmasligini bilgan Koul qo‘lidagi miltiqdanmi, to‘pponchadanmi, bir necha marta o‘q uzishga ulgurgan. Ichkarida qo‘rquv uyg‘otish uchun shuning o‘zi yetarli edi. Maxfiy xizmat zobitlari jinoyatchining basharasini yerga tekkizgan ko‘yi qo‘liga kishan urgan bir vaqtda mehmonxona ichkarisida yaxshigina sarosima yuzaga kelgandi.
Aytgancha, otishma Vashingtondagi Hilton mehmonxonasida sodir etildi. U yerda Donald Tramp jurnalistlar bilan tantanali kechki ovqatda ishtirok etayotgandi. Ichkarida jurnalistlar, fotograflar juda ko‘p edi, shu uchun kadrdan muammo yo‘q. Eng ko‘p tarqalgan kadrda Maxfiy xizmat zobitlari vitse-prezident Jyey Di Vensni evakuatsiya qilayotgani ko‘rinadi. Ular xuddi yosh bolani tortganday Vensni tortib tashqariga olib chiqib ketishgan.
Donald Tramp esa o‘q ovozini eshitganidan keyin ham o‘zini juda xotirjam tutdi, o‘zining aytishicha, avvaliga bu shunchaki patnis tushib ketganining ovozi deb o‘ylagan ekan. Maxfiy xizmat zobitlari o‘z tanasi bilan prezidentni to‘sib turgach, uni tezda xavfsiz yerga olib ketishadi.
Suiqasdga urinishdan keyin sodir bo‘lgan bir narsaga qoyil qolish kerak. Donald Tramp u bilan kechki ovqatda bo‘lgan jurnalistlarni tezda Oq uyga chaqirib, matbuot anjumani o‘tkazdi. Bu borada Trampga doim qoyil qolganman, istalgan muhim voqea haqida birinchi bo‘lib o‘zi ma’lumot beradi. Mish-mish, uydirma ko‘paymasligining eng to‘g‘ri yo‘li mana shu o‘zi – sen haqingdagi voqea to‘g‘risida birinchi bo‘lib gapirish. Agar Tramp bir-ikki kun ko‘rinmay ketganida uni qo‘rqqan deb o‘ylashlari mumkin edi. Jinoyatchi aslida shuni, Tramp orqali uning tarafdorlarini qo‘rqitishni istagan.
Darvoqe, jinoyatchi haqida allaqachon bir dunyo feyk ma’lumotlar chiqdi: uni go‘yoki sobiq TSAHAL askari deyishdi, ishdan Isroil izini izlashdi, turli xil motivlar o‘ylab topishdi. Menimcha, bu ishda hech qanaqa motiv yo‘q. Shunchaki bir amerikalik axmoq mashhur bo‘lish uchun prezident qatnashayotgan tadbirga qurol bilan bostirib kirdi. Mana, bugun butun dunyo u haqda gapirmoqda. Amerikada bunaqa ruhiy kasallar juda ko‘p. Biri mashhur bo‘laman deb Kennedini o‘ldiradi, biri snayper bilan Trampni otadi, boshqasi Reyganni o‘ldirmoqchi bo‘ladi. Qotillik orqali mashhur bo‘lishga intilish Amerika jamiyatidagi kasallik.
Axmoq jinoyatchi o‘qituvchi ekan. Suiqasdga jazm qilgach, qarindoshlariga bu ishni «Trampning siyosatidan norozi ekani uchun» qilayotganini aytibdi. To‘g‘risi, uning o‘sha xati o‘qib chiqishga ham arzimaydi, unda hech qanaqa siyosiy maqsad bo‘lmagan deb o‘ylayman. Yagona maqsad – mashhur bo‘lish, vikipediyada u haqida katta sahifa ochilishi va sarlavhalarda nomi chiqishi, bo‘ldi! Aynan shunday ekaniga umuman shubha qilmayman. Bir siyosiy rahbarga norozilik bildirmoqchimisan, marhamat, saylovda unga ovoz berma, bunaqa qilib butun jamiyatda qo‘rquv uyg‘otadigan ishni qilish ruhiy kasal, faqat o‘zini va mashhurlikni o‘ylaydigan nokaslarga xos.
Trampning omadi keldi
Amerika prezidentlariga suiqasd qilinishi yangilik emas, lekin Tramp kabi ko‘p suiqasdlardan eson-omon chiqqan prezident bo‘lmasa kerak. Oldingi safar o‘q qulog‘ini silab o‘tgandi, bu gal jinoyatchi ichkariga ham kira olmadi. Va barcha holatlarda suiqasd Trampning obro‘sini oshirishga xizmat qildi xolos. O‘zi siyosiy suiqasd shunaqa, omading kelmasa, yomon tugaydi, omading kelib tirik qolsang, sen qahramonsan!
Mavzuga oid
20:37 / 27.04.2026
Vashingtondagi otishma savollarni ko‘paytirmoqda
08:51 / 27.04.2026
Tramp: eronliklar gaplashishni istasa, oldimizga kelishi yoki qo‘ng‘iroq qilishi mumkin
16:35 / 26.04.2026
Hilton’dagi hujum. Asosiy ma’lumotlar
10:40 / 26.04.2026