Jahon | 20:37 / 27.04.2026
4048
7 daqiqa o‘qiladi

Vashingtondagi otishma savollarni ko‘paytirmoqda

Vashingtondagi hayajonli, dramatik oqshom, Oq uy matbuot kotibining tadbir oldidan otilajak o‘qlarni kutgani hamda o‘q ovozlaridan hayratga tushmagan prezident. Shanba kuni kechqurun yuz bergan Tramp qatnashayotgan tadbirdagi sodda otishma voqeasi rostdan sodir bo‘lganmidi yoki bu Tramp jamoasining navbatdagi sahna ko‘rinishimi? Bu borada savollar ko‘paymoqda.

Ijtimoiy tarmoqlarda 3 kundan beri Vashington Hilton mehmonxonasidagi otishma haqida turli-tuman fikrlar tarqalmoqda. Hech kimga zarar yetmagani va otishmani amalga oshirish rejasi ahmoqona ekani inobatga olinsa, buni Tramp imiji uchun navbatdagi propaganda deb tushunsa bo‘ladi. Lekin bu xulosa uchun hali hech qanday asoslar yo‘q, faqat taxminlar bor.

Keling, shu taxminlarga to‘xtalib o‘tamiz.

Avvalo, Oq uy matbuot kotibi Kerolayn Levit tadbir avvalidan Fox News’ga intervyu berarkan, kecha juda qiziq kechishi, ba’zi o‘qlar otilishi, bu esa klassik Donald Trampni eslatishini aytgan.

Bundan tashqari, o‘q ovozlari eshitilganidan keyin zalga yugurib kirgan xavfsizlik xizmati xodimlari baqirib bu haqida xabar berarkan, yuzlab media vakillari sarosimaga tushadi va stollar ostiga berkina boshlaydi. Buni birozdan keyin sezgan AQSh birinchi xonimi – Melaniya Tramp hamda Oq uy matbuot kotibi Kerolayn Levit ham yuzida qo‘rquv alomatlari bilan stol ostiga yashirinishga urindi. Lekin prezidentning o‘zi u qadar hayratlangani yo‘q, dastlab hattoki tomosha qilib o‘tirdi.

Otishma bo‘layotganini bilgan AQSh Federal tergov byurosi direktori Kash Patelning reaksiyasi ham noodatiy. Amerikadek davlatning milliy xavfsizligini ta’minlash, terrorizm va boshqa xavf-xatarlarga qarshi siyosatning boshida turgan shaxsning prezidentga hujum bo‘layotgan onda bunday bamaylixotir o‘tirishi g‘alati.

Otishmani uyushtirganlikda gumonlanayotgan shaxs – 31 yoshli Koul Tomas Allen. Kaliforniyalik IT sohasi mutaxassisi, uning sinfdoshlari Allenning bosiq va aqlli ekani, qo‘lidan qotillik kelishiga ishonish qiyinligini aytgan.

Biroq eng katta savol shuki – qanday qilib qurollangan shaxs AQSh elitasi va Oq uyga yaqin media olami yig‘ilgan zal yaqinida paydo bo‘ldi? Axir bu Amerika prezidenti, u dunyoda eng qattiq qo‘riqlanadigan shaxslardan biri sanaladi.

Ma’lum bo‘lishicha, gumonlanuvchi shaxs ham Vashington Hilton mehmonxonasida qolgan bo‘lgan va mehmonxona bu yuqori darajadagi tadbir vaqtida ham ishlashni davom ettirgan.

Buyuk Britaniyaning AQShdagi sobiq elchisi va bunday tadbirlarda bir necha bor qatnashgan Kim Darroch BBC’ga bog‘lanarkan, muxbirlar bilan ziyofatlarning xavfsizlik tomonlama sust ekanidan noligan.

“Yomon niyatingiz bo‘lsa va bunday joyga bostirib kirmoqchi bo‘lsangiz, bittagina xavfsizlik chegarasi bor xolos. Undan keyin esa siz prezident o‘tirgan zalda bo‘lasiz”, degan elchi.

Biroq shanba kungi keysda 31 yoshli gumonlanuvchining bu qadar xom reja bilan harakatlanishi ham e’tiborni tortadi. Uning qo‘lidan hech nima kelgani yo‘q, bittagina xavfsizlik xizmati xodimi yengil yaralangan, unga ham allaqachon shifoxonadan javob berilgan.

Otishmadan bir necha soat o‘tib, prezidentning rejalanmagan matbuot brifingini o‘tkazishi alohida mavzu. U hech nimadan qo‘rqmagani, xavfsizlik xizmati xodimlari ajoyib ishlagani va Vashingtondagi bu oqshom juda hayajonli o‘tganini gapirdi.

SBS telekanalining 60 daqiqa ko‘rsatuviga intervyu bergan Tramp esa nima bo‘layotganini ko‘rish uchun xavfsizlik xizmatiga uni zudlik bilan olib ketishlariga ruxsat bermay turgan.

Yana bir muhim nuqta shuki, voqea aynan jurnalistlar bilan kechki yig‘inda sodir bo‘lmoqda. Trampdek odam matbuotni yoqtirmasligi, hurmat qilmasligi hammaga ma’lum. Ikkinchi muddatga saylanganidan beri u matbuot vakillarini davomli masxara qilib keladi, savollariga javob bermaydi yoki gapni olib qochadi. “60 daqiqa” ko‘rsatuvidagi intervyusida ham hozirgi matbuot vakillari Demokratik partiya bilan bir xil ekani, odamlar aqldan ozgan dunyoda yashayotganini aytgan. Trampga ko‘ra, mediada bunday odamlar bo‘lishiga qaramay, Amerikada OAV liberal qolmoqda.

Tramp otishmadan keyingi matbuot brifingidan ham o‘zi va jamoasi, siyosatini olqishlash yo‘lidan foydalandi. Vashington Hilton mehmonxonasi esa chindanam xavfsiz joy emasligini aytib, Oq uydagi o‘zi qurdirayotgan ziyofatlar zali naqadar muhimligini aytib o‘tib ketdi. Prezidentdan keyin so‘zga chiqqan administratsiya vakillari ham Tramp Amerikada keskin o‘zgarishlar qilgani bois ham buni ko‘tara olmayotganlar unga hujum qilayotganini aytib, prezidentga xushomad qilishdi.

Gumonlanuvchi dushanba, 27 aprel kuni birinchi sudga tortiladi. Trampga ko‘ra, yaqin 2-3 kun ichida tafsilotlar yanada aniqlashadi.

Eslatib o‘tamiz, 2024 yil, prezident saylovi oldidan Pensilvaniya shtatida saylovchilar bilan muloqoti chog‘ida Donald Trampning hujumga uchrashi uni g‘alaba tomon yetaklagan voqealardan biri edi. Hattoki, Trampdan nafratlanadigan ba’zi milliarderlar aynan o‘sha otishmada uning harakatlari sabab Tramp tomonga o‘tganini aytgan. Balki Erondagi urushning muvaffaqiyatsizlikka uchrab, Amerika ichkarisida bizga bu urush nega kerak degan kayfiyat urchigan bir onda Tramp imijmeykerlari uning tushib borayotgan avtoritetini tiklash va jamoatchilikda yana qiziqish uyg‘otish maqsadi ortidan buni uyushtirgan bo‘lsa, ajab emas. Lekin bu shunchaki ehtimollar nazariyasi darajasidagi tahlil.

Aytish joizki, otishma uyushtirgan shaxs maqsadi Trampni o‘ldirish ekanini aytmagan, balki uning amaldorlarini nishonga olish niyati borligini qo‘shimcha qilgan.

Шоҳрух Мажидов
Tayyorlagan Шоҳрух Мажидов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid