O‘zbekiston | 19:13 / 29.04.2026
3529
1 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda 12 ta sun’iy ko‘l tashkil etiladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 29 aprel kuni gidroenergetika sohasini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari yuzasidan taqdimot bilan tanishdi. Taqdimotda Toshkent shahri hududidagi daryo va kanallar bo‘ylarini obodonlashtirish, shaharda salqin mikroiqlim yaratish maqsadida sun’iy ko‘l va havzalar barpo etish bo‘yicha ishlar to‘g‘risida ham axborot berildi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Yig‘ilishda qayd qilinishicha, Chirchiq daryosining poytaxt hududidan o‘tuvchi 16 kilometr qismini obodonlashtirish hisobiga 306 gektar yer maydonida “Daryo bo‘yi” loyihasini amalga oshirish ko‘zda tutilgan.

Loyiha doirasida daryo qirg‘oqlarini mustahkamlash, yashil hududlar barpo etish, savdo va xizmat ko‘rsatish obektlarini joylashtirish ishlari amalga oshiriladi. Bektemir kanali bo‘yida 187,3 gektar maydonda “yashil belbog‘” yaratiladi, sayilgohlar barpo etiladi. Piyodalar va veloyo‘laklar, ichki yo‘llar, yoritish tizimlari hamda ko‘priklar quriladi.

Poytaxtda 4 ta sun’iy ko‘l va suv havzalarini tashkil etish loyihasi ham taqdimot qilindi. Prezidentimiz aholi uchun qulay sharoitlar, shaharda salqin mikroiqlim yaratishga bu kamlik qilishini qayd etib, ko‘llar sonini 12 taga yetkazishni topshirdi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid