O‘zbekiston | 12:14
1706
2 daqiqa o‘qiladi

«Elektron retsept» tizimi bekor qilinmaydi – SSV

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi

Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati «Elektron retsept» tizimi bekor qilingani haqida tarqalgan xabarlar yuzasidan munosabat bildirdi.

Bunday xabarlar tarqalishiga Sog‘liqni saqlash vazirligining Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga joylashtirilgan «Elektron retsept» tizimini bosqichma-bosqich joriy etish tartibini o‘z kuchini yo‘qotgan deb topish to‘g‘risidagi buyruq loyihasi asos qilib keltirilgan. 

Vazirlik qayd etishicha, mazkur buyruq loyihasi ijtimoiy tarmoqlarda noto‘g‘ri talqin qilinmoqda.

Sog‘liqni saqlash vazirligining 2025 yil 15 dekabrdagi 25-son buyrug‘ida «Elektron retsept» tizimi asosida beriladigan dori vositalarining ro‘yxati bosqichma-bosqich shakllantirilishi ko‘zda tutilgan.

Ya’ni birinchi bosqichda tizimli ta’sirga ega antibiotiklar, sintetik antibakterial preparatlar hamda gormonal dori vositalari uchun elektron retsept majburiy bo‘lishi belgilangan.

Yangi buyruq loyihasida esa Toshkent shahri hamda tajriba-sinov loyihasi amalga oshirilayotgan 15 ta tuman (shahar)da joylashgan barcha tibbiyot tashkilotlari va dorixonalarda retsept bilan beriladigan dori vositalari elektron retsept tizimiga to‘liq o‘tkazilishi nazarda tutilmoqda (alohida toifadagi kuchli ta’sir qiluvchi moddalar, tarkibida giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar saqlovchi dori vositalari hamda reimbursatsiya dasturi bilan bog‘liq jarayonlar bundan mustasno).

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid