Jahon | 21:58 / 01.05.2026
1657
4 daqiqa o‘qiladi

Eron AQSh bilan tinchlik muzokaralari doirasida yangi taklif yubordi

1 may kuni Eron davlat matbuoti Pokiston vositachiligida AQSh bilan muzokaralar bo‘yicha yangi taklif yuborilganini e’lon qildi. Uning mazmuni haqida hech narsa aytilmagan.

Foto: RIA Novosti

«Payshanba kuni kechqurun Eron AQSh bilan muzokaralarda vositachi sifatida ishtirok etayotgan Pokistonga o‘zining so‘nggi muzokara taklifi matnini taqdim etdi», deb xabar berdi IRNA axborot agentligi.

Yangi taklif nimalarni o‘z ichiga olgani hozircha noma’lum, biroq bu xabar e’lon qilingandan so‘ng, Eronning Ho‘rmuz bo‘g‘ozini yopishi boshlanganidan beri keskin oshgan neftning jahon narxlari pasaydi, deb yozdi Reuters.

Oq uy Eron taklifi haqidagi savollarga javob berishdan bosh tortdi va yopiq diplomatik muzokaralar bo‘yicha izoh bermasligini aytdi.

Eron Tashqi ishlar vazirligi bayonotiga ko‘ra, 1 may kuni mamlakat tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi Saudiya Arabistoni, Qatar, Turkiya, Iroq va Ozarboyjondan bo‘lgan hamkasblari bilan telefon orqali muloqot qilib, «Eronning urushni to‘xtatish bo‘yicha so‘nggi tashabbuslarini» muhokama qilgan.

AQSh va Eron o‘rtasidagi muzokaralarning birinchi bosqichi aprel oyi o‘rtasida bo‘lib o‘tdi va natijasiz yakunlandi. Shundan beri muzokaralar boshi berk ko‘chaga kirib qoldi: AQSh Eron portlariga dengiz blokadasini joriy etdi, Eron esa Ho‘rmuz bo‘g‘ozini to‘sishda davom etdi - urushdan oldin jahon neft va gaz ta’minotining qariyb 20 foizi, shuningdek, boshqa ko‘plab qimmatli kimyoviy mahsulotlar tranziti shu bo‘g‘oz orqali o‘tardi.

O‘t ochishni to‘xtatish tartibi 8 apreldan beri amal qilmoqda, biroq payshanba kuni AQSh prezidenti Donald Trampga Eronni muzokaralar stoliga o‘tirishga majbur qilish uchun yangi harbiy zarbalar rejasi haqida hisobot berilishi kerakligi haqidagi xabarlar jahon neft narxlarining bir muddat to‘rt yillik eng yuqori darajaga ko‘tarilishiga olib keldi.

Reuters agentligining ismini oshkor qilishni istamagan ikki yuqori martabali eronlik manbasiga ko‘ra, Eron havo hujumidan mudofaa tizimlarini shay holatga keltirgan va agar hujum sodir bo‘lsa, ommaviy javob zarbasini berishni rejalashtirmoqda.

Seshanba kuni Tramp Eronning avvalgi taklifidan norozi ekanini, Pokiston esa urushni to‘xtatish bo‘yicha yangi muzokaralar sanasini hali belgilamaganini aytdi.

1 may kuni Tramp yo urushni to‘xtatishi yoki Kongressni 1973 yildagi Harbiy vakolatlar to‘g‘risidagi rezolyutsiyaga muvofiq uni uzaytirishga ishontirishi kerak bo‘lgan rasmiy muddat tugaydi.

1973 yilgi harbiy vakolatlar to‘g‘risidagi rezolyutsiya qonun chiqaruvchilarga harbiy harakatlar boshlangani haqida xabar berilishi kerak bo‘lgan muddatlarni belgilaydi, shuningdek, Kongressning ruxsati bo‘lmagan taqdirda, prezident qachon Amerika qo‘shinlarini mojaro hududidan olib chiqishi kerakligini belgilaydi.

Qonunga ko‘ra, Amerika qo‘shinlari jangovar harakatlarga jalb qilinganidan keyin 48 soat ichida prezident bu haqda Kongressni rasman xabardor qilishi shart. Shu paytdan boshlab, 60 kunlik muddat boshlanadi, agar Kongress urush e’lon qilmasa yoki kuch ishlatishga ruxsat bermasa, u harbiy harakatlarni to‘xtatishi kerak.

Eron bilan urush 28 fevralda boshlandi. Tramp 2 martdagi maktubida Kongress a’zolarini harbiy harakatlar boshlangani haqida rasman xabardor qildi va shu bilan juma kuni tugaydigan 60 kunlik muddatni ishga tushirdi.

Mudofaa vaziri Pit Hegset juma kuni Senatdagi eshituvda so‘zga chiqib, o‘t ochishni to‘xtatish boshlanishi bilan 60 kunlik hisob to‘xtatilganini aytdi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid