Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
O‘zbekiston sun’iy intellekt davriga kiryapti: prezident qanday vazifalarni qo‘ydi?
Shavkat Mirziyoyev sun’iy intellekt va raqamlashtirish yo‘nalishida amalga oshirilayotgan islohotlar hamda kelgusidagi ustuvor vazifalar yuzasidan taqdimot bilan tanishdi.
Foto: Prezident matbuot xizmati
Yig‘ilishda ta’kidlanishicha, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasiga muvofiq, AT xizmatlari va dasturiy mahsulotlar eksportini 5 milliard dollarga yetkazish, sohada 300 ming nafar yoshlarni band qilish hamda BMT Elektron hukumat indeksida yurtimizni dunyoning yetakchi 30 davlati qatoriga kiritish ustuvor vazifalar sifatida belgilangan.
Qayd qilinishicha, hozir sun’iy intellekt yo‘nalishida 100 ga yaqin amaliy loyiha va 200 dan ortiq tajriba-sinov tashabbuslari boshlangan. Jumladan, Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining 3-mis boyitish fabrikasida sun’iy intellekt yordamida ishlab chiqarish zanjirini real vaqt rejimida tahlil qilish yo‘lga qo‘yilgani natijasida energiya sarfi 10 foizga, tannarx 15 foizga qisqargan, mehnat unumdorligi esa 10 foizga oshgan.
Bunday loyihalar samaradorligini ta’minlash uchun 24 million dollarlik GPU-klasterga ega sun’iy intellekt infratuzilmasi ishga tushirilgan. Yil yakunigacha qo‘shimcha hisoblash quvvatlarini kengaytirish uchun yana 45 million dollarlik uskunalarni jalb qilish rejalashtirilgan. Ta’kidlanganidek, endi bu infratuzilmadan to‘g‘ri va samarali foydalanish, uni tarmoqlar kesimida aniq natija beradigan yechimlar bilan bog‘lash muhim ahamiyat kasb etadi.

Shu maqsadda tibbiyot, energetika, transport, bojxona, soliq, qishloq xo‘jaligi va boshqa sohalarga oid 130 dan ziyod ma’lumotlar bazasini tizimlashtirish, ular bilan ishlash muhitini shakllantirish hamda sun’iy intellekt modellarini joriy qilish rejalari ko‘rib chiqildi. Bu orqali davlat xizmatlarida foydalanuvchilarga taqdim etiladigan servislarni kengaytirish, davlat boshqaruvi jarayonlarida tahlil va qaror qabul qilish sifatini oshirish, shuningdek, iqtisodiyot tarmoqlarida xarajatlarni kamaytirish va samaradorlikni yuksaltirish ko‘zda tutilmoqda.
Taqdimotda sun’iy intellekt texnologiyalarini qo‘llashning sohaviy yo‘nalishlariga ham alohida to‘xtalib o‘tildi.
Xususan, sog‘liqni saqlashda insult va ko‘krak bezi saratonini erta aniqlash, tibbiy ko‘rik jarayonlarini avtomatik bayonlashtirish, raqamli tibbiy yordamchi dasturlarni joriy etish; qishloq xo‘jaligida ekinlar hosildorligini prognoz qilish, fitosanitar xavflar bo‘yicha fermerlarning xabardorligini ta’minlash, yaylovlarning holatini monitoringini uyushtirish; transport sohasida yo‘l qoplamalari va temir yo‘l infratuzilmasini monitoringini o‘tkazish, haydovchini xavfli vaziyatlardan ogohlantirish, «aqlli» transport tizimlarini rivojlantirish; qurilish va sanoatda esa qonunbuzarliklarni aniqlash, smeta hujjatlarini ko‘rib chiqish muddatini qisqartirish, videotahlil orqali ishlab chiqarish jarayonlarini nazorat qilish kabi loyihalarni kengaytirish nazarda tutilgan.
Infratuzilmani rivojlantirish bilan birga mahalliy startaplarni qo‘llab-quvvatlash va aholi, ayniqsa, yoshlarning raqamli ko‘nikmalarini shakllantirish masalalari ham muhokama qilindi. Bugungi kunda mamlakatimizda startaplar soni 950 taga yetgan, bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 37,5 foizlik o‘sishni anglatadi. Venchur fondlarning soni 22 taga yetib, ekotizim qiymati esa 4,3 milliard dollar deb baholanmoqda. Startaplarga kiritilgan investitsiyalar hajmi 132 million dollarni tashkil etgani ta’kidlandi.

Joriy yildan boshlab startaplar bo‘yicha Prezident tanlovining mukofot jamg‘armasi AT yo‘nalishida 5 million dollarga oshirilgani, sun’iy intellekt yo‘nalishida esa 1 million dollarlik yangi tanlovlar joriy qilingani ma’lum qilindi. Shuningdek, “President AI Award”ni davlat boshqaruvi, sanoat va tadbirkorlik, sog‘liqni saqlash, ta’lim, “yashil iqtisodiyot” va agrotexnologiyalar kabi 5 yo‘nalishda tashkil etish taklifi bildirildi.
2030 yilgacha axborot texnologiyalari sohasida 300 ming yoshning bandligini ta’minlashga qaratilgan choralar ham ko‘rib chiqildi. Buning uchun hududlarda raqamli ekotizimni kengaytirish, yangi ish o‘rinlari yaratish, eksportbop xizmatlar ko‘lamini oshirish va startaplarning o‘sish nuqtalarini ko‘paytirish zarurligi ta’kidlandi.
Shu munosabat bilan Samarqand, Namangan, Sirdaryo va Buxoroda IT-Parkning yangi filiallari, Nurafshon shahrida esa raqamli R&D markazini tashkil etish bo‘yicha rejalar haqida axborot berildi. Nurafshon shahrida 7,3 gektar maydonda tashkil etiladigan mazkur markaz doirasida 6 ta yuqori texnologiyali laboratoriya, sun’iy intellekt uchun 200 ta GPUli hisoblash markazi, startap kampusi va tijoratlashtirish markazini barpo etish ko‘zda tutilgan. Loyihaning umumiy qiymati 200 million dollarni tashkil etib, uni 2027-2031 yillarda amalga oshirish rejalashtirilgan.
Taqdimotda raqamli ta’limni rivojlantirish masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi.
“5 million sun’iy intellekt yetakchilari” loyihasi doirasida 1 milliondan ortiq boshlang‘ich kurs tinglovchilari, 300 mingdan ziyod o‘rta bosqich tinglovchilari va 1,5 ming professional darajadagi mutaxassis tayyorlangani aytildi. Endi maktablarda sun’iy intellekt va startap xonalarini tashkil etish taklif qilindi.
Shu bilan birga, maktablarda raqamli infratuzilma holati tahlil qilindi. Hozirda 69 foiz maktablarda Wi-Fi zonasi umuman mavjud emasligi, 5 mingta kompyuter sinfi ma’nan eskirgani, 2 mingta maktabda esa bunday xonalar yo‘qligi qayd etildi. Shu bois, 2030 yilgacha 16 mingta kompyuter sinfxonalarini yangilash, maktablarni bepul Wi-Fi nuqtalari bilan ta’minlash va internet tezligini oshirish bo‘yicha aniq choralar ko‘rish zarurligi ta’kidlandi.
Yig‘ilishda mahalliy AT yechimlaridan foydalanishni kengaytirishga ham alohida urg‘u berildi. Davlat ishtirokidagi korxonalar va banklardagi dasturiy mahsulot va axborot texnologiyalari xizmatlarining kamida 45 foizini mahalliylashtirish imkoniyati mavjudligi qayd etildi. Shu munosabat bilan davlat korxonalari va banklar tomonidan AT xizmatlar import qilinishida majburiy tartibda Sanoat kooperatsiyasi va davlat xaridlari agentligi bilan kelishish tizimini joriy qilish, buyurtmalarni IT-Park rezidentlariga yo‘naltirish taklif etildi.
Telekommunikatsiya infratuzilmasi va tartibga solish sohasidagi ishlarga ham to‘xtalib o‘tildi. Taqdimotda telekommunikatsiya bozorini har yili kamida 10 foizga oshirib, joriy yilda 27,5 trillion so‘mga yetkazish rejalari ko‘rib chiqildi.
Kiberxavfsizlikni ta’minlash, davlat axborot tizimlarini integratsiya qilish va raqamli hukumat platformasini mustahkamlash masalalari ham muhokama qilindi. Davlat axborot tizimlarini faqat yagona raqamli hukumat platformasi orqali integratsiya qilish, kiberxavfsizlik ekspertizasidan o‘tmagan tizimlarni raqamli hukumatga ulashni cheklash, shuningdek, axborot xavfsizligini kuchaytirish maqsadida har ikki yilda bir marta to‘liq IT-audit o‘tkazish zarurligi qayd etildi.
Davlat rahbari sun’iy intellekt va raqamlashtirish bugungi kunda faqat texnologik yangilanish emas, balki iqtisodiyot samaradorligi, davlat boshqaruvi sifati, xizmatlar qulayligi, eksport salohiyati va mamlakat raqobatbardoshligini belgilaydigan strategik yo‘nalish ekanini ta’kidladi. Sohadagi ishlarni yangi bosqichga olib chiqish yuzasidan mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berildi.
Mavzuga oid
17:45
Barcha davlat tibbiyot muassasalari bosqichma-bosqich majburiy litsenziyalanadi
18:48 / 30.04.2026
Ekologik nazorat kuchayadi, noyob hududlar muhofazaga olinadi: yangi choralar belgilandi
18:33 / 30.04.2026
Chiqindi poligonlari qisqaradi, qayta ishlash oshadi: yangi rejalar ma’lum qilindi
19:13 / 29.04.2026