O‘zbekiston | 18:00 / 01.05.2026
3521
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda o‘g‘irlangan madaniy boyliklar Yevropadan qaytarildi

O‘zbekistondan noqonuniy olib ketilgan va milodiy II-III asrlarga oid tarixiy boyliklar Yevropaning turli mamlakatlari huquq-tartibot idoralari va olimlari ishtirokida o‘tkazilgan keng ko‘lamli tekshiruv natijasida Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markaziga qaytarildi.

«Dunyo» axborot agentligi xabariga ko‘ra, jumladan, Baqtriya va Kushon imperiyalarining markazi bo‘lgan Markaziy Osiyo mintaqasidan noqonuniy olib chiqilgan artefaktlarning bir qismi Buyuk Britaniya poytaxti politsiyasining San’at va antiqa buyumlar sohasidagi jinoyatlarga qarshi kurashish bo‘limi tomonidan O‘zbekistonning Londondagi elchixonasiga taqdim etilgan. Keyinchalik ular Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyasidan joy oladi.

London politsiyasi detektivi Sofi Xeys taniqli olimlar va rasmiylar yig‘ilishida artefaktlar nafaqat O‘zbekiston, balki butun insoniyat boyligi ekanini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, tergov milliy va xorijiy mutaxassislar, YeXHT va WOSCU ko‘magida olib borilgan.

Jami to‘qqizta eksponat, jumladan, haykallarning boshi va gipsli freska parchalari namoyish etildi. Bu yodgorliklar milodiy II-III asrlardan VII asrlargacha bo‘lgan davrga oid bo‘lib, O‘zbekiston uchun ham, kengroq islom dunyosi uchun ham g‘oyat muhim tarixiy ahamiyatga ega. Ushbu bebaho osori-atiqalarning qaytarilishi nafaqat Yangi O‘zbekistonning yutug‘i, balki tarixiy merosini asrab-avaylashda xalqaro hamkorlik aloqalari natijasidir.

Islom sivilizatsiyasi markazi, bo‘lajak “Sotheby’s” va “Christie’s” auksionlarida ishtirok etish va London san’at galereyalariga borish niyatida ekanini ma’lum qildi. Ushbu tashabbuslar o‘zbek madaniy merosining yangi buyumlarini saqlab qolish va vatanga qaytarish maqsadida sotib olishga qaratilgan.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid