O‘zbekiston | 18:09
3011
3 daqiqa o‘qiladi

Prezident Imom Buxoriy maqbarasini ziyorat qildi

Ma’lumotlarga ko‘ra, qutlug‘ qadamjo ochilganidan so‘ng bir oy ichida Imom Buxoriy maqbarasini 1 milliondan ortiq o‘zbekistonlik va xorijiy fuqarolar ziyorat qildi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev 3 may kuni Samarqandga tashrif buyurdi.

Prezident matbuot xizmatining xabar berishicha, avvalo, Imom Buxoriy majmuasi ziyorat qilindi. Buyuk hadisshunos bobomiz maqbarasida Qur’on tilovat etilib, duo o‘qildi.

Ushbu qutlug‘ qadamjo davlat rahbari tashabbusi bilan Imom Buxoriyning islom olamida tutgan yuksak mavqei, ulkan ma’naviy merosiga munosib tarzda qaytadan bunyod etildi. Ziyoratchilarga har tomonlama qulay sharoit yaratildi. Bu yil Ramazon hayiti arafasida majmua yana ziyoratchilar uchun eshiklarini ochib, 60 mingdan ortiq yurtdoshimiz va xorijlik mehmonlar hayit namozini ushbu qutlug‘ qadamjoda o‘qidilar.

Keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari natijasida Imom Buxoriy majmuasi ilgari bir kunda 12 ming ziyoratchiga xizmat ko‘rsatgan bo‘lsa, bugungi kunda 65 ming nafar ziyoratchini qabul qilish quvvatiga ega.

Ma’lumotlarga ko‘ra, qutlug‘ qadamjo ochilganidan so‘ng bir oy ichida buyuk muhaddis bobomiz maqbarasini 1 milliondan ortiq yurtdoshimiz va xorijiy fuqaro ziyorat qildi.

Shavkat Mirziyoyev majmuaga tashrif buyuruvchilarga yanada qulay sharoitlar yaratish, ibodatlarini ado etishlari, buyuk muhaddis bobomiz merosi bilan yaqindan tanishishlari uchun barcha imkoniyatlarni kengaytirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

Shuningdek, majmuaga avtotransportda keluvchilar uchun to‘xtash joylarini kengaytirish, ziyoratchilar sayr qiladigan hududlarni yanada obod qilish, ularning dam olishi uchun tabiiy va qulay muhit yaratish, bu boradagi ishlarni doimiy tahlil qilib borish, har olti oyda majmuada ziyoratchilar uchun yaratilgan sharoitlarni o‘rganib, qo‘shimcha choralarni belgilab borish muhimligi ta’kidlandi. Butun yurtimizdan imom-xatiblarni majmuaga taklif qilib, malakasini oshirish zarurligi qayd etildi.

Prezident ziyorat madaniyatini yuksaltirish, muqaddas qadamjolar va mozorlarni obod saqlash bo‘yicha tizimli ishlarni yo‘lga qo‘yish, bunday maskanlarda kelib-ketuvchilar uchun munosib sharoit yaratish muhim ekanini, o‘tganlar xotirasiga hurmat ruhini kuchaytirish yosh avlodning o‘zligini anglashi va ma’naviy tarbiyasida muhim omil bo‘lishini ta’kidladi.

Дилшодбек Асқаров
Tayyorlagan Дилшодбек Асқаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid