O‘zbekiston | 20:59 / 05.05.2026
13609
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda 15 ta avtomobil ishtirokida YTH ro‘y berdi

Chevrolet Equinox rulidagi 73 yoshli haydovchi sog‘ligi yomonlashib, boshqaruvni yo‘qotgan.

Foto: Videodan kadr

Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumanida yirik yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi. 

Toshkent shahar IIBB axborot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, 5 may kuni soat 16:25 larda Mirzo Ulug‘bek tumani Mirzo Ulug‘bek ko‘chasida yuz bergan hodisada 15 ta avtomobil ishtirok etgan.

Tarmoqlarda paydo bo‘lgan tasvirlarda Chevrolet Equinox mashinasi katta tezlikda kelib, to‘xtab turgan mashinalarga urilgani va yo‘l chetiga chiqib ketgani ko‘rinadi.

Ma’lum qilinishicha, ushbu avtomobil haydovchisi, 73 yoshli R.K sog‘lig‘i yomonlashgani sabab boshqaruvni yo‘qotgan.

Oqibatda avtomobil svetoforning qizil chirog‘ida to‘xtab turgan bir nechta transport vositalariga urilib, zanjirli to‘qnashuv sodir etgan. Yo‘l-transport hodisasi oqibatida jami 15 ta transport vositasi texnik shikastlangan.

Hodisa oqibatida halok bo‘lganlar yo‘q. Equinox haydovchisi «tos suyagi va chap yelka sinishi, bosh miya yopiq jarohati» tashxisi bilan shifoxonaga yotqizilgan.

Shuningdek, boshqa transport vositalari haydovchilari: 1968 yilda tug‘ilgan S.E., 1971 yilda tug‘ilgan M.A. va 1985 yilda tug‘ilgan S.E. yengil tan jarohati olgan. Ularga shifokorlar tomonidan birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilgan.

Mazkur holat yuzasidan Toshkent shahar IIBB YHXB tomonidan surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid