Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
AQSh va Eron mojaroni to‘xtatish bo‘yicha memorandum imzolashga yaqin - OAV
Memorandum atigi bir sahifadan iboratligi ta’kidlanmoqda. Unga ko‘ra tomonlar harbiy harakatlarni to‘xtatadi, Ho‘rmuz bo‘g‘ozini ochadi va keyinroq Eronning yadroviy dasturi bo‘yicha batafsil muzokaralarga o‘tadi.
Foto: ATTA KENARE / AFP
Oq uy yaqin kelajakda Eron bilan o‘zaro anglashuv memorandumini imzolash orqali urushni yakunlay olishiga ishonmoqda, unga ko‘ra tomonlar harbiy harakatlarni to‘xtatadi, Ho‘rmuz bo‘g‘ozini ochadi va keyinroq Eronning yadroviy dasturi bo‘yicha batafsil muzokaralarga o‘tadi. Buni Vashington va Tehron o‘rtasidagi muzokaralarda vositachilik qilayotgan Pokistondagi manba ham tasdiqladi, deb xabar berdi Axios.
Qayd qilinishicha, memorandum atigi bir sahifadan iborat. AQSh yaqin 48 soat ichida Erondan bir nechta asosiy masalalar bo‘yicha javob kutmoqda. Hozircha hech narsa kelishib olinmagan, ammo manbalarning aytishicha, tomonlar kelishuvga hech qachon bunchalik yaqin bo‘lmagan.
Kelishuvga ko‘ra, Eron uranni boyitishga moratoriy joriy etish majburiyatini oladi, AQSh sanksiyalarni bekor qilishga va Eronning muzlatilgan milliardlab mablag‘larini blokdan chiqarishga rozi bo‘ladi, ikkala tomon ham Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali tranzitga qo‘yilgan cheklovlarni bekor qiladi.
Memorandumda bayon etilgan shartlarning aksariyati yakuniy kelishuvga erishishga bog‘liq bo‘ladi, bu esa urushning qayta boshlanish ehtimoli yoki hozirgi noaniq holatni ochiq qoldiradi, chunki jangovar harakatlar to‘xtatilgan, ammo uzoq muddatli yechim ishlab chiqilmagan.
Axios nashrining eslatishicha, Vashington muzokaralarning oldingi raundlarida va hozirgi urush paytida kelishuvga erishish bo‘yicha bir necha bor optimizmni bildirgan, ammo hozircha bunga erishib bo‘lmadi. Biroq, hozir ikki amerikalik amaldor prezident Trampning Ho‘rmuz bo‘g‘ozida yaqinda e’lon qilingan operatsiyadan voz kechish va mo‘rt sulhni buzishdan qochish qarori muzokaralardagi taraqqiyot natijasi bo‘lganini aytdi.
Shu bilan birga, Oq uy Eron rahbariyati bo‘lingan va uning turli fraksiyalari o‘rtasida konsensusga erishish qiyin bo‘lishi mumkin, deb hisoblaydi. Ba’zi amerikalik amaldorlar dastlabki kelishuvga erishish istiqbollariga hamon shubha bilan qaramoqda.
Nimani kelishib olish ko‘zda tutilmoqda?
Trampning elchilari Stiv Uitkoff va Jared Kushner Eronning bir qancha rasmiylari bilan bevosita va vositachilar orqali 14 banddan iborat o‘zaro anglashuv memorandumini muhokama qilmoqda, deb xabar berdi Axios. Nashrning yozishicha, memorandum mintaqada urush tugaganini va bo‘g‘ozning ochilishi, Eronning yadroviy dasturini cheklash va Tehronga nisbatan AQSh sanksiyalarini bekor qilish bo‘yicha batafsil kelishuv doirasida 30 kunlik muzokaralar davri boshlanganini e’lon qiladi. Bu muzokaralar Islomobod yoki Jyenevada o‘tkazilishi mumkin.
Amerikalik amaldorlardan birining so‘zlariga ko‘ra, ushbu 30 kunlik davrda Eronning bo‘g‘oz orqali kema qatnoviga qo‘yilgan cheklovlari va AQSh dengiz blokadasi bosqichma-bosqich olib tashlanadi.
Agar muzokaralar muvaffaqiyatsizlikka uchrasa, Amerika qo‘shinlari blokadani tiklashi yoki harbiy harakatlarni qayta boshlashi mumkin.
Uranni boyitishga moratoriyning davomiyligi faol muzokaralar mavzusidir: uchta manba uning kamida 12 yil davom etishini, bittasi esa ehtimoliy natija 15 yil bo‘lishini ta’kidlamoqda. Avvalroq Eron boyitishga 5 yillik moratoriy taklif qilgan, AQSh esa 20 yil talab qilgan edi.
AQSh kelishuvga Eronning boyitish shartlarini buzishi moratoriy muddatini uzaytirishi to‘g‘risidagi qoidani kiritmoqchi, dedi manba. Ushbu muddat tugagach, Eron uranni past darajadagi 3,67 foizgacha boyitishi mumkin bo‘ladi.
Memorandumda Eron yadroviy qurol yaratishga intilmasligi, shuningdek, kuchaytirilgan tekshiruvlar rejimiga, jumladan, BMT inspektorlari tomonidan rejadan tashqari tekshiruvlarga rioya qilish majburiyatini oladi. Amerikalik amaldorning so‘zlariga ko‘ra, tomonlar Eron yerosti yadroviy obektlaridan foydalanmaslik majburiyatini olgan bandni muhokama qilmoqda.
Axios, shuningdek, ikki manbaga tayanib, Eron o‘zining yuqori darajada boyitilgan uranini mamlakatdan olib chiqishga rozi bo‘lishini ma’lum qildi. Bu AQSh asosiy talablaridan biri bo‘lib, Tehron ilgari bunga rozi bo‘lmagan. Ehtimol, uran AQShga olib ketiladi.
Memorandum doirasida AQSh Eronga nisbatan joriy etilgan sanksiyalarni bosqichma-bosqich bekor qilish va butun dunyo bo‘ylab muzlatilgan Eronning milliardlab dollar mablag‘larini blokdan chiqarish majburiyatini oladi.
Mavzuga oid
23:45 / 06.05.2026
Eron yana BAAga raketa otdi: Tehron Trampni mensimayaptimi?
19:21 / 06.05.2026
“Nojo‘ya ta’sirlari haqida yetarlicha ogohlantirishmagan” - AQShda “ozdiruvchi vositalar” ustidan shikoyatlar ko‘paydi
09:52 / 06.05.2026
Tramp Ho‘rmuz bo‘g‘ozidagi «Ozodlik loyihasi» to‘xtatilishini ma’lum qildi
08:28 / 06.05.2026