Ta’lim | 17:10
2278
6 daqiqa o‘qiladi

Millatning eng uzun va qorong‘i kechasi haqida bilasizmi? / 5 daqiqa

Qodiriy qatl etilganiga qariyb to‘qson yil bo‘ldi. U “O‘tkan kunlar” romanining davomini oradan yuz yil o‘tib yozdi, desam ishonasizmi? Adabiyotda shunaqasi ham bo‘lib turadi. Faraz qiling, Qodiriyning qo‘lyozmasi - “Yaldo kechasi” topib olindi va uni O‘zbekiston xalq yozuvchisi Xayriddin Sultonov oqqa ko‘chirdi.

Bu tarixiy roman millatning juda uzoq cho‘zilgan qorong‘i kechalari, Turkistonning haqiqiy qayg‘usi haqida hikoya qiladi. 5 daqiqa’ning navbatdagi sonida shu haqida gaplashamiz.

“Yaldo kechasi” adabiy mistifikatsiya usulida yozilgan. Bu shunday uslubki, go‘yoki Abdulla Qodiriy yozishga yoki aytishga ulgurmagan milliy qismat haqidagi hikoya boshqa bir qalam orqali davom ettirilayotgandek taassurot uyg‘otadi.

Qodiriyning asari Otabekning Oq poshsho qo‘shinlariga qarshi kurashda shahid bo‘lishi bilan yakunlanadi.

“Yaldo kechasi”da esa Otabek Qo‘qon xonining norasmiy maslahatchisi sifatida namoyon bo‘ladi. U Markaziy Osiyoning o‘sha paytdagi tumshug‘idan narini ko‘rmay qo‘ygan siyosiy elitasini - xonliklarni birlashtirish, murosa qildirish yo‘lida harakat qilardi. Amiru xonlarimiz esa o‘zaro ziddiyatda, bir-birining go‘shtini yeyishga tayyor, millatning ahvolu sa’jiyasi undan ham ayanchli edi.

Qodiriy milliy fojianing boshlanishini ko‘rsatgan bo‘lsa, Xayriddin Sultonov uning keyingi bosqichlarini - mustamlaka, jadidchilik, ma’rifat kurashi, sovet istibdodi va milliy xotiraning yangi sinovlarini ochib beradi. Shu ma’noda Yodgorbek obrazi Otabekning ma’naviy vorisi sifatida gavdalanadi. Ular orasida qarindoshlikdan ko‘ra g‘oyaviy bog‘liqlik kuchliroq edi. Ikkalasi ham millat taqdiri uchun yashaydigan, zamondan oldin tug‘ilgan insonlar edi.

Yodgorbek yangi uslubdagi “Najot” maktabini quradi. Bu orqali jadidchilik oddiy ta’lim islohoti emas, balki milliy qutqaruv harakati sifatida talqin qilinadi. Muallif maktab qurilishini xuddi muqaddas imorat barpo etilayotgandek tasvirlaydi.

Yodgorbek millatni qutqarishning yagona yo‘li ilm va ong uyg‘onishi ekanini anglaydi. U qurdirgan maktab tasviri orqali muallif ikki qatlam to‘qnashuvini ko‘rsatadi: biri - asrlar davomida qotib qolgan jaholat muhiti, ikkinchisi - yangilanishga intilayotgan milliy tafakkur. Maktab atrofida tarqalgan mish-mishlar, “kofirona dargoh”, “butxona”, “Injil” o‘qitilar ekan” degan to‘hmatlar jamiyatning ma’naviy ahvolini ochib beradi.

Mana shunday og‘ir ijtimoiy muhit ichida ziyoli bo‘lmoq ham azob edi.

Romanda jadidchilik harakati ideallashtirilmaydi. Aksincha, uning qanday azob va qarshiliklar ichida tug‘ilgani ko‘rsatiladi. Yodgorbekning maktab uchun muallim topolmay sarson bo‘lishi, kitob qahatligi, hukumat ruxsatini kutib oylab yurishi - bularning barchasi millat uyg‘onishi qanday og‘riqli jarayon bo‘lganini anglatadi.

“Najot” gazetasi tashkil qilinadi. Matbuot xalqning “ko‘zini ochadigan” kuch sifatida ko‘riladi. Bu jarayon ham tarixdan uzilgan, to‘qimalardan iborat emas. Oq poshshoning ideologlaridan biri, Turkistonning tarixini o‘zicha bichgan Ostroumov janoblari bilan to‘qnashuvlar, matbuotda o‘zlikni anglash yo‘lidagi kurashlar ishonamanki, o‘zini hurmat qilgan biror turkistonlikni befarq qoldirmaydi.

Roman bir necha tuzumlar almashinuvini qamrab oladi. Xonliklar davri, oq poshsho mustamlakasi, Birinchi jahon urushi, inqilob, sho‘rolar hokimiyati, mulklarni musodara qilish, ocharchilik, milliy ozodlik harakatlari - bularning barchasi Otabekning avlodlari orqali ko‘rsatiladi.

Muallif o‘quvchining hissiyotlari bilan jiddiy hazillashgan. Asarni ravon o‘qib kelarkansiz, “mana shu bitiklar o‘chib ketgan ekan”, deydi yozuvchi. Qahramonlar darsliklarimizga kirgan tarixiy shaxslar bilan yonma-yon yashab, ular bilan hamkorlik qila boshlaydi. Tabiiyki, o‘quvchi bu jarayonda dovdirab qoladi, rostdan ham Qodiriy yuz yil keyin qo‘liga qalam oldimi, degan tasavvur ortidan ergashib ketasiz.

“Yaldo kechasi” bir haqiqat haqida o‘ylashga majbur qiladi: millatni bir kunda yemirish mumkin emas, uni asrlar davomida jaholat, qo‘rquv va befarqlik bilan sindirishadi. Uni qayta tiklash esa yanada ko‘proq vaqt talab qiladi.

Asarning ikkinchi qismida Yodgorbekning o‘g‘illari kirib keladi - Ozodbek va Odilbek. Bu yigitlar ochig‘i meni yig‘latdi, ularning biri ozodlik harakatida, biri bosqinchilar orasida yurib o‘zicha kurashdi. Ular haqida to‘liq aytmayman, bu kitobni o‘g‘lingizga o‘qiting, qizingizga o‘qiting, kuchliroq, yaxshiroq insonga aylanishiga ishonaman!

Исомиддин Пулатов
Muallif Исомиддин Пулатов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid