Jamiyat | 10:04
572
2 daqiqa o‘qiladi

Yaponiya viza tartibini buzgan yana bir o‘zbekistonlikni deportatsiya qildi

Yaponiya qisqa muddatli biznes vizasi bilan kelib, mamlakatda noqonuniy qolib ketgan yana bir o‘zbekistonlikni deportatsiya qildi. Aprel oxirida ham ikki o‘zbekistonlik vataniga qaytarib yuborilgandi. Mamlakat elchixonasi fuqarolarni ish borasidagi turli takliflarga ishonib qolmaslikka chaqirdi.

8 may kuni Yaponiya Immigratsiya xizmatlari agentligi mamlakatda noqonuniy ravishda bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarosini deportatsiya qildi.

Yaponiyaning Toshkentdagi elchixonasi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, o‘zbekistonlik fuqaro Yaponiyaga qisqa muddatli biznes vizasi bilan kirib kelgan va ruxsat etilgan bo‘lish muddati tugaganidan keyin ham mamlakatda qolgan.

«„Turizm“, „Biznes“, „Qarindoshlar yoki tanishlarni yo‘qlash“ kabi maqsadlarda beriladigan qisqa muddatli vizalar mehnat faoliyati bilan shug‘ullanish uchun mo‘ljallanmagan. Ushbu viza bilan mamlakatda ishlash va uzoq muddat qolish taqiqlanadi», – deya eslatdi elchixona.

Noqonuniy bo‘lish yoki noqonuniy ishga joylashish holatlari aniqlansa, qoidabuzarlar politsiya tomonidan ushlanadi va hibsga olinadi, shuningdek, Immigratsiya markazida saqlash va deportatsiya qilish kabi qat’iy choralar ko‘riladi. Bundan tashqari, Yaponiya hukumati qoidabuzarlar haqidagi ma’lumotlarni O‘zbekiston hukumatiga taqdim etadi va ular O‘zbekistonga qaytgach, tegishli choralar ko‘rilishi mumkin, deb qayd etdi diplomatik missiya.

«Shu sababli, „Yaponiyada ishlash mumkin“ degan turli takliflarga osongina ishonib qolmaslik uchun ogoh bo‘lishingizni so‘raymiz», – deyiladi elchixona xabarida.

25 aprel kuni ham Yaponiyadan O‘zbekistonning ikki nafar fuqarosi deportatsiya qilingandi. Ularning biri «Talaba» vizasi bilan kelgan, biroq oliy o‘quv yurtidan chetlatilganidan keyin noqonuniy ravishda qolib, qo‘lga olingan. Ikkinchisi esa qisqa muddatli viza bilan kirib kelgan va ruxsat etilgan muddat tugaganidan keyin ham Yaponiyada qolishni davom ettirgan.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid