Jahon | 09:03
2515
4 daqiqa o‘qiladi

Orban himoya qilgan sobiq vazir AQShga qochib ketdi

Polshada bir nechta jinoiy ayblovlar bo‘yicha qidiruvga berilgan sobiq adliya vaziri Zbignev Zyobro unga avval boshpana bergan Vengriyani tark etib, AQShga ketganini ma’lum qildi.

Foto: REUTERS

Bu haqda 10 may kuni Polshaning huquq-konservativ Republika telekanali xabar berdi.

Telekanal efirida chiqqan lavhada Zbignev Zyobro 9 may kuni AQShga yetib kelganini aytgan. Shuningdek, Polshaning TVN24 telekanali siyosatchini Nyuark Liberti aeroportida ko‘rishganini ma’lum qildi. Kanal boshqa yo‘lovchi tomonidan olingani aytilgan aeroportdagi suratni ham e’lon qilgan.

Polsha Bosh prokuraturasi Zyobroning Shengen hududini tark etgani haqidagi xabarlarni tekshirayotganini bildirdi. Idora ma’lumotiga ko‘ra, siyosatchining Polsha pasporti avvalroq olib qo‘yilgan.

Biroq OAVda Zyobro va uning qidiruvdagi o‘rinbosari Marchin Romanovskiy Vengriyada “Jyeneva pasporti” — qochqinlar uchun safar hujjatini olgan bo‘lishi mumkinligi haqida taxminlar paydo bo‘lgan.

Polshaning Onet portali ma’lumotiga ko‘ra, Zyobro AQShga Republika telekanali jurnalisti sifatida ish vizasi bilan kirgan.

Telekanal bu ma’lumotni bilvosita tasdiqlab, qochqin siyosatchini AQShga o‘zining “siyosiy sharhlovchisi” sifatida taklif qilganini bildirgan.

Gazeta Wyborcza gazetasi yozishicha, Zyobro va uning rafiqasiga viza berishni shaxsan Donald Tramp ma’qullagan. Nashrga ko‘ra, Zyobro a’zo bo‘lgan “Huquq va adolat” (PiS) partiyasi Trampning MAGA harakati bilan yaqin aloqalarga ega.

Polsha adliya vaziri Valdemar Jurek Polsha AQSh va Vengriyadan Zyobro qanday qilib amal qiluvchi hujjatlarsiz ikki davlat chegarasini kesib o‘tgani bo‘yicha tushuntirish so‘rashini aytdi.

Uning ta’kidlashicha, Varshava qochqin sobiq vazirni “Polsha adliyasi oldida javobgar qilish” harakatlarini to‘xtatmaydi.

Zyobro esa Republika telekanaliga bergan intervyusida: “Agar ular ekstraditsiya jarayonini boshlamoqchi bo‘lsa — marhamat”, — dedi.

Siyosatchi AQSh sudlari orqali ekstraditsiya jarayoni “murakkab protsedura” ekanini ham ta’kidladi.

Zbignev Zyobro Viktor Orban hukmronligi davrida Vengriyada boshpana topgan yevropalik siyosatchilardan biri hisoblanadi.

Polsha hukumati uni korrupsiya, mablag‘larni talon-toroj qilish va vakolatni suiiste’mol qilishda ayblamoqda.

Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, Zyobro jinoyat qurbonlari uchun mo‘ljallangan maxsus fond mablag‘larini sarflab, Pegasus Isroil josuslik dasturini sotib olgan. Tergovchilar fikricha, ushbu dastur 2015–2023 yillarda Polshada hokimiyatda bo‘lgan PiS partiyasi raqiblarini kuzatish uchun ishlatilgan.

2024 yilda Vengriya Zyobroning o‘rinbosari Marchin Romanovskiyga boshpana bergan. Oradan deyarli bir yil o‘tib, sobiq adliya vaziri ham shu mamlakatda yashiringan.

O‘sha paytda Vengriya bosh vaziri bo‘lgan Viktor Orban va uning hukumati Vengriyaga kelgan amaldorlarga qarshi ta’qiblarni “siyosiy sababli” deb atagan.

2026 yil yanvar oyida Zyobro Vengriyadan boshpana olgani ma’lum bo‘lganida, Orbanning asosiy raqibi Peter Madyar mamlakat “xorijiy jinoyatchilar uchun panohgohga aylanmasligi” uchun kurashishini aytgan edi.

Aprel oyida parlament saylovida g‘alaba qozonganidan keyin Madyar Polshaga qochqin amaldorlarni qaytarish yo‘lini topishini yana bir bor ta’kidladi. Shu bilan birga, u ular allaqachon mamlakatdan qochib ketgan bo‘lishi mumkinligini ham istisno qilmagan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid