Jahon | 09:11
2465
3 daqiqa o‘qiladi

Putin Shryoderni muzokarachi sifatida taklif qildi

Germaniya hukumat koalitsiyasi Germaniya prezidenti Frank-Valter Shtaynmayyerni Rossiya bilan Ukrainadagi urushni tugatish bo‘yicha ehtimoliy tinchlik muzokaralarida Yevropa Ittifoqi vakili sifatida qatnashishi mumkin bo‘lgan nomzod sifatida ko‘rib chiqmoqda.

Foto: AP

Bu haqda 10 may kuni Germaniya hukumatiga yaqin manbalarga tayanib Der Spiegel jurnali xabar berdi.

Nashr suhbatdoshlarining aytishicha, Germaniya hukumat koalitsiyasi Rossiya prezidenti Vladimir Putinning sobiq Germaniya kansleri Gerxard Shryoderni Yevropa Ittifoqi nomidan muzokarachi etib tayinlash taklifini qo‘llab-quvvatlashi ehtimoldan yiroq.

Berlinda Shryoder bunday vazifani yakka o‘zi bajara olishiga ishonch bildirilmayotgani aytilmoqda.

Der Spiegel ma’lumotiga ko‘ra, Shryoder va Frank-Valter Shtaynmayyerdan iborat “vositachilik dueti” Germaniya poytaxtida “qiziqarli variant” sifatida baholanmoqda.

Avvalroq Reuters, Süddeutsche Zeitung, Der Spiegel va boshqa nemis OAV hukumat koalitsiyasidagi manbalarga tayanib, Germaniya hukumati Putinning Yevropa Ittifoqi nomidan muzokaralarda Shryoder ishtirok etishi haqidagi taklifini rad etgani haqida xabar bergan edi. Shryoder Rossiya prezidenti bilan ko‘p yillik do‘stona munosabatlari bilan tanilgan.

9 may kuni Vladimir Putin Kreml jurnalistlari bilan matbuot anjumanida Shryoderni Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi bo‘yicha muzokaralarda Yevropa Ittifoqidan “eng maqbul” nomzod deb atagan.

Bu orqali u G‘arbiy Yevropada o‘zi muloqot qilishga tayyor bo‘lgan siyosatchilar bor-yo‘qligi haqidagi savolga javob bergan.

Shundan keyin Putin Rossiya muloqot uchun ochiq ekanini, ammo Yevropa “bizga nisbatan turli haqoratli gaplarni aytmaydigan” muzokarachini tanlashi kerakligini bildirgan.

Putinning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya Yevropa Ittifoqi bilan “doimo” hurmat bilan muloqot qilib kelgan.

Ayni paytda Rossiya va Ukraina o‘rtasida rasmiy muzokaralar olib borilmayapti. Buni aprel o‘rtasida Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov ham tasdiqlagan.

Der Spiegel manbalariga ko‘ra, Germaniya hukumati Putin taklifini ishonchli deb hisoblamayapti, chunki Rossiya hozircha murosa qilishga tayyorligini namoyon etmagan.

Shu bilan birga, nashr suhbatdoshlari Kreml haqiqatdan ham Ukrainadagi urushni tugatishni istayaptimi-yo‘qmi, buni tekshirishning bir usuli sifatida Rossiyaning uch kunlik o‘t ochishni to‘xtatish rejimini uzaytirishga tayyorligi ko‘rilishi mumkinligini aytgan.

AFP agentligiga gapirgan Germaniya hukumatiga yaqin manba esa Putin bayonoti “soxta takliflar qatoriga kiradi” va Rossiyaning Yevropani bo‘lishga qaratilgan gibrid strategiyasining bir qismi ekanini ta’kidlagan.
 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid