Jahon | 08:34
3353
3 daqiqa o‘qiladi

BAA Eronga qarshi yashirin hujumlar uyushtirgani ma’lum bo‘ldi

Birlashgan Arab Amirliklari Eron tomonidan amalga oshirilgan hujumlarga javob sifatida Eron hududiga harbiy zarbalar bergan. Bu haqda The Wall Street Journal nashri manbalarga tayanib xabar berdi.

Foto: AP

Ma’lum qilinishicha, Abu-Dabi rasman Eronga qarshi hujumlarni tan olmagan. Biroq nashr manbalariga ko‘ra, 2026 yil aprel oyi boshida BAA qurolli kuchlari Fors ko‘rfazida joylashgan Eronning Lavan orolidagi neftni qayta ishlash zavodiga zarba bergan.

Ayni shu davrda AQSh prezidenti Donald Tramp AQSh va Isroilning Eronga qarshi urushida o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuv e’lon qilgan edi. Nashrning yozishicha, Vashington tomonidan e’lon qilingan sulh hali kuchga kirmagani uchun AQSh ushbu hujumdan norozi bo‘lmagan.

Eron tomoni o‘sha vaqtda Lavan orolidagi neftni qayta ishlash zavodi tashqi hujumga uchraganini bildirgan. Shundan so‘ng Tehron BAA va Kuvaytga qarshi raketa hamda dronlar yordamida bir qator hujumlar uyushtirgan.

WSJ suhbatdoshlaridan biriga ko‘ra, AQSh Fors ko‘rfazidagi davlatlarning Eronga qarshi harbiy harakatlarda ishtirok etishini “jim holda qo‘llab-quvvatlagan”.

BAA Tashqi ishlar vazirligi vakillari Lavan oroliga ehtimoliy zarba yuzasidan izoh berishdan bosh tortgan. Shu bilan birga, rasmiylar mamlakat o‘z xavfsizligiga tahdidlarga, jumladan harbiy usullar orqali ham javob qaytarish huquqini saqlab qolishini bildirgan.

Pentagon ham ushbu masala yuzasidan rasmiy sharh bermagan.

Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, urush boshlanganidan buyon Eron BAAga qarshi jami 2800 ta dron va raketa qo‘llagan. Bu boshqa har qanday davlatga, hatto Isroilga nisbatan ham ko‘proq ekani ta’kidlangan.

Hujumlar oqibatida BAAda aviaqatnovlar, turizm va ko‘chmas mulk bozoriga jiddiy zarar yetgan. Qator kompaniyalarda xodimlar qisqartirilgan yoki maoshsiz ta’tilga chiqarilgan.

WSJ ta’kidlashicha, mazkur voqealar BAAning strategik yondashuvini ham o‘zgartirgan. Endi Eron mamlakat iqtisodiy va ijtimoiy modeliga tahdid soluvchi “yakkalangan davlat” sifatida baholanmoqda.

Nashrga ko‘ra, BAA kuchli harbiy aviatsiyaga ega bo‘lib, uning arsenalida Fransiyaning Mirage hamda AQShning zamonaviy F-16 qiruvchi samolyotlari mavjud. Amirlik harbiy uchuvchilari yuqori tayyorgarlik darajasi bilan ajralib turadi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid