Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
BAA Eronga yashirincha hujumlar uyushtirib kelmoqda – WSJ
G‘arbda ishlab chiqarilgan qiruvchi samolyotlar bilan yaxshi ta’minlangan BAA o‘zini himoya qilish uchun ushbu qurollardan foydalanishga ko‘proq moyillik ko‘rsatmoqda.
BAA armiyasiga tegishli Mirage qiruvchisi / Foto: Reuters
Birlashgan Arab Amirliklari AQSh va Isroil boshlagan urush davomida Eronga harbiy zarbalar bermoqda. Bu haqda Wall Street Journal nashri masaladan xabardor shaxslarning so‘zlariga tayanib ma’lumot berdi. Bu holat Eronning eng katta nishoniga aylangan Amirliklar – urushning faol ishtirokchisi sifatida namoyon bo‘layotganini anglatadi.
BAA harbiylari G‘arbda ishlab chiqarilgan qiruvchi samolyotlar va kuzatuv tarmoqlari bilan yaxshi ta’minlangan. Ushbu hujumlar mamlakat endilikda o‘z iqtisodiy qudrati va Yaqin Sharqdagi ta’sirini himoya qilish uchun ushbu qurollardan foydalanishga ko‘proq moyilligini ko‘rsatmoqda.
Lavan oroliga hujum
BAA ochiqchasiga tan olmagan ushbu zarbalar orasida Fors ko‘rfazidagi Lavan orolida joylashgan neftni qayta ishlash zavodiga qilingan hujum ham bor.
Ushbu hujum aprel oyi boshida — prezident Tramp urushda o‘t ochishni to‘xtatish haqida e’lon qilayotgan vaqtga to‘g‘ri kelgan.
Strikes hit an Iranian oil refinery on Lavan Island today.
— Clash Report (@clashreport) April 8, 2026
Iran is now retaliating with strikes on targets in Kuwait, Bahrain, and the UAE. pic.twitter.com/xOptoGRjbB
Hujum natijasida kuchli yong‘in kelib chiqib, Eron zavodi quvvatining katta qismi bir necha oyga ishdan chiqqandi.
Eron o‘sha paytda neftni qayta ishlash zavodi «dushman hujumi»ga uchraganini aytgan. Bunga javoban BAA hamda Kuvaytga qarshi raketa va dronlar bilan qator hujumlar uyushtirgandi.
AQSh ushbu hujumdan norozi bo‘lmadi, chunki sulh tartibi hali to‘liq o‘rnatilmagan edi, deydi manba. Shuningdek, Tramp ma’muriyati BAA yoki jangovar harakatlarga qo‘shilishni istagan har qanday arab davlatining ishtirokini «shovqinsiz mamnuniyat bilan qarshi oladi».
Eronning BAA va arab davlatlariga hujumi
Fors ko‘rfazi davlatlari urushdan oldin o‘z havo hududi yoki bazalaridan AQSh hujumlar uchun foydalanishiga yo‘l qo‘ymasligini aytgandi. Eron esa AQSh va Isroilning hujumi AQSh bazalariga joy bergan davlatlarni nishonga aylantirishi haqida ogohlantirgan.
Urush boshlangach, Eron iqtisodiy va siyosiy zararni oshirish hamda AQShning hujumni davom ettirishini qiyinlashtirish maqsadida Ko‘rfazdagi bazalar, energetika infratuzilmasi va aeroportlarga raketa va dronlar bilan hujum qila boshladi.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, Eron o‘zining asosiy zarbasini BAAga qaratib, unga 2800 dan ortiq raketa va dronlar uchirdi. WSJ’ning yozishicha, bu – Isroilga qilingan hujumlardan ham ancha ko‘pdir.
Hujumlar BAAning havo qatnovi, turizm va ko‘chmas mulk bozoriga qattiq zarba berdi va xodimlarning ommaviy ta’tilga chiqarilishi hamda ishdan bo‘shatilishiga olib keldi.
Shuningdek, bu hujumlar BAAning strategik qarashlarida tub burilish yasadi: endilikda ular – Eronni Amirliklar iqtisodiy va ijtimoiy modelini yo‘q qilishga qaratilgan «yovuz ishtirokchi» deb bilmoqda. Shundan beri BAA Fors ko‘rfazida Eron bilan eng ochiq qarama-qarshilikka kirishgan davlat sifatida namoyon bo‘ldi. U urush davomida AQSh bilan kuchli harbiy hamkorlikni saqlab qoldi.
BAAning ishtiroki – vaqt masalasi edi
Tahlilchilarga ko‘ra, arab davlatlari, jumladan, BAA ham avvaldan bu urushni xohlamagan. Ammo urushning dastlabki kunlaridanoq «Fors ko‘rfazi davlatlarining harbiy harakatlarda faolroq ishtirok etishi faqat vaqt masalasi» bo‘lgan.
BAAning urushdagi ishtiroki haqidagi taxminlar mart oyi o‘rtalaridan – Eron osmonida Isroil yoki AQShga tegishli bo‘lmagan qiruvchi samolyot videoga olinganidan keyin kuchaygan.
Ochiq razvedka tahlilchilari Erondagi urush davomida BAA tomonidan foydalaniladigan Fransiyaning Mirage qiruvchi samolyotlari, shuningdek, Xitoyning Wing Loong dronlari fotosuratlariga ishora qilmoqda.
Harbiy jihatdan BAA AQShdan ancha kichik, ammo u F-16 kabi zamonaviy qiruvchi samolyotlar parkiga ega. Shuningdek, amirliklarda yonilg‘i quyuvchi samolyotlar, qo‘mondonlik va nazorat samolyotlari hamda kuzatuv dronlari bilan ta’minlangan yuqori darajada o‘qitilgan harbiy havo kuchlariga ega.
AQSh Harbiy-havo kuchlarining iste’fodagi rasmiysiga ko‘ra, bu imkoniyatlar BAAga mintaqa uchun g‘ayritabiiy darajada mukammal havo qudratini beradi.
«Agar sizda shunday salohiyatli havo kuchlari bo‘lsa, nega shunchaki chetda turib, Eronning hujumlarini javob qaytarmasdan qabul qilishingiz kerak?» deydi general-leytenant Deyv Deptula.
Bundan tashqari, AQSh va Isroil Tehronning havo hujumidan mudofaa imkoniyatlarini deyarli yo‘q qilgan. Bu esa Eron osmonida BAA samolyotlari jangovar topshiriqlarni bajarishi uchun xavfni keskin kamaytiradi.
«Agar siz ittifoqchi bo‘lsangiz va bu jarayonda ishtirok etishni istasangiz, buning uchun ayni qulay vaqt, chunki xavf juda past. O‘rta va yuqori balandliklarda samolyotlar o‘zlari xohlagan ishni qila oladi va eronliklar bunga qarshi deyarli hech narsa qila olmaydi», degan Pentagonning yana bir sobiq rasmiysi.
Eronga qarshi boshqa choralar
Zarbalardan tashqari, BAA BMTda – Eronning Ho‘rmuz bo‘g‘ozidagi nazoratini to‘xtatish uchun, kerak bo‘lsa kuch ishlatishga ruxsat beruvchi rezolyutsiya loyihalarini ham qo‘llab-quvvatladi.
Shuningdek, BAA Eronning moliyaviy manfaatlariga qarshi harakat qilib, Dubayda Tehron bilan bog‘liq bo‘lgan maktablar va klublarni yopdi. Eron fuqarolariga viza berish va tranzit huquqlarini rad etdi.
Bu choralar – og‘ir sanksiyalar sharoitida Amirliklar uzoq vaqt davomida Eron uchun ta’minlab kelgan iqtisodiy «hayot yo‘li»ni cheklab qo‘ydi. Eron bunga javoban BAAni AQSh va Isroil kampaniyasiga qo‘shilganlikda qayta-qayta aybladi.
BAA hujumlar bo‘yicha izoh bermadi
BAA Tashqi ishlar vazirligi zarbalar yuzasidan izoh berishdan bosh tortdi, biroq avvalgi bayonotlariga ishora qildi. Unda Amirliklar dushmanona harakatlarga javob berishi, jumladan, harbiy yo‘l bilan javob qaytarish huquqini tasdiqlagandi.
Pentagon izoh berishni rad etdi. Oq uy ham urush paytida BAAning ishtiroki haqidagi savollarga javob bermadi. Ammo rasmiylar prezident Tramp ixtiyorida barcha variantlar mavjudligini va AQSh Eron rejimiga nisbatan maksimal ta’sir vositalariga ega ekanini aytdi.
Fors ko‘rfazining barcha davlatlari ortib borayotgan xatarlar va o‘zlarining homiysi bo‘lgan Amerikaning ishonchliligi masalasida bosh qotirmoqda. BAA prezidentining diplomatik maslahatchisi Anvar Gargashga ko‘ra, bu vaqtda esa Amirliklar AQSh bilan munosabatlarni yanada mustahkamlamoqda.
Mavzuga doir: «BAAning mustaqillik deklaratsiyasi» – Amirliklar OPEC'dan chiqishiga faqat urush sabab emas
Mavzuga oid
08:34
BAA Eronga qarshi yashirin hujumlar uyushtirgani ma’lum bo‘ldi
23:12 / 11.05.2026
Tramp Eron takliflarini «axlat uyumi» deb atadi
21:03 / 11.05.2026
Eronda Nobel mukofoti sovrindori Nargiz Muhammadiy qamoqdan ozod etildi
12:56 / 11.05.2026