Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Dunyoda eng ko‘p qahva qaysi davlatda yetishtiriladi?
Braziliya 2026 yilda ham dunyodagi eng yirik qahva ishlab chiqaruvchi davlat maqomini saqlab qolishi kutilmoqda. Jahonda qahvaga bo‘lgan talab ortib borayotgan bir paytda mamlakat raqobatchilardan farqni yanada oshirmoqda.
AQSh Qishloq xo‘jaligi vazirligi xalqaro qishloq xo‘jaligi xizmati (USDA), Xalqaro qahva tashkiloti hamda Colipse Coffee va StatRanker tahlil platformalari ma’lumotlariga ko‘ra, Braziliyada 2025 yilda taxminan 63 million qop qahva ishlab chiqarilgan. Har bir qop 60 kilogrammdan iborat. Bu ko‘rsatkich ikkinchi o‘rindagi Vetnam natijasidan ikki baravardan ham ko‘pdir. Vetnamda 30,8 million qop qahva yetishtirilgan.
Braziliya eksport bo‘yicha ham jahonda yetakchi bo‘lib qolmoqda. Mamlakat 2026 yilda jahon bozoriga 40 milliondan ortiq qop qahva yetkazib berishni rejalashtirgan.
Hozirda Braziliya hissasiga jahon qahva ishlab chiqarishining qariyb uchdan bir qismi to‘g‘ri keladi. Mamlakat asosan arabika navini yetishtirish bo‘yicha yetakchi hisoblanadi. Bu nav premium qahva aralashmalari va espresso tayyorlashda keng qo‘llanadi.

Robustaga talab ortmoqda
Ikkinchi o‘rindagi Vetnam asosan robusta navini eksport qiladi. Ushbu navda kofein miqdori yuqori bo‘lib, u eritiladigan qahva ishlab chiqarishda faol qo‘llanadi.
Arabika narxlari oshib borayotgani sababli jahonda robustaga talab ham tez o‘smoqda. Vetnam 2026 yilda taxminan 27,9 million qop qahva eksport qilishni rejalashtirmoqda.
Uchinchi o‘rinni Kolumbiya egallagan — mamlakatda 13,8 million qop qahva ishlab chiqarilgan.
Keyingi o‘rinlarda Indoneziya va qahva vatani hisoblangan Efiopiya joylashgan. Ular mos ravishda 12,45 va 11,56 million qop qahva ishlab chiqargan.
Afrikada esa Uganda pozitsiyalarini tobora kuchaytirmoqda. USDA bahosiga ko‘ra, mamlakatda qahva ishlab chiqarish 6,9 million qopga yaqinlashadi.
Ayrim davlatlar ishlab chiqargandan ko‘proq eksport qilmoqda
Tahlilchilar ma’lumotiga ko‘ra, Hindiston, Honduras va Peru kabi davlatlar ishlab chiqarganidan ko‘ra ko‘proq qahva eksport qilishi mumkin.
Bu esa avvalgi hosildan qolgan zaxiralar, qayta eksport va avval to‘plangan rezervlarni bozorga chiqarish hisobiga yuz berayotgani aytilmoqda.
Iqlim o‘zgarishi qahva sanoatiga bosim qilmoqda
So‘nggi yillarda jahon qahva sanoati iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq ekstremal ob-havo hodisalari bosimiga duch kelmoqda.
Braziliyada 2021–2023 yillarda kuchli qurg‘oqchilik va sovuqlar kuzatildi. Xuddi shunday muammolar Vetnam va Kolumbiyaga ham ta’sir qildi. Yog‘ingarchilik rejimi o‘zgarishi hosildorlikka salbiy ta’sir ko‘rsatgan.
International Coffee Organization bir necha bor iqlim barqarorsizligi qahva yetishtiriladigan hududlar uchun eng katta uzoq muddatli xavflardan biriga aylanayotgani haqida ogohlantirgan.
Ayniqsa, harorat o‘zgarishiga juda sezgir bo‘lgan arabika navi katta xavf ostida qolmoqda.
Qahvaga talab o‘sishda davom etmoqda
Ta’minot bilan bog‘liq xavflarga qaramay, jahonda qahva iste’moli barqaror o‘sishda davom etmoqda.
USDA prognozlariga ko‘ra, Osiyo va rivojlanayotgan bozorlarda talab yanada oshadi. Yevropa va Shimoliy Amerika esa hanuz jahondagi eng yirik qahva iste’molchilari bo‘lib qolmoqda.
Mutaxassislar fikricha, taklif qisqarishi va iqlim muammolari so‘nggi ikki yilda qahva narxlarining yuqori bo‘lib qolishiga asosiy sabablardan biri bo‘lgan.
Umuman olganda, hozirgi vaziyat jahon qahva bozori hali ham cheklangan sondagi yirik ishlab chiqaruvchi davlatlarga kuchli darajada bog‘liqligini va iqlim xavflari kelajakda eng talabgir qishloq xo‘jaligi mahsulotlaridan biriga jiddiy ta’sir ko‘rsatishi mumkinligini namoyon qilmoqda.
Mavzuga oid
09:45 / 17.06.2026
Braziliya sobiq prezidentining o‘g‘li qamoq jazosiga hukm qilindi
20:23 / 15.06.2026
Braziliyadagi attraksionda ayol 40 metr balandlikdan xavfsizlik arqonisiz otib yuborildi
08:49 / 15.06.2026
Braziliyada ikki vertolyot to‘qnashdi: mashhur xonanda Oliver Tri halok bo‘ldi
23:05 / 14.06.2026