O‘zbekiston | 08:59
4747
36 daqiqa o‘qiladi

Orzudan voqelikkacha – Usmon Azimning riyosiz so‘zlari

Haqiqiy yozuvchi-shoirlar haqiqatni yozishni xush ko‘radi.

Dunyoning qaysi bir chetidagi adolatsizlik ularga xuddi o‘zining uyida ro‘y berayotgandek tuyuladi. Qaydadir adolatning barqarorligi yoki g‘alabasi ularning ruhiyatini ko‘taradi. Ular har bir yaxshi odamning muvaffaqiyatidan quvonadi, odamlarning muammolari esa ularning ham dardiga aylanadi.

Ular — vatanparvar. Har holda O‘zbekistonda xuddi shunday. Vatanning gullab-yashnashi, ijobiy o‘zgarishlar har bir fuqaroning hayotini yuksaltirish sari qo‘yilgan qadam ekanini teran his qiladilar, kayfiyatlari ko‘tariladi. Xudoga ming shukrki, bu o‘zgarishlar har soatda, har kuni ro‘y berib turibdi. Butun mamlakat harakatda. Eng muhimi, bu islohotlar jaydari tusda emas, balki jahonning eng ilg‘or texnologiyalari asosida olib borilmoqda. Sharoitlar yaratilgani tufayli investitsiyalar bemalol kirib kelyapti. Rivojlanish shiddati butun mamlakatni qamrab olgan.

Qalam ahli bu va ko‘plab boshqa yutuqlardan boxabar. Muammolarni bartaraf etish yo‘lidagi sa’y-harakatlarni ham mudom sezib turadi.

Yaqinda bir guruh ijodkorlar bilan qo‘shni do‘st mamlakatda safarda bo‘ldik. Bir kech o‘z-o‘zidan badiha davra tuzilib, suhbat gurillab ketdi. Avval mezbon mamlakatni O‘zbekiston bilan taqqos qila boshladik. Baravariga “Biz oldinga ketibmiz” degan xulosaga keldik! Bugungi O‘zbekiston haqida gaplashdik. Men yetmish olti yil umr ko‘rganimni, ammo xalqimiz hech qachon bunday yayrab yashamaganini aytib qoldim. Davradagilar bu gapimni ham bir og‘izdan tasdiqladi. Ha, shunday! Hech qachon bunday yashamaganmiz!

Yuraklarni faxr bilan to‘ldirgan bu ­e’tiroflar qachon ko‘nglimizni to‘ldirdi?

Axir biz e’tirof etgan yutuqlar o‘z-o‘zidan paydo bo‘lgani yo‘q-ku!

Uning ortida kimning mehnatiyu zahmati, betinim harakati yotibdi?

Mamlakatimizning barcha hududida yoyilgan bunyodkorlikka kim g‘ayrat-shijoat bag‘ishlayapti?

Savollarga javob bitta: bu olamshumul zafarlarning ortida bir kishining, ha, bir kishining — O‘zbekiston Prezidenti ­Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning fidokorligi turibdi.

Oz emas, ko‘p emas, Yangi O‘zbekistonni qurmoqchi bo‘lgan shu azamat insonning misli ko‘rilmagan fidokorligi!

Men bu inson haqida ko‘p o‘yladim. Oxiri, bu odam haqida yozmasam, adolatdan bo‘lmas ekan degan qarorga keldim.

Yo‘q, xushomad qilish niyatim yo‘q. Nimaga xushomad qilaman? Yoshim bir joyga borgan bo‘lsa, mukofotu unvonlarni ham hech kimga likillamay olgan bo‘lsam...

1

Bu islohotlar boshlanganda mamlakat qay ahvolda edi?

Odamlar qanday yashayotgan edi?

O‘zimning boshimdan o‘tkazganlarimni bir eslay.

Men ko‘p qavatli uyda yashayman. Uyimiz necha-necha qishlar bo‘yi isimasdi. Bir farzandim keyinchalik “Shu uyda bir umr sovuq qotib ulg‘aydik”, deb esladi.

Nafaqaga chiqdim. “Ishlasang, nafaqangning yarmi to‘lanadi”, deyishdi. Nima deyman? Xo‘p-da... Ko‘pga kelgan to‘y.

Maosh hemiri. Yarim pensiyaga qo‘shib, oydan oyga arang yetkazamiz.

To‘lov plastik kartasi bilan bog‘liq mashmashalarni-ku, aytmay. Do‘konga borasan. Kerakli molning narxini so‘raysan. “Naqd olsangiz, sakson so‘m, plastik karta bilan to‘lasangiz, yuz...”.

Denovda — bozorning naq o‘rtasida “plastik kartadagi pulni naqdga almashtirish punkti” ochildi. O‘sha bezbet shaklda — yuz so‘m yechib olishsa, sakson so‘m qo‘lingga berishadi. Eng dahshati, bu “punkt”ni bunday hollar yuz bermasligini nazorat etuvchi tashkilotlarning odamlari yuritdi. Dodingni kimga aytishni bilmaysan...

Bu lo‘ttibozliklar butun xalq ko‘z o‘ngida ro‘y berdi. Hech kim miq etolmadi. Qo‘rquv. Bu qo‘rquvdan yaralgan taqdirsizlik — ertani o‘ylashdan cho‘chish — mudom yelkadan toshday bosib turdi.

Qarz ko‘tardim. Dollarda qarz berganlarga dollarda qaytarib berish kerak. Bank kassalarining yoniga ham borolmaysan. Banklar dollarni sotuvga chiqarib, o‘zi sotib olib yotibdi. Odamlarini qo‘yib qo‘ygan — allaqanday shang‘i xotinlar...

Bozorga borasan. Har qadamda “dollarchi”lar shaykasi... Dollarning narxi rasmiy kursdan ikki barobar baland. Ko‘r bo‘lib ­olasan.

Surxondaryoda g‘alla yetishtirgan bir tadbirkor menga uchrashib, g‘allasini topshirganini, ammo haqini yeb ketishganini aytdi. Men bir-ikki amaldorga aytgan bo‘ldim. Biror natija chiqmadi. Tadbirkor shu xo‘rlikning jabridan o‘lib ketdi...

U-bu joylardagi o‘zgarishlar odamlarning dasturxoniga yetib kelmadi. Mamlakatni firibgarlar bosdi.

Bu ishga qarshi kurashishi zarur bo‘lgan tashkilotlar davlat ichida davlat tuzdilar. Odamlar ustidan zo‘ravonlik joriy etildi.

Masalan, Surxondaryoda xavfsizlik xizmati allaqanday fashistik (boshqa so‘z ularning qilmishini ifodalab berolmaydi) tizim o‘rnatdi. Odamlarni pashsha o‘rnida ko‘rmadilar. Xo‘rladilar, mulklarini tortib oldilar, misli ko‘rilmagan qiynoqlarga soldilar, o‘ldirib ham yubordilar. Qiynoqlarning Stalin zamonida kechgan usullarini qo‘lladilar. Ularni yanada yangi “pog‘ona”larga ko‘tardilar.

— Tirnoqlarimni sug‘urib oldilar, — deb zorillab eslaydi ularning qo‘liga tushgan bir begunoh. — Hammasini baravar sug‘ursalar ham mayli edi, har kuni bittasini sug‘uradilar...

Hatto hokimlarga ham tazyiq o‘tkazildi. Bu yurtda ular ham ishlashdan bezib qoldi. Noiloj ishdan ketish haqida ariza yozdilar.

Mustaqillikdan odamlarning ko‘ngli ­qoldi.

Bitta-yarim tanishlar menga ham ta’na qila boshladi: “Ana siz orzu qilgan ­istiqlol...”.

Rosti, men ham bebaxt yashadim. Gazeta-jurnallarda yozganlarimni nashr etish nari tursin, ism-familiyamni ham o‘chirib tashlaydigan bo‘lishdi. Men nima qilgan edim? Bir ko‘rsatuvda “Birovlar harom-xarish yo‘l bilan pul to‘playapti. Payti kelgach, pulini ko‘tarib, xorijga jo‘nab ketadi” degan rost gapni aytgan edim, xolos. Bu ko‘rsatuv tufayli televideniyedagi necha-necha ijodkorlar jazolandi, ishdan ketdi...

Tan olaylik, mustaqillikning ilk davrida yangi tizimli mamlakatni bunyod etish, nochorlikdan qutulish uchun bir qadar qattiqqo‘llik ham zarur edi. Ammo mamlakat rivojlanib borgani sari bu qattiqqo‘llik o‘rnini adolat o‘lchamlariga mos yo‘riqlar asta-asta egallab borishi kerakligi ham barchaga ayon edi. Biroq bunday bo‘lmadi. Chunki eng tepadagi odam ham nayrangbozlarning qo‘lida asirday yashadi. Joylarda ro‘y berayotgan, hatto o‘z oilasida ro‘y berayotgan voqealardan ham g‘aflatda qoldi. Barcha adolatsizliklar sir tutildi.

Yuqorida yozganlarimni hech kim rad etolmaydi. Ularni bor bo‘yicha ko‘rsatish uchun esa necha jildlab kitoblar yozilsa bo‘ladi. Men faqat boshimdan o‘tkazganlarimning va tug‘ilgan yurtim Surxondaryoda ro‘y bergan mash’um voqealarning bir qisminigina eslayapman.

Avj olgan muammolarni bartaraf etish yo‘llarini hech kim bilmasdi.

Biroq Parvardigor bilguvchidir! U ­mamlakatni rivojlanish sari yo‘naltirish uchun nima qilish kerakligini aniq bildi.

Mamlakat Prezidentligiga Shavkat ­Miromonovich Mirziyoyev saylandi va… birdan mo‘jizalarga o‘xshash hodisalar ro‘y bera boshladi.

Aytib o‘tganim — ko‘rgiliklar bitta-bitta yechimini topib ketaverdi. To‘lov plastik kartalari risoladagiday ishlay boshladi. Pensiyalar to‘liq beriladigan bo‘ldi. Banklar yangicha ishlash tizimiga o‘tdi: xohlasalaring, mana so‘m, istasalaring dollar, marhamat... Surxondaryodagi odam qiyofasidagi hayvonlar ham jazosini oldi. Ammo bu yechimlarni topish uchun qanchalar sabot va jasorat kerak bo‘lgani faqat va faqat Shavkat Miromonovichning bir o‘ziga ayon. Axir qalamga olganim hodisalardan tashqari, uning zimmasida yana qancha-qancha tashvishlar bor edi.

Birgina Surxon xalqini zor qaqshatgan mustaqillikning zararkunandalari shaykasini tugatish naqadar qiyin bo‘lganini tasavvur qilaman. Axir ular osmondan tushmagan — bu gumrohlarni Toshkentdagi martabasi baland, beli baquvvat, birovni nazar-pisand qilmaydigan homiylari qo‘llab-quvvatlab turardi. Bu jinoyatchilar to‘dasining ko‘lami juda katta — bir-biri bilan zich bog‘lanib ketgan, xalqning manfaati degan muqaddas tushunchani tushida ham ko‘rmagan, odamlar hayotini xasdan ham arzon bilgan bedavolardan iborat edi. Avval mana shu ­to‘daning boshi kesildi. Bu ish oson bo‘lmadi. Bo‘shangroq bir odam bo‘lganda ular bilan murosai madora etib ketaverardi. Ammo Shavkat Miromonovich bunday qilishni o‘ziga ep bilmadi. Chunki o‘rtada Vatan, xalq taqdiri bor edi. Bo‘lajak Vatanni bunday to‘dalarga panja orasidan qarab emas, balki bu toifa noqislardan tozalab, pokiza niyat va ezgu harakatlar bilan yaratish lozimligini Shavkat Miromonovich mudom his etib turardi.

Vatanni halol odamlar yaratishini bu inson juda teran tushunadi.

Qotillik illati yuqqan bu kaslardan el-yurt ozod qilindi. Avval “tepa”dagi, keyin pastdagi qatlam ildizi bilan sug‘urib tashlandi. Bu gaplar aytishga oson...

Mamlakatimiz tarixida ushbu voqealar kimgadir juda kichik epizod bo‘lib tuyular, ammo Vatanni xalqning boshiga chiqib olgan bunday jirkanch to‘dalardan ozod etish uchun rahbarimizga qanchalar matonat va qat’iyat kerak bo‘lganini bir tasavvur qilib ko‘ring!

Esimda: bu voqealar nihoyasiga yetkazilgach, Prezidentimiz Surxonga tashrif buyurib, “Surxondaryo xalqi, endi ozodsan!” deb elga murojaat etgan edi.

Haqiqatan, Surxondaryo erkin nafas oldi.

Men faqat yaxshi bilganim — Surxondaryo haqida yozyapman. O‘zbekistonda esa o‘n to‘rtta ma’muriy-hududiy birlik bor. Prezidentimizning ulardagi muammolarni hal etishdagi mardonavor sa’y-harakatini qalamga olish uchun esa bu maqola kichiklik qilishini sezib turibman.

2

Odamlar yaxshilikka tez ko‘nikadi. Bir-ikki “Yaxshi bo‘ldi-ye!” deb quvonadi-yu, keyin xuddi hamisha shunday bo‘lganday o‘tib ­ketaveradi. Nazarimda, shunday bo‘lgani ham durust! Odamlar odamga o‘xshab yashashni o‘rgan­yapti! Munosib yashash mo‘jiza emas, shunchaki har kuni biz yuzma-yuz duch keladigan voqelik ekaniga ko‘nikib boryapmiz-da!..

Ammo men rivojlanish jarayoni shu qadar jadal borayotganidan baribir quvonaman.

Avliyolar, olimlar maskani bo‘lgan Termiz esimni bilganimdan buyon ko‘rimsiz, chang-to‘zonga qorishgan, soya-salqindan yiroq — yopiq harbiy shaharcha edi. Unga kirishning o‘zi ham bir mashaqqat — harbiylarning posti o‘rnatilgan, har bir yo‘lovchining pasporti sinchiklab tekshirilar, agar Surxondaryo hisobida bo‘lmasangiz, o‘tib ko‘ring-chi!

Mustaqillikdan keyin esa, xabaringiz bor, bunday tekshiruvlar yanada avj oldi. Endi har bir viloyat o‘rtasida sun’iy to‘siqlar — postlar o‘rnatildi. Bu holat xalqimizning mamlakatimiz bo‘ylab erkin harakatlanishiga xalal beradigan ortiqcha mashmasha edi. Pasportni unutgan bo‘lsangiz, bu postlardan o‘tishning yagona yo‘li — imkonini topib, “posbon”larga pora berish edi... Boshqa ilojingiz yo‘q. Nazarimda, bu postlar xuddi shunday vaziyat yaratish uchun qo‘yilgan tuzoq edi...

Surxondaryoda esa bu holat yo‘lovchini jiddiy tahlikaga soladigan darajada murakkab edi. Viloyatga kirishda — Darband postida xuddi xorijga ketayotganingiz kabi bor-yo‘g‘ingiz tintilar, yuklaringiz esa lentaga solinib, lazerli uskunalar yordamida ko‘zdan kechirilardi. Bu ham yetmagandek, jomadonu sumkalar ham ochdirilib, tekshirilardi... Tintuv. Xullas, pora bermasangiz, qutulib bo‘psiz. Termizga va Sariosiyoga kiraverishda yana shu holga duch kelinar edi.

Bu to‘siqlarning hammasi Shavkat ­Miromonovichning bir shashti bilan yo‘q bo‘ldi.

Changu g‘uborga qorishgan Termiz ham birdan o‘zgara boshladi.

Hozir bu shahar ko‘chalarining ikki chetida manzarali daraxtlar soya tashlab turibdi. Ketgunicha yam-yashil chimzor. Gullar ajib did bilan ekilgan. Yaqinda mehmonxonadan mashinada chiqib, mana shunday go‘zal — bir qarich ham uzilmagan manzarani oralab, aeroportgacha bordim. Xorijiy kurort shaharchalarni eslatadi. Yangi qurilgan shinam, ko‘rkam imoratlar ham yarashiqli. Menga o‘qituvchilardan biri “Odamlarning uy-joyga ehtiyoji to‘liq ta’minlangan, bir xonadonda ikki-uch oila tiqilib yashashdan qutulgan”, deb qoldi. Amaldor emas, o‘qituvchi aytdi!

Termiz esa o‘syapti. Baland-baland binolar qad ko‘taryapti. Hatto shahar erkin nafas rostlab, tiqilmay kengayishi uchun qo‘shimcha yerlar kerakligi ko‘zga tashlanib qoldi. Shavkat Miromonovich bu masalani ham hal qilib berdi — shaharga qo‘shimcha joylar ajratildi.

O‘quvchida “Surxondaryoda faqat Termiz gullab-yashnayotgan ekan” degan taassurot qolmasligi uchun aytib qo‘yay, viloyatlardagi barcha tumanlar o‘zgacha qiyofa kasb etgan. Chamasi, besh-olti yil avval bir guruh san’atkorlar bilan Surxonning shimoliy hududlari sari ketayotgan edik. Yo‘lda bir zum chalg‘ibman. O‘zimga kelib qarasam, bir notanish shaharning yonidan o‘tyapmiz. Ko‘p qavatli uylar, orasida orasta yo‘laklar, daraxtlar, bolalar o‘ynaydigan maydonchalar lip-lip o‘tadi. Qayerga kelib qoldik? Surxondaryoning har bir qarich yerini bilaman. Nahotki, tush ko‘rayotgan bo‘lsam? Bir oz yurgach, angladim: bu — Denov. Ha, o‘zim boshdan-adoq kezib-bilib yurganim Denov! Ey Xudo! Bu shahar ichidagi shahar — mo‘jiza qachon, qanday barpo bo‘ldi? Shuncha tezmi? Angladim — bu mo‘jiza Prezidentimizning shijoati tufayli bunyod bo‘lgan! So‘ng tasavvur qildim: mamlakatda qancha tuman bor, qancha shahar bor, boringki, mahallalar bor.... Barchasida mana shunday bunyodkorlik ketayotgan bo‘lsa kerak-da! Ketyapti!

Butun mamlakatda bunday yoppa bunyodkorlikni qaysi qudrat harakatga keltiryapti? Bu savolga javob aniq: Shavkat Miromonovich Mirziyoyev!

3

Men majlislarda kam qatnashaman. Maqsad majlis o‘tkazishdangina iborat bo‘lgan yig‘inlardan o‘zimni tortaman.

Ammo yaqin kunlarda ikki majlisda qatnashib, vaqt qanday o‘tganini sezmadim. Zavqlanib o‘tirdim. O‘zbekistonni sevadigan bir vatanparvar sifatida faxru quvonchga to‘ldim. Gap Vatanimizning bir bo‘lagi bo‘lgan Surxondaryoning ertasi haqida ketdi. Prezidentimiz viloyatda 2030 yilga qadar amalga oshiriladigan rejalar haqida so‘zladi.

Majlisda rejalar haqida shunchaki gapirilmadi, balki uni amalga oshirish uchun puxta, ko‘lamli va aniq tayyorgarlik ko‘rilgani ma’lum bo‘ldi. Masalan, mana bu tarzda: reja loyihasi tayyor, mablag‘ bor (bank boshlig‘i tasdiqlaydi yoxud jahondagi qaysi investor bilan kelishilgani aytiladi), bu rejani amalga oshiradigan tashkilot ham shay turibdi. Ishni qachon boshlash sanasi ham avvaldan aniqlangan. Mutasaddilar yana bir bor majlis ahli oldida axborot berdi. Har bir loyihada qancha ish joyi ochilishi ham ochiqlab borildi. Yuzlab, minglab...

Har bir reja haqida so‘z ketganda, shu tartib amalga oshirildi. Biror-bir ishni bajarish orzu sifatida aytilmadi. Aksincha, qat’iy ishonch bilan axborot berildi.

Bu rejalarning bir uchi xorijga borib qadalganda esa onlayn tarzda majlisda qatnashayotgan elchilarimiz chet ellik hamkorlar hozir turganini, O‘zbekistondan imo bo‘lgach, shu zahotiyoq uchib borishini ma’lum qildi. Xorijlik hamkorlar ham unday-bunday mamlakatlardan emas — Xitoydan tortib, Janubiy Afrika Respublikasigacha!

Shavkat Miromonovich hech narsani unutmadi. Prezidentimiz bugun nima ishlarni bajarish lozimligini, ertaga nimani amalga oshirish kerakligini ichki — ongosti tuyg‘u bilan his qilishini shundoq sezib turdim.

Kattayu kichik muammolarning yechimini topishda bir xil mas’uliyat bilan yondashishiga, ba’zan badihalariga ham guvoh bo‘ldim.

Majlisdan avval boysunlik — kurash bo‘yicha birinchi jahon chempioni Toshtemir polvon Muhammadiyev bilan yosh kurashchilar uchun ochilgan internat haqida suhbatlashgan edik. Majlis so‘ngrog‘ida Prezidentimiz ana shu polvonga murojaat qilib qoldi:

— Sening internatingning maktabi yo‘g‘-a?

— Yo‘q, — dedi polvon.

— Bolalar qayerga o‘qishga boradi?

— Shu atrofdagi qishloqlardagi maktablarga.

Shavkat Miromonovich ko‘zi bilan zaldan kerakli odamni izlab topdi:

— Puling bor-a?

— Ha, — deb o‘rnidan qo‘zg‘aldi “kerakli odam”.

— Shu polvonning internatiga maktab qurib berolasanmi?

“Kerakli odam” jon deb rozi bo‘ldi.

— Birinchi sentabrgacha tayyor bo‘lsin! — dedi Prezidentimiz.

Zavqlanganimdan sekingina ­bo‘lsa-da “Voya”, deb yubordim. Axir Shavkat ­Miromonovichning yelkasida qariyb o‘ttiz to‘qqiz million nufusli xalqning tashvishi turibdi! Mamlakatda eh-he qancha maktab bor! Endi kelib-kelib, Prezidentimiz Toshtemir polvonning maktab-internati muammosini eslab o‘tirsa!..

Yig‘inda menga ham so‘z berildi va men bu majlisni surxondaryoliklar uchun bayram deb atadim. Chunki tushunishimcha, Vatan degan muhtasham imorat rivoji uchun qo‘yilgan har bir g‘isht — bayram. Bugun esa qanchadan qancha g‘ishtlar qo‘yildi!

Bu majlisda aytilgan va kelgusida amalga oshiriladigan har bir reja yurt xazinasi qanchalar boyishi, odamlar xonadoniga qanchalar fayzu baraka olib kirishi haqidagi raqamlarni eslab o‘tirmayman. Chunki ular matbuotda yetarlicha yoritildi.

Ammo bir qutlug‘ xabarni aytmasam bo‘lmaydi.

Yigirma oltinchi aprelda Boysunga boradigan bo‘ldim.

Termizdan keladigan yo‘l manzilga olti-yetti kilometr qolganda yuqoridagi majlisda tilga olingan — bir necha yillardan buyon qurilishi davom etayotgan Darband — Denov trassasiga qo‘shiladi. Biz bo‘lajak trassaga tushdik. Pishiq qilib ishlangan beton yo‘l. G‘izillab ketyapmiz. Faqat ikki joyda gavarasi ko‘tarilib, qurilishi nihoyasiga yetmagan ko‘priklarni aylanib o‘tdik, xolos. Ichimda “Bir-ikki oyda bitib qolar”, deb o‘yladim.

To‘rt kundan keyin “Boysun bahori” festivalida qatnashish uchun shu yo‘ldan yana o‘tishga to‘g‘ri keldi. Bu safar mashinamiz tayyor bo‘lgan ko‘priklar ustidan g‘izillab o‘tib ketdi! Ha, tayyor bo‘lgan ko‘priklar ustidan! Oradan faqat to‘rt kun o‘tib!.. Yana ruhimni quvonch seli bosdi! Qoyil! Va Termizdagi majlisda aytilgan barcha rejalar o‘z muddatida bajarilishiga ishonchim komil bo‘ldi.

Prezidentimiz yig‘in so‘ngida shu taxlit rejalar bilan barcha viloyatga va Qoraqalpog‘istonga borilishini ta’kidlab o‘tdi! Yana mamlakat kelajagini barpo etish yo‘lida ommaviy jadal harakat! Bir zum bo‘shashmaydigan, el dasturxoniga baraka beradigan rejalar. Bu rejalarning asoschisi Shavkat Miromonovich ham bir zum tinim bilmaydigan, mudom xalq manfaati uchun kuyib-yonadigan inson! Ezgu niyatlariga farishtalar omin deydi! Parvardigor rahmat eshigini ochadi!

Men yaqin kelajakda yurtimizning eng ilg‘or mamlakatlar qatoridan o‘rin olishiga ishonaman. Bu ishonchimga qo‘shilmaydiganlar bo‘lsa, Jahon bankining O‘zbekistonning rivojlanish sur’ati haqidagi raqamlariga murojaat etsin. Bank 2026 yilda mamlakatimiz yalpi ishlab chiqarishi sur’atini 7,7 foiz etib, prognoz beryapti. Xorijlik mutaxassislarning fikricha, o‘n-o‘n ikki yildan keyin O‘zbekistonning yalpi ishlab chiqarishi trillion dollardan oshar ekan! Trillion! Bular osmondan olingan emas, aniq faktlar tahlili asosida yuzaga kelgan raqamlar! Ko‘z tegmasin!

Uzr, xorijlik mutaxassislarni ham xijolat etib qo‘yyapmiz! Yuqoridagi raqamlarni yozgandan keyin hozirgina o‘qib qoldim: o‘sishimiz sur’ati ularning taxminidan juda yuqori — 8,7 foizdan ziyod ekan!

4

Dunyoning ulug‘ donishmandlari insoniyatni tutib turgan qadriyatlar haqida oxir-oqibat yagona xulosaga kelgan. Insonlar, xalqlar, davlatlar o‘rtasidagi munosabatlarga o‘zi ham aralashib, ne-ne g‘avg‘olarni boshdan o‘tkazgan Alisher Navoiy bir kuni mana bunday satrlarni bitgan:

Olam ahli, bilingizkim,

ish emas dushmanlig‘,

Yor o‘lung bir-biringizgaki,

erur yorlig‘ ish.

Bu bayt ma’nosini barcha anglab turgan bo‘lsa ham mayli, sharhlab qo‘yay: “Dunyo odamlari, — deyapti shoir, — bilib qo‘ying: dushmanlik yaxshi ish emas. Bir-biringiz bilan do‘st bo‘ling, insonga faqat do‘stlik yarashadi”.

Shavkat Miromonovich, nazarimda, hali Prezidentlik lavozimiga saylanmasdan oldin ham “dushmanlig‘ ish emas” ekanini chuqur tushungan. Markaziy Osiyodagi qondosh-jondosh mamlakatlar o‘rtasida avj olgan noxushliklarni yuragi achishib kuzatgan. U boshqargan Vazirlar Mahkamasining vazifasi xo‘jalik yuritish bo‘lgani uchun qo‘shnilar bilan munosabatimiz yomonligi tufayli rivojlanish imillayotganini teran his qilgan. Eng muhimi, bu g‘alvalardan odamlar ham azoblanayotganini o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan.

Albatta, shunday bo‘lgan! Shu bois, ­Shavkat Miromonovich mamlakat boshqaruvi jilovini o‘z qo‘liga olgach, bir zum tin olmay, avvalo, qo‘shnilar bilan qardoshlik-qarindoshlik rishtalarini tiklay boshladi. Bu ish qancha og‘ir-yengil kechgani faqat shu ezgu niyatli odamning o‘ziga ma’lum. Ammo natija qutlug‘ — qo‘shni mamlakatlarga yo‘limiz tushsa, O‘zbekistonning bir fuqarosi sifatida biz ham izzat-hurmat ko‘ryapmiz.

Surxondaryo viloyati uchta mamlakat bilan chegaradosh. Sho‘rolar davrida, masalan, Tojikiston bilan O‘zbekiston o‘rtasida chegara bor-yo‘qligi esimizga ham tushmasdi. Termiz yopiq shahar bo‘lgani uchun Dushanbega ham uchib borib, Surxonga o‘tib ketaverardik. Ba’zilar kattaroq bozor-o‘charini Dushanbega borib qilardi... Ammo mustaqillikdan keyin bir muddat o‘tgach, hamma o‘ziga xon, o‘ziga bek bo‘lib oldi. Chegaradan o‘tish ushalmas orzuga aylandi!

Hozir tarixga aylangan boshog‘riq bu kunlardan bir shingil voqeani kuni kecha hikoya qilib berishdi. Sariosiyoda yashaydigan bir keksa ayolning Regardagi singlisi vafot etganda jigarining qabrini ziyorat etish uchun sakkiz yil urinib, chegaradan o‘tolmagan ekan. Regar bilan Sariosiyoning orasi, ha boringki, yarim soatlik yo‘l!

Ikki mamlakat o‘rtasida do‘stlik-birodarlik munosabatlari o‘rnatilgach, qarindoshlar bu uzoq ayriliqdan so‘ng yig‘lab-siqtab yuz ko‘rishdi. Dushanbedan shuvillab mashinalar Surxondaryoga keladigan, uch-to‘rt sariosiyolik do‘stlar “Dushanbeni bir aylanib kelaylik”, deb yo‘lga chiqadigan bo‘ldi. Bir qadam yo‘l! Ertalab borib, kechqurun qaytib kelasiz!

Tojikistonni boshqa hududlar, qo‘yingki, jahon bilan bog‘lovchi asosiy yo‘llar yurtimiz orqali o‘tadi! Endi bunday imkoniyatlarga ega tojik xalqining xurramligi nechog‘liq bo‘lganini tasavvur eting!

Shu sababdan Shavkat Miromonovich bu qo‘shnilarimiz yurtiga tashrif buyurganda, Emomali Rahmon sahnadan turib, hazil aralash juda zo‘r lutf etgan edi: “Bular, — dedi u zalni to‘ldirib o‘tirgan tojik xalqi vakillariga ishora etib, — sizni mendan ham ortiq yaxshi ko‘radi!”. Mana hurmat! Mana qardoshlik!

Prezidentimizning bu tashrifidan so‘ng bir muddat o‘tgach, besh-olti yozuvchi jam bo‘lib, Dushanbega bordik. Maqsadimiz Boysunda tug‘ilgan do‘stimiz, Tojikiston xalq yozuvchisi Sattor Tursun vafoti munosabati bilan yaqinlariga hamdardlik bildirish edi. Yoz kunlari. Egnimizda yozlik engil-bosh... Aeroportda esa bizni o‘n-o‘n besh chog‘li kishi — oppoq ko‘ylak, qora kostyum-shim kiygan tojik do‘stlarimiz kutib oldi. Ertasi kuni kutilmaganda Tojikiston Yozuvchilar uyushmasida qardosh adabiyotlarimiz aloqalari haqida konferensiya o‘tkazildi. Yana hamma o‘sha rasmiy kiyimda. Ko‘chada esa yoz... Birodarlar, bu tarzda majlisning nomini izzat-ikrom deydilar! O‘zbeklarga izzat-ikrom!

Bizni Surxondaryoga olib ketgani yurtimizdan og‘aynilar keldi. Men yo‘lda qanday ketsak bo‘ladi, avtomobillarni haydovchilar qaysi tezlikda haydasa ma’qul, milisalar to‘xtatsa, qanday muomala qilish kerak deb so‘rab qoldim. Har holda mashinalarimiz raqami O‘zbekistonniki-da! Tojik do‘stlarning javobi meni hayron qoldirdi:

— Har qanday tezlikda haydayveringlar! Milisalar to‘xtatmaydi! Prezidentimiz “O‘zbeklar mening mehmonim — ularga hech kim teginmasin”, deb yuqori minbarda aytgan!

Qalay?

Bu gaplar o‘zbek xalqiga hurmatning eng cho‘qqisi edi.

Ikki xalq o‘rtasidagi bu izzat-hurmatning qaytishi, yanada yuqori darajaga ­ko‘tarilishi Shavkat Miromonovichning jonkuyarligi, samimiy — diplomatik mahorati va insoniy fazilatlari bilan bog‘liq edi.

Yaqinda atoqli o‘zbek shoiri Shavkat Rahmon tavalludining 75 yilligini nishonlash uchun O‘sh shahriga bir guruh ijodkorlar bilan yo‘lga chiqdik. Ilgari ham O‘sh safarida bo‘lganman. Chegara mashmashalarini o‘ylab, ko‘nglim xijil bo‘lib borayotgandim. Ammo bezovtalikka o‘rin yo‘q ekan. O‘zbekiston fuqaroligiga oid hujjatlarimizni ko‘rsatib, bemalol o‘tib ketaverdik. Qirg‘izlar ham yurtimizga shunday kirib kelyapti.

Bu bemalollikni yaratgan, ikki xalq o‘rtasida ishonch va haqiqiy do‘stlikni qayta barpo etgan insonlarni alqadik. Axir, bu ikki qo‘shni xalq o‘rtasidan nimalar o‘tmagan edi!

Shavkat Rahmonning yubileyiga bag‘ishlangan ijodiy kecha nihoyatda baland saviyada o‘tdi. Majlisda Qirg‘iziston hukumatining bosh kotibi, nufuzli TURKSOY tashkiloti rahbari, O‘sh shahri hokimi qatnashdi va nutq so‘zladi. Shavkat Rahmon o‘qigan maktabga va shaharning katta ko‘chalaridan biriga shoir nomi berildi.

Albatta, bu katta shoir shunday ehtiromga arziydi. Shubha yo‘q. Ammo baribir bu samimiy ehtiromning sababchisi Shavkat Miromonovich ekanini ham har daqiqada his qilib turdik.

Kamina Qozog‘iston safarida bo‘lganimda do‘stlarning xuddi shunday mehriga duch keldim. Bir emas, bir necha mukofot bilan taqdirlandim. Hatto xorijiy bir mamlakatning adabiy mukofoti ham qozoq do‘stlarimizning tavsiyasi bilan menga topshirildi. Agar munosabatlarimiz avvaldagiday g‘arazli kechganda, shunday hol ro‘y berarmidi?!

Markaziy Osiyo xalqlari o‘rtasidagi bu ittifoqchilikning, bag‘rikenglikning va mehru muhabbatning bosh me’mori Shavkat Miromonovich ekanini hozir barcha ko‘rib turibdi. Xorijliklar ham bu mintaqani rivojlanish sari boshlab boradigan kuch sifatida O‘zbekistonga qaramoqda.

Men, asosan, azaliy yaqin qo‘shnilarimiz bilan munosabatlar haqida yozdim. Har kuni o‘zgarayotgan bu chigal dunyodagi boshqa mamlakatlar bilan munosabatlarimiz ham aytishga arzigulik ekanini ta’kidlab o‘tmoqchiman. Masalan, Afg‘oniston bilan yetarli darajada aloqalar o‘rnatganmiz. Axir bu mamlakat orqali okeanlarga chiqish orzumiz bor!.. Hozir shundoq Amudaryodagi ko‘prikdan o‘tib, o‘zbek tuprog‘iga qadam qo‘yilgan joyda “O‘zbekiston — Afg‘oniston chegara oldi savdo hududi” bunyod etilgan. Qator-qator do‘konlar, mehmonxonalar, oshxonalar... Savdo-sotiq avjida. Hudud to‘lib-toshib ketyapti. Prezidentimiz bu hududga yana qo‘shimcha yer ajratish haqida topshiriq berdi.

Albatta, bu yon qo‘shnilarimiz ham O‘zbekiston rahbari sha’niga iliq so‘zlar aytgani-aytgan...

Dunyoda haqiqiy obro‘ga ega bo‘lish oson ish emas. Bu rutbaga iste’dodli, o‘zini ayamay mehnat qiladigan, farosatli, boshqalarning ham manfaatini hurmat etadigan, o‘z mamlakatini ham jonidan yaxshi ko‘radigan siyosiy arboblargina sazovor bo‘ladi.

Mana shunday obro‘ga ega bo‘lganlardan biri esa bizning Prezidentimiz — Shavkat Miromonovich! Ha, o‘zimizning Prezidentimiz!

5

Mamlakatimizdagi o‘zgarishlarning oqimi juda katta. Ularning hammasi “Men — o‘zbekman!” deganlarni quvontiradi.

Masalan, keyingi oylardagina ro‘y bergan qator yangiliklar hali-hanuz meni hayratga solib kelyapti.

Agar ikki-uch yil avval birov “Barchamizning jonimizga tekkan shu paxtadan sakson-to‘qson sentnerdan hosil olinadi”, desa, kamina “Qo‘ysang-chi”, deb kulishi aniq edi. Ammo xuddi shunday bo‘ldi! Yana qayerda deng? Sirdaryoda! Bu viloyatda talabaligimda paxta terganman. O‘rtacha yigirma sentnerdan hosil olinsa, do‘ppi osmonga otilardi! Endi esa... Odam ishonmaydi. Hatto dehqonlarning o‘zi ham chanoqlar boshdan-adoq ochilgan paxtazorga qarab, hayrat bilan gapirganiga guvoh bo‘lganman. Xorijdan urug‘lik keltirildimi? Keltirildi. Ammo o‘zimiz ham qarab turganimiz yo‘q. “Porloq” navli g‘o‘zamiz xorijiy navlardan ortiq bo‘lsa ortiq, lekin kam emas!

Bir jumla bilan bilan aytilganda, paxtachilikda inqilob ro‘y berdi!

Hayratlanarli yana bir voqea.

Olmaliqda 3-mis boyitish fabrikasi ishga tushirildi. Bunday fabrikalar qurilib, ishga tushirilish jarayoni butun jahonda o‘n yilga cho‘zilar ekan. Bizda esa to‘rt yilda (ha, to‘rt yilda!) amalga oshirildi. Bu muddatga hatto o‘zimizning eng katta mutaxassislar ham, amerikalik hamkor ham ishonqiramagan ekan. Mana shu amerikalik endi butun jahonni O‘zbekistonning bu tezkor tajribasini o‘rganishga chaqirdi.

Yana bir hayrat. Faqat men emas, hali o‘zbeklarning necha-necha avlodi g‘ururlanadigan mo‘jiza — Islom sivilizatsiyasi markazining bunyod etilishi. Bu markaz ajib did bilan qurilgan koshona. Devorlarida qo‘l bilan ishlangan naqshlar, butun dunyodan yig‘ib kelingan — ilgari o‘zimizdan olib chiqib ketilgan noyob eksponatlar, Usmon Qur’oni, qadimiy qo‘lyozmalar... Ularni namoyish etish uchun eng zamonaviy texnologiyalarning qo‘llanishi...

Shavkat Miromonovich markazning qurilishi haqida qiziq tushuntirish berdi: “Bu markazning qurilishida shoshmadik. Sakkiz yilda oxiriga yetkazdik...”.

Bu izoh menga juda yoqdi. Chunki navbatdagi bir imorat emas, balki san’at asari qurilayotgan edi! San’at asari yaratilishiga xuddi shunday sabr-toqat bilan yondashiladi! Prezidentimiz mana shu noziklikni anglagan!

Xullas, asrlarga tatigulik inshoot dunyoga kelgan.

Men internetda bu mo‘jizani tomosha qilish uchun borayotgan ikki kishining suhbatini eshitdim.

— Sen, — dedi ularning biri imorat bor bo‘yicha ko‘ringach, — Tojmahalni ham ko‘rgansan. Qaysi zo‘r?..

— Bu zo‘r-ov, — dedi hamrohi binoga nazar tashlab. So‘ng ishonch bilan bir qarorga keldi. — Bu zo‘r!

Tamom, vassalom! Bu zo‘r!

Bunday bunyodkorliklar haqida yozaversam, ado bo‘lmaydi shekilli.

Bugun internetni ochdim. Mana, tilga olingan yangiliklar: Toshkentdan Xorazmga yo‘l olgan “Jaloliddin Manguberdi” tezyurar poyezdi, Toshkent viloyati markazidan Bekoboddan aylantirilib, Yangiyerga boradigan yangi 111 kilometrli yangi temir yo‘l qurilishi, Samarqandga boradigan yangi tezkor yo‘l, Toshkentdagi yangi aeroportdagi asosiy ishlarning boshlanishi...

Nazarimda, hayratlarimning endi cheki bo‘lmaydi.

So‘ngso‘z o‘rnida

Sport ishqiboziman. Ishqibozligimni biladigan Xayrulla degan jurnalist

ukam — to‘qsoninchi yillarning oxirida bo‘lsa kerak, futbol gazetalaridan biriga intervyu olib qoldi.

— Mana, Yaponiya futbol jamoasi jahon chempionati finaliga yo‘llanma oldi, — dedi u. — Biz qachon jahon chempionatiga chiqamiz?

— Endi, — dedim men atrofimdagi voqeliklarni bir zum ko‘z oldimga keltirib, — mamlakatimizning Yaponiyaga mengzab rivojlanishini kutamiz-da, ukam.

Orzumizga erishdik. Futbolchilarimiz final yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. Demak... Yaponiyaga mengzab ketyapmizmi? Shunga juda o‘xshaydi. Har holda rivojlanishimiz sur’ati kunchiqar yurtnikidan ancha baland.

Ishonchim komil, shunday bo‘ladi!

Chunki Vatanimizning bugunini va ­ertasini yaratishga vatanparvar, xalqparvar, ishbilarmon va adolatli inson bel bog‘lagan!

Usmon AZIM,
O‘zbekiston xalq shoiri

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid