O‘zbekiston | 08:36
1838
2 daqiqa o‘qiladi

Telegram orqali aldangan buxgalter firibgarlarga 1 mlrd so‘m o‘tkazib berdi

Buxoroda buxgalter bo‘lib ishlovchi ayol Telegram orqali o‘zini Markaziy bank xodimi deb tanishtirgan firibgarlarga ishonib, 1 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ini yo‘qotdi. Kiberjinoyatchilar pullarni drop-kartalar orqali yechib olib, bir qismini kriptovalutaga aylantirgan.

Ma’lum qilinishicha, hodisa 2025 yil dekabr oyida sodir bo‘lgan. Jinoyat sxemasi tafsilotlari IIV tomonidan 10 may kuni ochiqlangan.

Firibgarlar ayol bilan Telegram orqali bog‘lanib, o‘zlarini Markaziy bankning mas’ul xodimlari sifatida tanishtirgan. Ular tijorat banklari xodimlari uning jamg‘armalarini o‘g‘irlashga urinayotganini aytib, mablag‘larni “xavfsiz kartalar”ga o‘tkazishni tavsiya qilgan.

Natijada jabrlanuvchi to‘rtta turli bankdagi barcha mablag‘larini firibgarlar aytgan hisoblarga o‘tkazib bergan. Umumiy zarar miqdori 1 milliard 9 million so‘mni tashkil etgan.

Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, jinoyatchilar pullarni drop-kartalar orqali bir nechta hududlarda aylantirgan. Bu kartalar Toshkent, Xorazm, Andijon va boshqa hududlardagi shaxslar nomiga rasmiylashtirilgan bo‘lgan.

Sxemada hatto voyaga yetmaganlar va talabalar ham ishtirok etgani aytilmoqda. Ular bank kartalarini vositachilarga 100 ming so‘mdan 1 million so‘mgacha bo‘lgan mablag‘ evaziga sotib yuborgan.

Qo‘lga kiritilgan mablag‘lar turli shaharlardagi bankomatlar orqali naqdlashtirilgan yoki kriptovalutaga aylantirilgan.

Buxoro viloyati IIB Kiberjinoyatlarga qarshi kurash boshqarmasi xodimlari Toshkent shahrida o‘tkazgan tezkor tadbir davomida jinoiy guruhning ikki nafar asosiy tashkilotchisini qo‘lga olgan.

Ularning qimmatbaho avtomashinalari ko‘zdan kechirilganda o‘nlab telefonlar, SIM-kartalar hamda 100 million so‘mdan ortiq naqd pul musodara qilingan.

Hozirda gumonlanuvchilarga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Ma’lum qilinishicha, talon-toroj qilingan 1 milliard 9 million so‘m mablag‘ to‘liq undirilib, jabrlanuvchi foydasiga qaytarilgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid