Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
AQSh bilan mehnat migratsiyasi bo‘yicha yangi kelishuvlarga erishildi
O‘zbekiston delegatsiyasi Nyu-York shahrida o‘tkazilgan Xalqaro migratsiyani ko‘rib chiqish forumi doirasida AQShning qator ta’lim muassasalari, ish beruvchilari va yuridik tashkilotlari bilan mehnat migratsiyasi sohasida yangi hamkorlik yo‘nalishlarini muhokama qildi. Uchrashuvlar yakunlariga ko‘ra tibbiyot, transport va qishloq xo‘jaligi sohalarida kadrlar tayyorlash hamda ishga joylashtirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
Foto: Migratsiya agentligi
Migratsiya agentligi, Tashqi ishlar vazirligi hamda O‘zbekistonning AQShdagi elchixonasi mas’ullaridan iborat delegatsiya International Migration Review Forum doirasida xalqaro hamkorlar bilan qator uchrashuvlar o‘tkazdi.
Forum ochilishida Antonio Guterrish va Emi Poup global migratsiya siyosati bo‘yicha asosiy yo‘nalishlar haqida fikr bildirdi.

Migratsiya agentligi rahbari Behzod Musayev O‘zbekistonda migratsiya sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, kasbiy va til tayyorgarligi tizimi hamda xalqaro hamkorlik natijalari haqida ma’lumot berdi.
U o‘z nutqida mehnat migratsiyasi faqat iqtisodiy zarurat emas, balki inson kapitaliga investitsiya sifatida baholanishi lozimligini ta’kidladi.
Shuningdek, Xalqaro migratsiya tashkiloti bosh direktori o‘rinbosari Ugochi Deniyels bilan xorijda mehnat qilayotgan fuqarolar huquqlarini ta’minlash va Toshkentda o‘tkazilishi rejalashtirilgan xalqaro migratsiya forumi tashkiliy masalalari muhokama qilindi.

Uchrashuvlar doirasida AQShning Logan University universiteti bilan tibbiyot xodimlarini AQSh mehnat bozori uchun maqsadli tayyorlash, qo‘shma ta’lim dasturlarini yo‘lga qo‘yish va inson resurslarini rivojlantirish bo‘yicha hamkorlik shartnomasi imzolandi.
Shuningdek, Missouri Trucking School vakillari bilan 160 soatlik maxsus dastur orqali yuk avtomobili haydovchilarini AQSh standartlari asosida tayyorlash va ishga joylashtirish mexanizmlari muhokama qilindi.

Qishloq xo‘jaligi sohasida esa National Council of Agricultural Employers bilan mehnat forumlari tashkil etish va mavsumiy ish dasturlarini kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Bundan tashqari, Head Honchos bilan H-2A vizalarini rasmiylashtirish, o‘zbekistonlik qishloq xo‘jaligi xodimlarining salohiyatini AQShda targ‘ib qilish va 8–10 haftalik tayyorlov dasturlarini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.

Ballon Stoll yuridik firmasi bilan esa O, H-2A, H-2B, H-1B va E turidagi vizalar orqali ishlash imkoniyatlari hamda AQShda mehnat qilayotgan o‘zbekistonliklarning huquqiy himoyasini kuchaytirish masalalari muhokama qilindi.
Mavzuga oid
12:57
Tramp amerikaliklarning iqtisodiy qiyinchiliklari uni Eron bilan kelishuvga undamasligini aytdi
10:52
Trampning Eronga qarshi urushi AQSh iqtisodiyotiga qanday ta’sir qilyapti?
09:07
Donbass masalasi bo‘yicha Trampning bayonoti e’lon qilindi
08:40