O‘zbekiston | 22:59 / 13.05.2026
3867
1 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonning ilk kosmonavti 2028 yilda koinotga uchiriladi

Hozir AQSh, Rossiya va Xitoy bilan shu haqda muzokaralar olib borilmoqda.

O‘zbekistonning ilk milliy kosmonavtini 2028 yil oktyabriga qadar koinotga uchirish rejalashtirilgan. Bu haqda «O‘zbekkosmos» agentligi direktori o‘rinbosari Muhiddin Ibrohimov ma’lum qildi.

Uning aytishicha, parvoz 14 kun davom etadi. Hozir inson ishtirokidagi kosmik parvozlarni amalga oshirish imkoniyatiga ega uchta davlat — AQSh, Rossiya va Xitoy bilan muzokaralar olib borilmoqda.

Ta’kidlanishicha, barcha tomonlar hamkorlikka tayyorligini bildirgan va o‘zbekistonlik kosmonavt fazodan ma’lum ilmiy tajriba (tibbiyot, biologiya, genetika va boshqa ustuvor yo‘nalishlar) natijalari bilan qaytishi rejalashtirilgan.

Nomzodlar uchun quyidagi talablar belgilangan: yoshi 27-40, oliy ma’lumotli, bo‘yi 160-190 sm, vazni 50-95 kg, xorijiy tillarni bilishi.

Avvalroq, kosmonavtni tanlash jarayoni umumxalq dasturi shaklida tashkil etilishi aytilgan edi. Buning uchun maxsus davlat komissiyasi tuziladi va kosmonavtlarni tanlash, tayyorlash va parvoz masalalarini muvofiqlashtiradi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid