O‘zbekiston | 10:21
2506
2 daqiqa o‘qiladi

Surxondaryoda Qizil kitobdagi qushni ovlab, iste’mol qilganlar aniqlandi

Surxondaryo viloyatida Qizil kitobga kiritilgan noyob pushti saqoqqushni ovlab, iste’mol qilgan fuqarolar aniqlandi. Holat yuzasidan ekologiya va huquqni muhofaza qiluvchi idoralar tomonidan tekshiruv ishlari olib borilmoqda.

Foto: Videodan kadr

Viloyat Ekologiya boshqarmasi ma’lumotiga ko‘ra, Jarqo‘rg‘on tumani fuqarosi tanishlari bilan Termiz tumanidagi Uchko‘l massiviga borgan vaqtida ikki bosh noyob qush ovlanib, iste’mol qilinganiga guvoh bo‘lganini ma’lum qilgan.

Taqdim etilgan foto va videolarda bir necha fuqaroning jonsiz pushti saqoqqush bilan tushgani aks etgan. Tekshiruv jarayonida ular bu holatni «shunchaki qiziqish» bilan izohlagan.

Ekopolitsiya tomonidan olib borilgan o‘rganishlarda ushbu fuqarolar ovchilik bilan shug‘ullanib kelgani va ularda ov qurollari mavjudligi aniqlangan. Qurollar vaqtincha saqlash uchun ichki ishlar bo‘limi tomonidan olib qo‘yilgan.

Mutaxassislar hisob-kitobiga ko‘ra, Qizil kitobga kiritilgan noyob qushning tabiatdan noqonuniy ajratib olinishi oqibatida hayvonot dunyosiga 206 million so‘m miqdorida zarar yetkazilgan.

Holat yuzasidan to‘plangan hujjatlar huquqiy baho berish uchun prokuratura organlariga yuborilgan.
 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid