Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Tramp va Si Jinping Pekinda uchrashuv o‘tkazdi
Xitoy raisi Si Jinping 14 may kuni Pekinga kelgan AQSh prezidenti Donald Tramp uchun tantanali qabul marosimi uyushtirdi. Oq uy rahbari Xitoy poytaxtida harbiy sharaf bilan kutib olindi.
Foto: Kenny Holston/Pool The New York Times/dpa/picture alliance
Tramp va Si Pekin markazidagi Tyananmen maydonida joylashgan Xalq vakillari yig‘ini saroyida telekameralar qarshisida qo‘l siqishib ko‘rishdi.
Uchrashuv davomida Donald Tramp: “Sizning do‘stingiz bo‘lish men uchun katta sharaf. Xitoy va AQSh munosabatlari har qachongidan ham yaxshi bo‘ladi”, — dedi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, ikki davlatni “ajoyib umumiy kelajak” kutib turibdi.
Si Jinping esa amerikalik prezident tashrifi “dunyo yangi burilish nuqtasiga kelib qolgan bir vaqtda” amalga oshganini ta’kidladi. Xitoy rahbari AQSh va Xitoy “raqib emas, balki hamkor bo‘lishi kerak”ligini aytdi. Uning fikricha, bu nafaqat ikki davlat, balki butun dunyo uchun ham foydali.
Tramp bilan birga Pekinga AQSh hukumati va biznes doiralari vakillari ham tashrif buyurgan.
Davlat delegatsiyasi tarkibiga AQSh davlat kotibi Marko Rubio, moliya vaziri Skott Bessent, mudofaa vaziri Pit Hegset kirgan. Biznes vakillari orasida esa Apple rahbari Tim Kuk, Tesla rahbari Ilon Mask bor.
Muzokaralarning asosiy mavzularidan biri AQSh va Isroilning Eron bilan qarama-qarshiligi bo‘lishi kutilmoqda.
Marko Rubio ma’lum qilishicha, Vashington Xitoydan Ho‘rmuz bo‘g‘ozidagi blokadani yumshatishda yordam kutyapti. Uning aytishicha, Pekin ham ushbu strategik dengiz yo‘lining ochilishidan manfaatdor, chunki u yerda Xitoy kemalari ham to‘silib qolgan.
Rubio shuningdek, energetik inqiroz oqibatlari Xitoy iqtisodiyotiga ham salbiy ta’sir qilayotganini, chunki global talab pasayishi Xitoy eksportiga zarar yetkazayotganini ta’kidladi.
Uchrashuvda Tayvan atrofidagi vaziyat va AQSh–Xitoy savdo munosabatlari ham muhokama qilinishi kutilmoqda.
2025 yil oktyabrida Janubiy Koreyada bo‘lib o‘tgan avvalgi uchrashuvda Tramp va Si Xitoyning nodir metallar eksportiga to‘siqlarni kamaytirish, fentanil inqirozi sabab AQSh joriy qilgan bojlarni qisqartirish bo‘yicha kelishuvga erishgan edi.
Kuzatuvchilar fikricha, Pekindagi yangi muzokaralarda ham savdo mojarolarini yumshatish masalasi davom ettiriladi.
Donald Trampning Xitoyga tashrifi ikki kun davom etadi. U bundan avval Xitoyga 2017 yilda — birinchi prezidentlik muddatida tashrif buyurgan edi.
Mavzuga oid
17:51 / 13.05.2026
«Do‘stlik – abadiy, dushmanlik – hech qachon» - Tojikiston va Xitoy o‘rtasida hamkorlik shartnomasi imzolandi
09:07 / 13.05.2026
Donbass masalasi bo‘yicha Trampning bayonoti e’lon qilindi
09:35 / 10.05.2026
Dunyoning eng qudratli 2 kishisi yana uchrashish arafasida. Kutilmalar qanday?
01:20 / 10.05.2026