Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Dunyodagi eng yirik portlar reytingi e’lon qilindi
Dengiz portlari hozir ham jahon savdosining asosiy tayanchi bo‘lib qolmoqda. Elektronika, kiyim-kechak, sanoat mahsulotlari va zamonaviy tovarlarning katta qismi aynan konteyner tashuvlari orqali dunyo bo‘ylab yetkazib beriladi.
Foto: REUTERS
2024 yilda jahon portlari orqali taxminan 743 million TEU konteyner o‘tgan. TEU — 20 futlik standart konteyner hajmiga asoslangan xalqaro o‘lchov birligi hisoblanadi. Bu hajmning yarmidan ko‘pi dunyoning atigi 20 ta eng yirik porti hissasiga to‘g‘ri kelgan.
Visual Capitalist tayyorlagan infografikada Lloyd’s List One Hundred Pors 2025 ma’lumotlari asosida dunyodagi eng yirik konteyner portlari reytingi taqdim etilgan.
Bugungi kunda jahon konteyner tashuvlarining 40 foizdan ortig‘i Xitoy hissasiga to‘g‘ri keladi. Bu mamlakatning global ishlab chiqarish va eksport zanjirlaridagi hal qiluvchi rolini ko‘rsatadi.

Dunyodagi eng yirik oltita portning beshtasi Xitoyda joylashgan. Absolyut yetakchi esa Shanhay porti bo‘lib qolmoqda.
2024 yilda Shanhay porti 51,5 milliondan ortiq TEU konteynerni qayta ishlagan va dunyodagi eng band port maqomini saqlab qolgan. Ikkinchi o‘rindagi Singapur porti esa undan 10 million TEU'dan ortiq orqada qolgan.
Xitoyning boshqa yirik portlari ham juda yuqori ko‘rsatkichlarga ega: Ninbo-Chjoushan porti — 39,3 mln TEU, Shenchjen — 33,4 mln TEU, Tsindao — 30,9 mln TEU, Guanchjou porti — 26,1 mln TEU
Bu portlarning har biri konteyner aylanmasi bo‘yicha Singapurdan tashqari barcha xorijiy portlardan ustun.
Mutaxassislar fikricha, Xitoy portlarining yetakchiligi nafaqat mamlakatning “dunyo fabrikasi”ga aylangani, balki tarixiy savdo an’analari bilan ham bog‘liq.
Masalan, 1757–1842 yillarda Guanchjou (o‘sha davrda Kanton) G‘arb davlatlari bilan savdo qilish uchun ochiq bo‘lgan yagona Xitoy porti edi.
Osiyo davlatlari bugun dunyodagi eng yirik portlarning qariyb to‘rtdan uch qismiga egalik qilmoqda. Ular orasida: Pusan porti — 24,4 mln TEU, Malayziyadagi Port-Klang — 14,6 mln TEU.
Singapur va Port-Klang Malakka bo‘g‘ozi yaqinida joylashgan bo‘lib, bu orqali dunyo savdosining taxminan 25–30 foizi o‘tadi.
Osiyodan g‘arbdagi eng yirik port — Jyebel Ali porti hisoblanadi. Dubayda joylashgan ushbu port 15,5 million TEU konteynerni qayta ishlagan. U dunyodagi eng yirik sun’iy gavan sifatida taniladi va DP World kompaniyasiga tegishli.
Yevropada: Rotterdam porti — 13,8 mln TEU, Antverpen-Bryugge porti — 13,5 mln TEU.
AQShning eng yirik portlari Kaliforniyada joylashgan: Los-Anjyeles porti — 10,3 mln TEU (16-o‘rin), qo‘shni Long-Bich — 9,5 mln TEU (19-o‘rin).
Reytingda Afrikadan faqat bitta port — Marokashdagi Tanjyer-Med bor. U 10,2 million TEU konteynerni qayta ishlagan.
Markaziy va Janubiy Amerika portlari esa dunyoning eng yirik 20 ta konteyner xabi qatoriga kirmagan.
Mavzuga oid
08:17 / 11.05.2026
Mis zaxiralari qaysi davlatlarda to‘plangan? Jahon reytingi
08:38 / 22.04.2026
Eng ko‘p sotilgan videoo‘yinlar reytingi e’lon qilindi
08:04 / 17.04.2026
Dunyoning eng kuchli suvosti flotlari ma’lum qilindi
07:47 / 15.04.2026