Jamiyat | 11:02
614
2 daqiqa o‘qiladi

Odil Yoqubovning “Ulug‘bek xazinasi” romani ingliz tilida chop etildi

O‘zbekiston xalq yozuvchisi Odil Yoqubovning “Ulug‘bek xazinasi” romani ingliz tilida jahon kitobxonlariga taqdim etildi.

Foto: O‘zA

Ushbu nashr – 2026 yilda adib tavalludining 100 yilligi munosabati bilan o‘tkazilishi rejalashtirilgan yubiley tadbirlari oldidan madaniy tuhfa bo‘ldi, deya xabar berdi “O‘zA”.

2025 yilda adibning 100 yillik yubileyiga bag‘ishlangan tashabbus doirasida yozuvchining rafiqasi – “Do‘stlik” ordeni sohibasi Maryam aya Shariatullayeva (Yoqubova) tomonidan berilgan oq fotiha va rozilik asosida “Ulug‘bek xazinasi” romanini ingliz tiliga tarjima qilish loyihasi boshlangan edi.

Mazkur ilmiy-adabiy jarayon Andijon davlat chet tillar universiteti doktoranti Abdullajon Ro‘ziyev rahbarligida amalga oshirildi.

Keyinchalik loyiha universitet rahbariyatining qo‘llab-quvvatlashi bilan xalqaro hamkorlik darajasiga ko‘tarildi. Tarjima jarayonida amerikalik muharrirlar – Shimoliy Karolina universiteti bitiruvchisi Matyu Piyerro (Mattew Pierro) va Alon Shneydman (Alon Schenidman) faol ishtirok etdi.

Ularning hamkorligi natijasida roman ingliz tiliga tarjima qilinib, Amazon platformasida va O‘zbekistonda nashr etildi.

Mirzo Ulug‘bek hayoti, uning ilmiy-ma’rifiy merosi va tarixiy shaxs sifatidagi o‘rni tasvirlangan ushbu roman endilikda xalqaro kitobxonlarga O‘zbekiston tarixining muhim sahifalarini, milliy madaniyat va adabiy merosni yanada yaqinroq tanitish imkonini beradi.

Kitob zamonaviy nashr standartlariga muvofiq ravishda qattiq muqova (hardcover), yumshoq muqova (paperback) hamda elektron (ebook) formatlarda chop etildi va keng kitobxonlar ommasi uchun Amazon platformasi orqali dunyo bo‘ylab taqdim etildi.

Ma’lumot uchun, “Ulug‘bek xazinasi” romani dunyoning ellikka yaqin tillariga tarjima qilingan.

Kelgusi yilda Odil Yoqubovning “Qo‘hna dunyo” romanini ingliz tiliga tarjima qilib nashr etish ko‘zda tutilgan.

Комрон Чегабоев
Tayyorlagan Комрон Чегабоев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid