Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Sergelidagi qo‘lansa hid: muammo yechimi nimaga bog‘liq?
Toshkentning Sergeli tumani Qumariq mahallasi va uning atrofida yashovchilar yillar davomida yoqimsiz hiddan shikoyat qilishadi. Chunki aynan shu yerda Toshkentning oqova suvlari yig‘iladigan inshoot joylashgan.
Rasmiy izohlarda bu hidga asosiy sabab sifatida sanoat korxonalaridan kelayotgan oqava suvlar, teri sexlari, bo‘yoq ishlab chiqarish korxonalari va qushxonalarining oqava chiqindilari ko‘rsatiladi.
Bahorning ilk kunlaridan bu badbo‘ylik har doimgidanda kuchliroq tarqalayotgani muammo geografiyasi ham kengayganiga ishora qilmoqda.
Kun.uz muammoning sabablari va uning yechimlari bilan qiziqib ko‘rdi.
Mutasaddilarga ko‘ra, ayrim korxonalar tomonidan kanalizatsiya tizimiga oqiziladigan kuchli kimyoviy moddalar “Salar” oqova suv tozalash inshootidagi biologik tozalash jarayoniga salbiy ta’sir qiladi. Ya’ni bakteriyalar organik moddalarni parchalashi kerak bo‘lgan tizimga zaharli aralashmalar tushadi va bu mikroorganizmlarning nobud bo‘lishiga olib keladi.
2026 yil mart oyida Senatning Agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya qo‘mitasi “Salar” oqova suv tozalash inshooti faoliyatini joyida o‘rgandi. Rasmiy ma’lumotda inshootda oqova suvlar mexanik, biologik va dezinfeksiya bosqichlaridan o‘tishi, oqavani natriy gipoxloriti bilan zararsizlantirish uchun 62 ta uskuna ishlayotgani qayd etilgan. Shuningdek, tozalash jarayonida hosil bo‘lgan quyqalar inshoot hududidagi 35 ta maydonda qayta ishlanishi aytilgan.
Ammo aynan shu 35 ta maydon qanday ishlashi, u yerda ochiq havoda quritilayotgan kanalizatsiya quyqalari hid tarqalishiga qanchalik ta’sir qilishi haqida batafsil izoh berilmagan.
Aslida ushbu 35 ta maydonda quritilayotgan ahlat atrofga shamol tasirida noxush hid tarqalishiga olib kelmayaptimi?
Kun.uz shu savolga javob izlab, shu paytgacha keng jamoatchilikka ko‘p ham ko‘rsatilmagan hududda bo‘ldi. Bu maydonlarda quritilayotgan kanalizatsiya quyqalari shu qadar badboy hid tarqatganidan, arang tasvirga ololdik.



Ma’lum bo‘lishicha, bu oddiy quritilayotgan quyqa emas. Bu – aholi xonadonlaridan, hojatxonalardan, oshxonalar va hammomlardan kelgan oqova suvlar tozalanganidan keyin ajralib chiqadigan organik massa.
Bunday massa ochiq havoda turganda, ayniqsa issiq va shamolli kunlarda, atrofga noxush hid tarqatishi tabiiy.
Ammo “Toshkent shahar suv ta’minoti” AJ bosh muhandisi Umidjon Malikov yoqimsiz hid bu 35 ta maydondagi kanalizatsiya quyqalari bilan bog‘liq emasligini aytdi. Uning izohlashicha, biz ushbu maydonda bo‘lgan vaqtimizda “texnikalar bilan tozalash ishlari olib borilayotgani sababli badbo‘y hid tarqalgan, lekin qolgan paytlarda u yerdan hid chiqmaydi”.

Mas’ul muhandisga ko‘ra, xalq tilida “sassiq ko‘prik” deb ataladigan hududda kanalizatsiya quvurlarining birinchi mexanik tozalash nuqtasi joylashgan bo‘lib, quvurlarda bosim bilan keladigan har xil yoqimsiz hidga ega gazlar birdan shu mexanik tozalash inshootiga keladi.
Umidjon Malikov muammo yechimiga to‘xtalar ekan, 2026 yilning yoz oylarida qabul qilish kameralariga ikki bosqichli filtr qo‘yish rejalashtirilganini, filtr o‘rnatilgach, badbo‘y hid kamayishini bildirdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, kelgusida Toshkent viloyati Quyi Chirchiq tumanida boqichma-bosqich 1,5 million kub oqavani qabul qilishga mo‘ljallangan yangi oqava suv tozalash inshooti qurilishi yuzasidan taklif berilgan, lekin bu hozircha taklif sifatida qolmoqda. Uni amalga oshirish – moliyalashtirish manbasi topilishiga bog‘liq.
Biz ochiq ma’lumotlar asosidagi o‘rganishlarimizda, ayrim mamlakatlar tozalangan kanalizatsiya quyqasini ochiq quritishdan voz kechgani, biogazdan energiya olish yo‘lga qo‘yilgani, sanoat oqavalari uchun alohida kimyoviy tozalash liniyalari joriy etilgani ma’lum bo‘ldi.
Demak, yechimlar talaygina, asosiy masala esa mas’ullarda qolmoqda: aholini yillar davomida qiynab kelayotgan badbo‘y hidni bartaraf etishga yetarlicha e’tibor va mablag‘ qachon ajratiladi?
Mavzuga oid
17:59
O‘zbekiston kunlik suv iste’moli yuqori bo‘lgan davlatlar qatoriga kirdi
12:22
Mutlaq rekord: Toshkentda 912 marta qoida buzgan Matiz aniqlandi
12:11 / 15.05.2026
Hokimiyat shafeligida qurilgan uylar bitmay turib buziladigan bo‘ldi. Hokimga ishonganlar holi ne kechadi?
20:31 / 13.05.2026