Jamiyat | 14:30
1959
2 daqiqa o‘qiladi

Afg‘onistondan olib kelingan qariyb 600 kg narkotik modda to‘xtatib qolindi

Surxondaryodagi “Termiz-avto” chegara bojxona postida ekskavator ko‘targichi ichiga 593 kg gashish va 3 kg opiy yashirib, olib o‘tishiga urinib ko‘rishdi. Ekskavator esa yuk mashinasiga ortilgan bo‘lgan. Jinoiy guruh tong sahar vaqtda harbiy xizmatchilar sergaklikni yo‘qotishiga umid qilgan. 

Foto: Videodan kadr

Afg‘onistondan olib kelingan katta miqdordagi narkotik fosh etildi. Bu haqda Davlat xavfsizligi xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, DXXning tezkor bo‘linmalari va Chegara qo‘shinlari hamda Bojxona qo‘mitasi hamkorligida tezkor qidiruv tadbiri o‘tkazilgan. Unda qo‘shni davlatdan olib kelingan katta miqdordagi narkotik modda to‘xtatib qolingan. Jinoiy guruh tong sahar vaqtda harbiy xizmatchilar sergaklikni yo‘qotishiga umid qilib, narkotikni olib o‘tishni rejalashtirishgan.

Surxondaryo viloyatidagi “Termiz-avto” chegara bojxona postiga Afg‘onistondan kirib kelgan yuk mashina o‘rnatilgan tartibda tekshiruvdan o‘tkazilgan. Transport vositasi Afg‘oniston fuqarosi boshqaruvida bo‘lgan.

Yuk mashina tirkamasiga ortilgan ekskavator inspeksion ko‘rik majmuasi orqali skaner qilinganida, uning ko‘targich qismi ichida konstruksiyada ko‘rsatilmagan shubhali predmetlar borligi kuzatilgan. 

Shundan so‘ng, ekskavator tuynuklari endoskop maxsus texnik vositasi orqali ko‘zdan kechirilgan. Jarayonda ekskavatorning ko‘targich qismiga 593 kg gashish va 3 kg opiy yashirilgani aniqlangan. 

Holat yuzasidan Jinoyat Kodeksining 246 va 273-moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda ushbu narkotik modda egalarini qo‘lga olish choralari ko‘rilmoqda.

Avvalroq Farg‘onada yuk mashinasi g‘ildiraklaridan qariyb 20 kg narkotik topilgandi

Руслан Сабуров
Tayyorlagan Руслан Сабуров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid