Jahon | 08:56
1007
3 daqiqa o‘qiladi

Politico: Tramp Grenlandiya bilan alohida kelishuv tayyorlamoqda

AQSh prezidenti Donald Trampning Grenlandiya bo‘yicha maxsus vakili, Luiziana shtati gubernatori Jyef Lendri Nuuk shahriga ko‘p kunlik tashrif bilan yetib keldi. Bu haqda AFP agentligi va Sermitsiaq nashri xabar berdi.

Foto: REUTERS

Bu Lendrining mazkur lavozimga tayinlanganidan keyin Daniyaning avtonom hududi hisoblangan Grenlandiyaga ilk tashrifi hisoblanadi.

Ma’lum qilinishicha, u 19–20 may kunlari investorlar, siyosatchilar va biznes vakillarini jalb qilish maqsadida tashkil etilayotgan Future Greenland 2026 iqtisodiy forumida ishtirok etadi.

Sermitsiaq nashri yozishicha, Lendri bilan birga yana yetti nafarga yaqin kishi kelgan. AQSh delegatsiyasi joylashgan mehmonxonaga MAGA (Make America Great Again) shiori tushirilgan kepkalar solingan quti ham olib kelingan.

DR nashri jurnalisti bilan suhbatda Jyef Lendri Donald Tramp unga tashrif oldidan “u yerga borib, imkoni boricha ko‘proq do‘st orttirish”ni tavsiya qilganini aytgan.

18 may kuni AQShning Daniyadagi elchisi Ken Xaueri ham Grenlandiyaga yetib kelishi kutilmoqda.

AQSh elchixonasi bayonotida aytilishicha, amerikalik vakillar Grenlandiya aholisi bilan uchrashib, ularning fikrlarini eshitish, iqtisodiy imkoniyatlarni kengaytirish va ikki tomonlama munosabatlarni mustahkamlashni maqsad qilgan.

Donald Tramp Jyef Lendrini 2025 yil 22 dekabr kuni Grenlandiya bo‘yicha maxsus vakil etib tayinlagan edi.

O‘shanda Daniya OAV AQSh ma’muriyati Grenlandiya hukumati bilan Kopenhagenni chetlab o‘tib to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqalar o‘rnatishga harakat qilayotgani va orolda “yashirin ta’sir operatsiyalari” olib borayotganini yozgan.

Tramp avval ham AQSh milliy xavfsizligi nuqtai nazaridan Grenlandiya Vashington nazoratida bo‘lishi kerakligini bir necha bor ta’kidlagan. Uning fikricha, aks holda orol xavfsizligiga Xitoy yoki Rossiya tahdid solishi mumkin.

Politico nashri yanvar oyida Tramp ma’muriyati Grenlandiya bilan Daniya rasmiylarini chetlab o‘tgan holda erkin assotsiatsiya to‘g‘risidagi kelishuv loyihasini tayyorlayotgani haqida xabar bergan edi.

Grenlandiya bosh vaziri Yyens-Frederik Nilsen 12 may kuni Grenlandiya, Daniya va AQSh o‘rtasidagi muzokaralar hozircha aniq kelishuvlarga olib kelmaganini, biroq ma’lum darajada siljishga erishilganini bildirgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid