Sport | 16:55
9189
7 daqiqa o‘qiladi

Gvardiola «Siti»dan ketmoqda

Uning o‘rnini kim egallashi ham ma’lum.

Foto: Gettyimages/Stu Forster

Ispaniyalik mutaxassis Xosep Gvardiola mavsum yakunida «Manchester Siti»ni tark etadi. APLning 38-turida «Aston Villa»ga qarshi kechadigan uchrashuv uning Manchesterdagi so‘nggi o‘yini bo‘lib qoladi. 

Hammasi hal bo‘lgan

«Manchester Siti» muxlislarini karaxt holatga tushirgan dastlabki xabarni Daily Mail tarqatdi. Nashrning sport bo‘limi muharriri Oliver Holt Gvardiola mavsum yakunida «Siti»ni tark etishi va yakshanba kuniga xayrlashuv marosimi rejalashtirilganini xabar qildi.

Ko‘p o‘tmay ushbu ma’lumot BBC nashrida paydo bo‘ldi. Shunda ham ko‘pchilik bunga ishonmayotgandi – keyin futbol xabarlari bo‘yicha eng ishonchlisi hisoblangan The Athletic nashri jurnalisti Devid Ornshteyn ham bu ma’lumotni tasdiqladi. Hozircha klub yoki Gvardiolaning o‘zi tomonidan rasman e’lon qilinmagan bo‘lsa-da, endi uning ketishiga hech kimda shubha qolmadi.

Insayderlarga ko‘ra, klubdagilar allaqachon Gvardiolaning ketishini muqarrar voqea sifatida qabul qilib bo‘lishgan. Go‘yoki «Siti» rahbariyati homiylar va hamkorlarni Pep yaqin vaqtlar ichida klubdan ketishini rasman e’lon qilishi haqida xabardor qilgan.

Ayrim manbalar Gvardiolaning o‘zi bu ma’lumotni shu vaqtgacha futbolchilardan ham sir saqlab kelgani, dushanba kuni xabar tarqalib ketganidan keyin jamoani yig‘ib, ulardan buni oldinroq aytmagani uchun uzr so‘ragani va ketishini tasdiqlaganini xabar qilmoqda.

«Shaharliklar» bugun tunda APLning 37-turi doirasida safarda «Bornmut»ga qarshi maydonga tushadi. Agar ushbu uchrashuvdan g‘alaba bilan qaytadigan bo‘lsa, jamoada chempionlik uchun imkoniyat saqlanib qoladi. Durang natija ham ayni vaqtda turnir jadvalida 5 ochkolik farq bilan peshqadamlik qilayotgan «Arsenal»ni muddatidan oldin chempionga aylantiradi.

38-tur doirasida «Aston Villa»ga qarshi o‘yin esa «Etihad»da bo‘lib o‘tadi va bu uchrashuv ispaniyalik mutaxassisning jamoa boshqaruvidagi so‘nggi o‘yini bo‘lib qoladi. Agar oxirgi turda «Arsenal» ochko yo‘qotsa va «Siti» bugun va oxirgi turda g‘alaba qozonsa, Gvardiola ketayotganida ham yana bir bor chempionlikka erishishi mumkin bo‘ladi.

Bu ro‘y bermagan taqdirda ham Gvardiola mavsumni sovrinsiz yakunlamayapti. Jamoa bu mavsumda allaqachon Angliya ligasi kubogi va Angliya kubogini qo‘lga kiritgan.

Umuman olganda, Pep jamoadagi 10 yili mobaynida ko‘plab sovrinlarga ega chiqqan.

Mashaqqatli yo‘l

Gvardiola jamoaga 2016 yilda, «Bavariya»dagi bahsli tajribadan keyin kelgandi. Birinchi mavsumini u APLga moslashishga va himoya chizig‘idagi muammolarni bartaraf etishga sarfladi. Ikkinchi mavsumida esa barchasi o‘xshadi – «Siti» Gvardiola bilan «sovrinlarni supurib olish»ga kirishdi. 10 yil ichida Pep 6 bor Angliya chempioniga aylandi, shundan to‘rttasi qatorasiga chempionlik bo‘ldi (shu vaqtgacha faqat uch marta chempionlikni raqiblarga boy berdi – birinchi mavsumda «Chelsi» chempion bo‘lgandi, keyin «Liverpul» Klopp va Arne Slot boshqaruvida bir martadan birinchi bo‘ldi. Bu mavsumda esa oltin medallar «Arsenal»ga ketishi mumkin).

YeChLda esa barchasi qiyin kechdi. Ispaniyalik murabbiy jamoasi asosiy yevrokubokni yettinchi urinishda zabt etdi. 2022/23 yillar mavsumi finalida Pep shogirdlari «Inter»ni mag‘lub etdi (1:0).

Undan ikki yil oldin ham jamoa finalga chiqqandi, ammo o‘shanda «shaharliklar» «Chelsi»ga yutqazishgandi (0:1).

Shuningdek, uning hisobida 5 ta Angliya ligasi kubogi, 3 tadan Angliya Kubogi va Angliya Superkubogi bor. Bundan tashqari, «Siti» Gvardiola rahbarligida UYeFA Superkubogi va klublar o‘rtasidagi jahon chempionatida g‘olib chiqqan. Gvardiola tufayli «Siti» ikki marta treblga (biri milliy miqyosda) erishgan.

● Pep – Angliya chempioni unvonini qatorasiga to‘rt bor qo‘lga kiritgan yagona murabbiy (2020-21 – 2023-24).

 ● Faqat u APLda jamoasi bilan bir mavsumda (2017/18) 100 ochko qo‘lga kiritgan.

● 2017/18 yillar mavsumida uning boshqaruvida «Siti» APL uchun rekord darajadagi 106 ta gol urgan. 

● Gvardiola APLda 29 ta o‘yinda kamida 5 ta to‘p farqi bilan g‘alaba qozongan, bunday ko‘rsatkich faqat Aleks Fergyusonda bor.

● Gvardiola har o‘yinda qo‘lga kiritilgan o‘rtacha ochko (2,29) va o‘yinlarining eng ko‘p qismini g‘alaba bilan yakunlash (71,2 foiz) bo‘yicha APL tarixidagi eng yaxshi ko‘rsatkichga ega.

Uning o‘rniga keladigan murabbiylarga endi shu planka bo‘yicha baho beriladi. Uning natijalarini takrorlash esa endi deyarli imkonsiz.

Keyingisi kim?

Italiyalik jurnalist Alfredo Pedulla birinchi bo‘lib Enso Mareska Pepning o‘rnini egallashi haqida xabar tarqatdi. Mavsum yarmida «Chelsi» bosh murabbiyligidan iste’foga chiqarilgan ushbu mutaxassis shu kunlarda yangi bosh murabbiy qidirayotgan «Napoli»ning taklifini rad etgandi.

Keyinroq The Athletic aynan Mareska «Siti»ning keyingi bosh murabbiyi bo‘lishini e’lon qildi. Tomonlar allaqachon uch yillik shartnoma bo‘yicha kelishib olgani aytilmoqda.

Enso o‘z vaqtida Pep shtabida ishlagandi va undan ko‘p narsa o‘rgangani tayin. Ayrim xabarlarda Pepning o‘zi o‘rniga aynan uni tavsiya qilgani aytilmqoda.

Daily Mail nashri Pepning boshqa bir shogirdi, hozirda «Bavariya»ni boshqarayotgan Vensan Kompani ham nomzodlar qatorida ekanini xabar qilgan. Ammo belgiyalik mutaxassisning nemislar klubi bilan shartnomasi bor va uning Angliyaga qaytishi ehtimoli juda kam.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid