Jahon | 10:04
1223
6 daqiqa o‘qiladi

Rossiya iqtisodiyotida qisqarish. Prognozlar ham ijobiy emas

2026 yil 1-choragida Rossiya yalpi ichki mahsuloti o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 0,2 foizga qisqardi. Bir necha kun oldin hukumat joriy yilgi o‘sish prognozini 1,3 foizdan 0,4 foizgacha pasaytirgan edi. Bu – o‘tgan yilgi 1 foizlik o‘sishdan ham pastroq. “Geosiyosat” dasturida tahlilchilar Abduvali Soyibnazarov va Shuhrat Rasul buning sabablari haqida so‘z yuritdi.

Rossiya hukumati nega iqtisodiy o‘sish prognozini uch barobarga tushirdi?

Abduvali Soyibnazarov: Avvalo, asosiy sabab sifatida G‘arb sanksiyalari va eksport cheklovlarini ko‘rsatish mumkin. 2022 yilgacha Rossiya asosan Yevropa Ittifoqi davlatlari bilan yirik savdo aloqalariga ega edi hamda neft-gaz eksportining katta qismini yuqori bozor narxlarida aynan Yevropaga sotib kelgan.

Hozir esa Rossiya eksport yo‘nalishlarini Osiyo va qisman Afrika davlatlariga burishga majbur bo‘ldi. Bugungi kunda uning asosiy hamkorlari orasida Xitoy, Hindiston, Vetnam va boshqa ayrim davlatlar bor. Biroq Rossiya endilikda energiya resurslarini avvalgidek yuqori va qulay narxlarda sota olmayapti. Natijada eksportdan olinayotgan foyda ham sezilarli darajada kamaygan.

Bundan tashqari, texnologik importga qo‘yilgan cheklovlar uzoq muddatli iqtisodiy o‘sishni sekinlashtirmoqda. G‘arb tomonidan joriy etilgan ko‘plab sanksiya paketlari Rossiya iqtisodiyotiga bosqichma-bosqich ta’sir ko‘rsatmoqda.

Yana bir muhim omil – yuqori foiz stavkalari. Inflatsiyani jilovlash maqsadida Rossiya Markaziy banki qayta moliyalash stavkasini yuqori darajada ushlab turibdi. Bu esa biznes uchun kreditlarni qimmatlashtiradi va iqtisodiy faollikning pasayishiga olib keladi.

Tadbirkorlar uchun investitsiya qilish va ishlab chiqarishni kengaytirish tobora murakkablashmoqda. Shuningdek, mamlakatda malakali ishchi kuchi taqchilligi ham kuchaygan. 2022–2023 yillardagi harbiy safarbarlik davrida ko‘plab yuqori malakali mutaxassislar, ayniqsa IT sohasi vakillari xorijga chiqib ketdi. Bu holat Rossiyaning texnologik va iqtisodiy salohiyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Umuman olganda, sanksiyalar, eksport daromadlarining qisqarishi, yuqori foiz stavkalari va malakali kadrlar oqimi Rossiya iqtisodiy o‘sish prognozining keskin pasayishiga sabab bo‘layotgan asosiy omillar hisoblanadi.

Shuhrat Rasul: Aslida 1,3–1,4 foizlik iqtisodiy o‘sishning o‘zi ham makroiqtisodiyot nuqtayi nazardan juda past ko‘rsatkich hisoblanadi. Ayrim iqtisodchilar bunday o‘sishni real rivojlanish emas, balki statistik xatolik darajasidagi ko‘rsatkich sifatida baholaydi. Ya’ni 1 foiz atrofidagi o‘sish iqtisodiyotda sezilarli ijobiy o‘zgarish borligini anglatmaydi.

Bundan ham muhimroq masala – Rossiya budjeti bilan bog‘liq vaziyatdir. 2026 yil yakuniga qadar budjet kamomadi 3,8 trillion rubl bo‘lishi prognoz qilingan edi. Biroq yilning birinchi choragi yakunidayoq bu ko‘rsatkich qariyb 5,9 trillion rublga yetdi. Dollar hisobida bu taxminan 90 milliard dollarga teng.

Ya’ni hukumat bir yil uchun rejalashtirgan defitsit hajmi birinchi chorakning o‘zidayoq deyarli ikki barobarga oshib ketmoqda. Oldinda esa yana uch chorak bor. Agar shu tendensiya davom etsa, yil yakuniga kelib budjet kamomadi 20 trillion rubldan oshishi mumkin. Bu esa Rossiya moliyaviy tizimi uchun jiddiy xavf tug‘diradi.

Vaziyatni qisman yumshatishi mumkin bo‘lgan asosiy omillardan biri – neft narxining keskin oshishidir. Agar Yaqin Sharqdagi keskinlik, xususan Eron, AQSh va Isroil o‘rtasidagi qarama-qarshilik davom etsa, neft narxi yuqorilashi mumkin. Biroq ko‘pchilik energetika bozori tahlilchilari barrel narxi 200 dollardan oshish ehtimolini juda past deb baholamoqda. So‘nggi voqealar ham buni tasdiqlayapti.

Ayrim ekspertlar narxlar 120 dollargacha ko‘tarilishi mumkinligini taxmin qilgan edi, ammo amalda narx qisqa muddat 114 dollargacha chiqib, yana pasaydi. Demak, bozorda hozircha keskin va uzoq muddatli sakrash kuzatilmayapti.

Shu bilan birga, AQSh, Xitoy va Yaponiya kabi davlatlarning strategik neft zaxiralari kamayib bormoqda. AQSh narxlarning keskin oshib ketishini jilovlash uchun zaxiralarining bir qismini bozorga chiqardi. Xitoy va Yaponiyada ham zaxiralar qisqarmoqda. Ammo mojaro boshlanganiga qariyb 70 kun bo‘lganiga qaramay, strategik zaxiralarning kamayishi hali kritik darajaga yetgani yo‘q.

AQSh va Eron uzoq muddatli urush olib borish imkoniyati cheklangan. Eron ichki iqtisodiy bosim va oziq-ovqat muammolariga duch kelmoqda. AQShda esa uzoq davom etadigan urush siyosiy va iqtisodiy jihatdan ma’qul emas.

Shu sababli Donald Trampning uzoq muddatli harbiy mojaroni davom ettirishdan ko‘ra, siyosiy natijani “g‘alaba” sifatida ko‘rsatib, keyinchalik keskinlikni kamaytirishga harakat qilishi ehtimoli yuqori deb baholanmoqda. Natijada neft narxining uzoq muddat 200 dollardan yuqori darajada qolish ehtimoli hozircha juda past ko‘rinmoqda.

Suhbatni YouTube’dagi “Geosiyosatkunuz” kanalida to‘liq tomosha qilishingiz mumkin.

Нормуҳаммадали Абдураҳмонов
Muallif Нормуҳаммадали Абдураҳмонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid